Ayrim paytlarda teng aloqadagi bir necha so‘z ham butunicha yoki bo‘lak-bo‘lak ravishda ega bo‘lib kelishi mumkin: Otam bilan akam bozorga ketishdi.
Ba'zan ega chiqish kelishigidagi so‘zlar bilan ham ifodalanishi mumkin. Bunday paytlarda haqiqiy ega tushirilgan bo‘lib, undan oldin kelayotgan chiqish kelishigidagi so‘z ega vazifasini ifodalaydigan bo‘lib qoladi: Unda ham bu kitoblardan bor. Bu gapdagi haqiqiy egani tiklash mumkin: Unda ham bu kitoblardan biri bor.
Fe’l kesim. Turli fe’l shakllari bilan ifodalanadigan kesim fe’l kesim deb yuritiladi: Yo‘l chetida zarg‘aldoqlar sayraydi. (P.Q.). O‘rik qiyg‘os gullaganda, birdan havo sovib, laylakqor yog‘ib berdi. (P.Q.).