Estetika nazariyasi


NAFOSAT FALSAFASI VA SEMIOTIKA



Yüklə 88,16 Kb.
səhifə28/43
tarix29.03.2023
ölçüsü88,16 Kb.
#91022
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   43
4-Mavzu (1)

NAFOSAT FALSAFASI VA SEMIOTIKA. Nafosat falsafasi semiotika–belgilar va belgilar tizimi haqidagi fan bilan ham aloqador. Chunki san’at asari belgilar orqali namoyon bo’ladi. Masalan, harflar, notalar v.h. Boshqacharoq qilib aytganda, bilish va baholash faoliyati natijalarini, ya’ni semantik va pragmatik axborotni o’zida mujassam qilgan san’at asari o’sha axborotni etkazib berishga ham mo’ljallangan. Ana shu san’atning belgi bilan bog’liq tomonini, kommunikativ-vositachilik jihatini semiotika o’rganadi. Ayni paytda, nafosat falsafisida tuzilmali-semiotik nafosatshunoslik deb ataladigan nazariya ham mavjud. Unda san’at maxsus til yoki belgilar tizimi, alohida san’at asari esa ana shu tizim belgisi yoki o’sha tizim belgilarining izchilligi sifatida olib qaraladi. Zero bunda belgi san’at asarini idrok etuvchiga uni etkazib beruvchi hodisa tarzida o’rganiladi.
Bundan tashqari, nafosat falsafasi kibernetika, ekologiya va, yuqorida aytib o’tganimizdek, barcha san’atshunoslik fanlari bilan ham yaqin aloqadorlikda ish olib boradi. Chunonchi har bir san’at turining «o’z estetikasi» mavjud: so’z san’ati estetikasi, teatr estetikasi, musiqa estetikasi v.h.
GO‘ZALLIK - NAFOSAT FALSAFASINING MARKAZIY KATEGORIYASI
Har bir fan o‘z maqomiga ko‘ra muayyan tadqiqot faoliyat sohasi bo‘lib, bu faoliyat tabiat, jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga qonun va kategoriyalar asosida olamni yangidan idrok etishga qaratilgan bo‘ladi. Nafosat falsafasi ham o‘zining qonun va kategoriyalariga ega. Nafosat falsafasi kategoriyalari (go‘zallik, xu­nuklik, ulug‘vorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik va h.k.) inson va tabiat, inson va jamiyat, inson va ijtimoiy borliq bilan doimo hamkorlikda vujudga keladi.
«Go‘zallik»ning tugal ilmiy ta’rifi haqida biror-bir qat’iy fikr mavjud emas. Biroq, go‘zallikning idrok etilishi, tabiatda namoyon bo‘lishi, san’atda aks etishi hamda uning jamiyat rivojiga ta’siri haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan g‘oyalar, yaratilgan ta’limotlar o‘zining salmog‘i bilan ahamiyatlidir. Inson va uning ruhiy-jismoniy, axloqiy-estetik faoliyati, tabiat va undagi hodisalar, jamiyat va unda ro‘y berayotgan ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-iqtisodiy jarayonlar go‘zallikka yondoshuvning tarixan tarkib topgan asosiy obektlaridir.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, go‘zallik haqidagi qarashlar va nazariyalar markaziga «Go‘zallik nima?» degan savol qo‘yiladi-yu, ammo ularning aksariyatida «Nima go‘zal?» degan savolga javobni ko‘ramiz. Bu borada «Go‘zallik bu g‘oyalardan iborat g‘oyaning g‘oyasi» (Aflotun), «Go‘zallik-bu turli musiqalar, yaxshi xulq-atvorga to‘g‘ri keladigan, odamlar erishishga havas qiladigan narsalardir» (Abu Nasr Forobiy), «Har qanday go‘zallik, go‘zallikni anglay olgan muhabbat ob’ektidir» (Abu Homid G‘azzoliy), «Go‘zallikka muhabbat qo‘yishning asosida ham aql, ham hissiyot yotadi» (Ibn Sino), «Go‘zallik barcha tillarda vasf etiladi va har qanday aqlga xush keladi» (Umar Hayyom), «Go‘­zallik bu hayotdir» (N.G.Chernishevskiy), «Go‘zallik hissi, yoqimlilik tuyg‘usiga bog‘liq holda, odamlarning birlashuviga, ularda ijtimoiy-ahloqiy fazilatlarning shakllanishiga olib keladi» (E.Byork), «Go‘zallik manfaatsiz maftunlikning, muhabbatning ob’ekti» (I.Kant), «Go‘zallik-hodisaga aylangan erkinlik» (F. SHiller), «To bizga taalluqli emas ekan, hamma narsa go‘zal» (A. Shopenhauer), «Go‘zallik Xudo-san’atkor tomonidan yaratilgan illyuziya-xayolotdir» (F. Nitsshe), «Qaerdaki modda nurafshon bo‘lsa, o‘sha erda go‘zallik hodisasini uchratish mumkin: modda va nurning uzviy omuxtaligi-hayotdir» (Vl.Solovyov) va shu kabi fikrlar go‘zallikka turlicha yondoshuv natijasida yuzaga kelgan.
