Tayanch so‘z va iboralar: Jamiyat, ijtimoiy falsafa, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy uyushma, davlat, sivilizatsiya, madaniyat, taraqqiyot, milliy davlatchilik, fuqarolik jamiyati, nodavlat tashkilotlar, oila, mehnat, iqtisodiy kichik tizim, ijtimoiy ishlab chiqarish, moddiy ishlab chiqarish, mulk, ma’naviy kichik tizim, axborot va kommunikasiya, individual va ijtimoiy ong, ijtimoiy psixologiya, mafkura, ijtimoiy kichik tizim, katta ijtimoiy guruhlar, etnik birliklar, institutlar, hududiy guruhlar, ijtimoiy makon, siyosat, madaniy universaliyalar, qadriyat, falsafiy antropologiya, inson, hayot, kosmosentrizm, teosentrizm, sotsiosentrizm, antroposentrizm, biosferosentrizm, ekzistensializm, insonnning bioijtimoiy mohiyati, insonni tushunishda dualism va monizm, insonning mohiyati, hayotning mazmuni, hayotni tark etish, insonning vazifasi.
Jamiyat falsafasi
Jamiyat nima? Insoniyat azal-azaldan jamoa bo‘lib yashaydi. Yer sayyorasi uning abadiy makoni, umumiy Vatanidir. Quyosh tizimidagi ana shu mitti sayyorada yashayotgan odamlar oilasini jamiyat deb atash odat tusiga kirgan. Demak, umumbashariy ma’noda jamiyat odamzodning umri, hayoti o‘tgan hamma davri, joy va hududi bilan bog‘liq barcha o‘zgarish va jarayonlarni ifoda etadi. Shu bilan birga, biror davlat hududidagi odamlar hayoti, sivilizasiyaning muayyan davrlaridagi turmushga nisbatan ham ushbu tushuncha qo‘llanadi. Har qanday holda ham, u umumiy tushuncha bo‘lib, ayrim odam va alohida shaxs jamiyat a’zosi deb ataladi.
Jamiyat — tabiatning bir qismi, ya’ni ijtimoiy borliq bo‘lib, odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan juda ko‘plab munosabatlar yig‘indisi, degan turlicha ta’riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda rivojlanuvchi, takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keladi. Milliy mustaqillik tufayli jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish ehtiyoji paydo bo‘ldi.
Jamiyat moddiy va ma’naviy omillar birligidan iborat. Hozirga qadar adabiyotlarda moddiy va ma’naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar edi. Moddiy hayot tadqiqiga ko‘proq e’tibor berilar. Holbuki, jamiyatning tub mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy bog‘liq. Xuddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo‘lmagani singari, jamiyatning moddiy va ma’naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘yish mantiqqa ziddir. Inson ma’naviyatini yuksaltirish orqaligina iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkin. Shuning uchun ham hozirgi davrda aholi ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy g‘oya va mafkura asoslarini shakllantirishga katta e’tibor berilyapti. Zero, kishilar iqtisodiy jihatdan qashshoq bo‘lgani uchun ilmsiz bo‘lmaydi, balki, aksincha — ilmsiz bo‘lgani uchun qashshoq bo‘ladi. Shuning uchun yurtimizda xalq ma’naviyatini yuksaltirish orqali iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga katta e’tibor berilyapti.
Dostları ilə paylaş: |