Individuallik borlig‘i. Nima uchun bilish jarayonida insonning ichki dunyosi doim birinchi o‘rinda turadi? Nima uchun inson borlig‘i narsalar borlig‘ini tushunishda aksariyat mualliflarga tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi? Bu savollarga javobni qisman fransuz faylasufi A.Bergson (1859-1941)ning quyidagi so‘zlaridan topish mumkin: «Mavjud barcha narsalar orasida eng ishonchlisi va bizga ko‘proq ma'lum bo‘lgani, hyech shubhasiz, bizning o‘z mavjudligimizdir, zero bizda boshqa narsalar haqida mavjud tushunchalarni sirtqi va yuzaki deb hisoblash mumkin, holbuki o‘z-o‘zini bilish ichki, teran bilishdir»101[101].
Odamlar asrlar osha o‘zlariga o‘zlari nazar tashlab, o‘z ichki dunyosini tahlil qilish va o‘z mohiyatini tushunishga urinish yo‘li bilan ba'zi bir shak-shubhasiz tamoyillarni aniqlaganlar. Ular orasida inson tana va ruhning uzviy birligidir degan tamoyil, birinchi o‘rinda turadi. Zero bu inson mavjudligining mutlaq va zaruriy omilidir. Ayni vaqtda bu birlikning yo‘qolishi, uning uzilishi muayyan individning o‘limini, u fikrlovchi jonzot sifatida borliqdan yo‘qlikka o‘tishini anglatadi. Bunda tana tabiiy-jismoniy tuzilma sifatida inson o‘limidan keyin ham ma'lum vaqt mavjud bo‘ladi, ya'ni o‘z borlig‘ini muayyan darajada saqlaydi. Ammo borliq ma'nosidagi individual ruh, ongdan asar ham qolmaydi. Mohiyat e'tibori bilan ularning yo‘qolishi muayyan insonning o‘limini, individuallik yo‘q bo‘lganini anglatadi.
Inson borlig‘ida ongning tabiati. Ong inson borlig‘ining eng muhim omilidir.Ong muammosini yechishga nisbatan yangicha yondashuvlar hozirgi zamon falsafasining irratsionalistik oqimlariga (lot. Irra Ongning tabiati.) mansub. Ong muammosi o‘ta murakkab muammolardan biri bo‘lib, falsafada doim qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Bu bahs va munozaralar hozir ham tugagani yo‘q.
Ongning tabiati shunday: u hissiy idrok etiladigan ob'ektiv borliqni tushunish va aks ettirish uchun biz yuqorida foydalangan aksariyat ko‘rsatkichlar va tavsiflarga mos kelmaydi. Ongni o‘lchash, biron-bir tarzda miqdoriy ifodalash, sezish yoki kuzatish mumkin emas, zero uning massasi ham, energiyasi ham yo‘q, shuningdek u moddiy ob'ektlar kabi muayyan shakl-shamoyilga ham ega emas.
Ong shak-shubhasiz mavjud, ammo u mavhum bo‘lib, balki bilvosita – odamlar tili va muayyan faoliyati orqali namoyon bo‘ladi. Binobarin, inson borlig‘ining bu elementlarini tahlil qilmasdan ongning mohiyatini aniqlash mumkin emas. Mazkur tahlil ongning biologik jihatini ham o‘z ichiga oladi, zero uning mavjudligi inson bosh miyasi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Shu sababli ongning tabiati nafaqat falsafada, balki fiziologiya, psixologiya, sotsiologiya, kibernetika, informatika va boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlarda ham o‘rganiladi.
Ayni vaqtda mazkur muammo o‘ta murakkabligi tufayli uning falsafiy talqini ayrim fanlar uchun muhim metodologik rol o‘ynaydi. Ularning natijalari esa, o‘z navbatida, ongning tabiati xususidagi falsafiy mulohazalar uchun asos bo‘ladi. Ongning tabiati masalasining qo‘yilishi va unga berilgan tegishli javob, odatda, barcha keyingi falsafiy, chunonchi: ontologik, gnoseologik, ijtimoiy va boshqa mavzulardagi mulohazalarning yo‘nalishini belgilaydi.