Odatda, go‘zallik ikki omil asosida yuzaga keladi. Bular: inson tafakkuri va mehnatining mahsuli natijasida yaratiladigan go‘zallik; inson tafakkuridan tashqarida, insonga bog‘liq bo‘lmagan xolda yuzaga keladigan go‘zallik. Birinchisida aql, ruh va xissiyot ustuvor bo‘lsa, ikkinchisida makon va zamon salmoqli o‘rinni egallaydi.
Nafosat falsafasi go‘zallikka bilishning mahsuli sifatida. Chunki, voqelikdagi har qanday narsa-hodisaning go‘zalligi uning ishonchlilik, haqqoniylik va realligi bilan belgilanadi. Zero inson nazari tushgan go‘zallikkina qadriyatga aylanadi. Bundan tashqari, inson go‘zallik haqidagi dastlabki ma’lumotni 5 ta sezgining eng rivojlangan turi bo‘lmish ko‘rish sezgisi orqali o‘zlashtiradi, undan so‘ng eshitish, ta’m bilish, hid bilish va tana sezgisi natijasida go‘zallik anglanadi hamda his etiladi. Masalan, xarid qilmoqchi bo‘lgan kiyimingizni, iste’mol qilmoqchi bo‘lgan taomni, turmushingiz uchun zarur bo‘ladigan jihozni avvalo ko‘rasiz, o‘rganasiz, tomosha qilasiz, so‘ngra sifatiga, qulayligiga ishonch hosil qilganingizdan keyin ehtiyojingiz uchun ishlatasiz... Shunday ekan, go‘zallik xususiyatlarining namoyon bo‘lishida sezgilarning alohida ahamiyatga ega ekanligini e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Shuningdek, go‘zallik haqidagi qarashlar tahlili shundan dalolat beradiki, mazkur besh sezgi ham go‘zallikni to‘laqonli aks ettirish uchun etarli emas.
Go‘zallikning namoyon bo‘lishi va his etishda shartli ravishda quyidagi go‘zallik unsurlarini ko‘rsatish mumkin: me’yor, maqsadga muvofiqlik, tartiblilik, uyg‘unlik, hamoxanglik, moslik, yaxlitlik, birlik, mutanosiblik, tenglik. Mazkur tushunchalar narsa-hodisalarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Masalan, bahor faslining go‘zalligi tabiatning uyg‘onishi, ko‘klamning yuz ochishi bilan belgilansada, undagi muhim unsur moslik tushunchasi bilan, ya’ni faslning inson manfaati va ehtiyojiga mosligi - kunlarning isishi, atrofga yoqimli hidlarning taralishi, bahoriy gullarning unib chiqishi va hokazolar bilan ifodalanadi. Qish ham qahraton sovug‘i, oppoq qori bilan o‘ziga xos go‘zal fasl, biroq uning sovug‘i va qori bahorning go‘zalligiga zarar etkazadi.
Go‘zallik sifatlari tug‘yoniylik, maftunkorlik, foydalilik, mo‘‘jizaviylik singari tushunchalar orqali izohlanadi. Go‘zallikning xususiyatlari esa qulaylik, manfaatdorlik, yoqimlilik, chiroylilik tushunchalari bilan belgilanadi. Unsurlar, sifatlar va xususiyatlar uyg‘un bo‘lgan narsa-hodisalargina chinakam go‘zallikni aks ettirishi mumkin. Zero, chiroyli narsaning sifati bizning manfaatimiz uchun hamoxang bo‘lmasa yoki bizning maqsadlarimizga mos kelmasa u har qancha maftunkor bo‘lmasin go‘zallik sifatida baxolanmaydi.
Shu o‘rinda go‘zallik tushunchasi «chiroyli», «ko‘rkam», «nafis», «jozibador», «maftunkor», «latofatli» kabi tushunchalarga nisbatan keng qamrovli va ustuvor ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, go‘zallik bilan kundalik turmushimizda tez-tez tilga olinadigan «chiroylilik» tushunchasi orasida muayyan tafovutlar mavjud.

Yüklə 88,16 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin