Jamiyatning vujudga kelishi. Kishilarni oila bo‘lib, jamoa bo‘lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug‘ mutafakkirlar e’tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish — uni ilohiy kuch, xudo bilan bog‘lab izohlashdir.
Dunyoviy qarashlarga ko‘ra, odamlar o‘zlarining moddiy va ma’naviy extiyojlarini qondirish uchun birgalikda yashashga, jamoa bo‘lib birlashishga ko‘nikkan. Kishilar hayotiy tajriba, aql va tafakkur tufayli jamiyat bo‘lib yashashning qulay, afzal va zarurligini tushungan. Bu jarayonda o‘zaro munosabatlarga kirishgan kishilar ana shu munosabatlarni takomillashtirish, yanada rivojlantirish orqali ma’naviy kamolotga erishgan. Bu kishilarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini bergan.
Ijtimoiy munosabatlarning amal qilish jarayonida odamlarni uyushtirishning tarixiy shakllari — oila, davlat, jamoa (qishloq, shahar) vujudga kelgan. Odamlar o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, mafkuraviy kabi munosabatlarning barchasi bir so‘z bilan ijtimoiy munosabatlar deyiladi. Ijtimoiy uyushmalar kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qoldirishga yordam beradi. Ular mohiyatan inson va jamiyat mavjudligining zarur sharti hisoblanadi. Masalan, oila, davlat, ta’lim-tarbiya, mahalla, Vatan kabi qadriyatlarsiz inson va jamiyat o‘z mohiyatini yo‘qotadi.Mamlakatimizda ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berilayotganining sababi ham ana shunda. Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayoti kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq holda vujudga keldi.
Jamiyatning moddiy hayotiga quyidagilar kiradi:
- kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy shart-sharoitlar;
- oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg‘i, kommunikasiya vositalari;
- moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish;
- ishlab chiqarish jarayonida kishilar o‘rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui;
- moddiy boyliklar, tabiiy zaxiralar.