Baholash. Aksiologiyaning asosiy kategoriyalari qatoriga qadriyat bilan bir qatorda hajman juda keng tushuncha – «baholash» ham kiradi. Baholash – buyumning inson faoliyati, uning ehtiyojlarini qondirish uchun ahamiyatini anglab etish vositasi. Baholash sub’ektning o‘z hayoti va faoliyati uchun hodisalarning ijtimoiy ahamiyatini aniqlashidir. U insonga hodisalar dunyosida mo‘ljal olish imkonini beradi, uning faoliyatini yo‘lga soladi. Baholash universaldir: u sezgilar va aql-idrok darajasida, emotsiyalar va tuyg‘ular, tasavvurlar, idroklar, mulohazalar, mayllar, istaklar, intilishlar, afzalliklar va, albatta, faoliyat ko‘rinishida ro‘yobga chiqib, inson hayot faoliyatining barcha turlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Aksiologiyaning predmetini barcha turdagi qadriyatlar, ularning tabiati, turli qadriyatlarning bir-biri, ijtimoiy va madaniy omillar hamda shaxs strukturasi bilan aloqasi tashkil etadi. Aksiologiya ta’limotiga ko‘ra, qadriyatlar muayyan normativ kategoriya bo‘lib, ular maqsad, ideal, mayl, intilish, qiziqish predmeti sanalgan hamma narsani qamrab oladi. Quyidagilar bu nazariyaning asosiy tushunchalari va kategoriyalari hisoblanadi: yaxshilik, qadr-qimmat, foyda, ahamiyat, baho, g‘alaba, hayotning mazmuni, baxt, hurmat va h.k.
QADRIYATLARNING TURLARI. Ijtimoiy hayotning asosiy sohalariga muvofiq odatda qadriyatlarning uch guruhi farqlanadi: moddiy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar va ma’naviy qadriyatlar.
Moddiy qadriyatlar – Moddiy qadriyatlar jumlasiga inson mehnati natijasida yaratilgan moddiy dunyo predmetlari, Shuningdek o‘tmish madaniy merosi predmetlari kiradi. Moddiy qadriyatlar – bu tabiiy ne’matlar, mehnat mahsullarining iste’mol qiymati, ijtimoiy hodisalarda mujassamlashgan ijtimoiy ne’matlar, tarixiy voqealar, madaniy meros, axloqiy ezgulik, go‘zalik mezonlarigani qanoatlantiruvchi estetik hodisalar, diniy ibodat predmetlari yoki o‘zining muayyan ramziy ifodasini topgan diniy g‘oyalar va sh.k. Moddiy qadriyatlar ongda emas, balki odamlar hayot faoliyatida amal qiluvchi muayyan narsalar, hodisalar dunyosida mavjud bo‘ladi.