QADRIYAT KATEGORIYASINING MAZMUNI. Qadriyatlar nazariyasi falsafiy bilimlarning ilmiy tizimi sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida Vilgelm Vindelband, Rudolf Lotse, German Kogen, Genrix Rikkert kabi nemis faylasuflarining asarlarida shakllana boshladi. Ayni Shu davrda R. Lotse va G.Kogen ob’ekt ma’nosidagi qadriyat tushunchasiga ilk bor falsafiy ta’rif berdi.
Q.Nazarov inson qadri haqida fikr yuritar ekan, “Qarilik iborasini insonga nisbatan biologik ma’noda ishlatish mumkin, ammo bu tushunchani inson qadriga va qadriyatlariga nisbatan ishlatish nojoiz. Zero, qarilik qadrsizlanish bo‘lmagani kabi yoshlik ham beqadrlik degani emas”13 deb ta’kidlaydi. Binobarin o‘z shaxsi va boshqalarning qadrini anglash uchun insonning ma’naviy dunyosi ezgulikka xizmat qilishi, yuksak ijtimoiy sifatlarga ega bo‘lishi, uning o‘zi esa hayotning bebaho ne’mat ekanligini anglaydigan darajada tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim.
Qadriyat voqelikning, ya’ni tabiat, jamiyat yoki madaniyat hodisalarining xossasi, degan fikrga qo‘shilsak, haqiqat va qadriyatning ayniylashtirilishi muqarrardir. Ammo aksiologiyaning: «Baxt-saodat nima?», degan asosiy masalasini birinchi bo‘lib ta’riflagan Suqrot haqiqat va qadriyat o‘rtasida jiddiy farqlarni ko‘rsatib bergan. Bilim baxt-saodatga erishishning muhim sharti, lekin u mazkur qadriyatga erishishning birdan-bir sharti emas. Bu hol shu bilan izohlanadiki, tabiat va jamiyat predmetlari va hodisalari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ularni anglab etish yo amalda nima mavjudligi haqidagi bilim shaklida, yo bu borliq qanday bo‘lishi lozimligi, inson tabiatga va boshqa odamlarga nisbatan o‘zini qanday tutishi kerakligi haqidagi tasavvur ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin. Birinchi holda predmet haqidagi bilim uning haqiqiyligi yoki soxtaligi nuqtai nazaridan, ikkinchi holda – predmetning qimmati, ya’ni uning inson uchun ahamiyati nuqtai nazaridan tavsiflanadi. Aksiologiya – falsafaning qadriyatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘limi (yunon. axios - qadriyatlar, logos – bilim: qadriyatlar haqidagi fan). XX asrning boshida fransuz faylasufi P.Lapi qadriyatlar nazariyasini ifodalash uchun «aksiologiya» atamasini muomalaga kiritdi.