Empedokl (er.av.490-430y.) o‘z falsafiy qarashida narsalarni tashkil etgan elementlar va ulardan hosil bo‘lgan narsalarni harakatda, deb qaragan. U bu harkatlarning sababi, «dushmanlik» va «do‘stlik», ishq-muhabbat va rashk, raqiblik kabi qarama-qarshi kuchlardir, deydi. Empedokl qarama-qarshi kuchlar tortish, birikish, qo‘shilish do‘stlik, muhabbat, sevgi tufayli sodir bo‘lsa; itarilish, ajralish, raqiblik, yomon ko‘rish, nifoqlik, dushmanlik tufayli vujudga keladi, deb xulosa chiqaradi.
Xullas, qadimgi yunon faylasuflari ayni vaqtda tabiatshunoslar ham bo‘lishgan. Ularning kosmogonik ta’limotlari keyingi davr astronomik bilimlarning rivojlanishi, XX asr kosmanavtikasi uchun ilk zamin bo‘ldi.
Er.av. V-IV asrlarda, xususan, V asrning 40-30 yillarida qadimgi Yunoniston o‘zining eng gullagan davriga kiradi. Bu davrda matematika, astronomiya, arxitekturaga oid bilimlar kuchli rivojlanib, qadimgi yunon falsafasining buyuk namoyandalari yetishib chiqadi. Yunon materialistik falsafiy yo‘nalishining yirik vakillari Levkipp va Demokrit maktablari shakllanib, ravnaq topadi. Bu asrlar orasida dastlab Suqrot va Aflotun, sal keyin Arastu yashab ijod qildi.
Levkipp (er.av.500-440y.) olam bo‘linmaydigan mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan zarralar va bo‘shliqdan iborat, degan qarashni ilgari suradi. U olamdagi narsa-hodisalarning hammasi atomlarning birikuvidan paydo bo‘ladi, ob’ektiv zaruriyatdan kelib chiqadi, deydi. Levkippning bu qarashlarini rivojlantirib, uni yuqori pog‘onaga ko‘targan Abderlik Demokrit (er.av.460-370y.) edi. U «birinchi yunon ensiklopedik aql egasi» sifatida atomistik nazariyani ishlab chiqdi. Demokritning bu nazariyasiga ko‘ra ham, borliqning asosida atomlar va bo‘shliq yotadi, atomlar esa bo‘linmas zarrachalar bo‘lib, bo‘shliqda harakat qiladi. Ularning turli xil qo‘shilishidan turli-tuman narsalar kelib chiqadi, ularning bir-birlaridan ajralishlari tufayli bor narsalar yo‘q bo‘ladi. Abadiy son-sanoqsiz atomlar cheksiz bo‘shliqdagi turli xil joylashuvidan behisob dunyolar paydo bo‘lib, yo‘q bo‘lib turadi. Bu holat tabiiy zaruriyat asosida sodir bo‘ladi. Sababsiz hech bir narcha, hech bir hodisa yo‘q, hamma narsa, hamma hodisa sababli va zaruriydir.Demokritning bilish nazariyasiga ko‘ra, sezish – hissiy bilishning birinchi bosqichi, «qorong‘i bilish»dir. Chin bilish, haqiqatni bilish, insonning aqliy faoliyati orqali yuzaga keladi. Aqliy bilish – eng yuqori, eng chuqur, eng to‘g‘ri bilishdir. Inson bilishda, shubhasiz, hissiy va aqliy bilishni birlikda olib qaraydi.Demokrit shunday yozadi: «Donolik uch holatda: yaxshi fikrlash, yaxshi so‘zlash va yaxshi ishda ko‘rinadi». «Fikrlashga vaqt emas, balki tarbiya va tabiat o‘rgatadi».
Epikur(er.av. 341-270) Epikur Quyosh, Oy tutilishi, ob-havoni oldindan aytish mumkinligi, bulutlarning tashkil topishi, suvning bug‘lanish oqibatida bulutlar paydo bo‘lishi, ya’ni chaqmoq, yashin, siklon – to‘fonlar, Yer qimirlashi sabablari haqida genial farazlar bildiradi.Xullas, Levkipp va Demokritlarning atomistik nazariyasi keyingi davr, ayniqsa, XX asrda fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarning ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Aflotun (er.av.427-347y.) Afina oqsuyak zadoganlaridan bo‘lib, Kratil va Suqrotdan ta’lim oldi. Aflotun falsafiy ta’limoti o‘zining idealistik tizimi, bilish nazariyasi, dialektik metodi, ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan xarakterlanadi. U «Pir», «Fedon», «Teetete», «Davlat», «Parmenid», «Sofist» nomli asar va dialoglarida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy nuqtai nazarlarini bayon qiladi.
Uning idealistik falsafiy tizimida «g‘oyalar dunyo»si va «narsalar dunyosi bor. «G‘oyalar dunyosi» doimiy, o‘zgarmas, haqiqiy, chin dunyodir. «Narsalar dunyosi» esa o‘tkinchi, vaqtincha, o‘zgaruvchan «g‘oyalar dunyosi»ning xira ko‘lankasi, soyasidir. Olamning asosini «g‘oyalar dunyosi» tashkil qiladi.
Aflotunning «Davlat» kitobida hokimiyat, uning shakllari, aholisi, tabaqalarga bo‘linishi to‘g‘risida fikr yuritiladi. U o‘zining «Ideal davlat» utopiyasida jamiyatni uch tabaqaga: 1) hokimlar – faylasuflar; 2) harbiylar, davlat apparati hodimlari; 3) dehqon va hunarmandlarga bo‘ladi.
Aflotun Parakda bog‘ida shogirdlariga dars berishi asnosida Afinada Akademiya tashkil topadi. Aflotunning idealistik falsafiy ta’limoti O‘rta asr sxolastikasiga, Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari tafakkuriga katta ta’sir qilgan.
Qadimgi yunon falsafasining eng so‘nggi buyuk namoyandasi Arastu (er.av.384-322 y.) Stagira shahrida tug‘ilib, 17 yoshida Aflotun akademiyasiga o‘qishga kirib, 20 yil ta’lim oladi. U Aflotun bilan ko‘p masalalarda munozaralar qilib, ustozining falsafiy ta’limotini rad qila boshlaydi. Aflotun vafotidan keyin Arastu Afinada o‘z maktabini tashkil qilib, uni yunon fani va falsafasining markaziga aylantiradi. U qadimgi Yunonistonda barcha ilmlar yutuqlarini egallab, ularni sistemalashtiradi, rivojlantiradi. Hozirgi zamon tabiatshunosligi, jamiyatshunosligi, mantiq fani o‘zining dastlabki taraqqiyoti ibtidosini Arastu ilmiy faoliyatidan olgan. Uning «Fizika», «Matematika», «Jon to‘g‘risida», «Kategoriyalar», «Ikkinchi Analitika», «Topika», «Organon» asarlarida tabiatshunoslik va jamiyatshunoslik, falsafaga oid qarashlari to‘la ifodasini topgan.
Arastu Aflotunning «g‘oyalar dunyosi» to‘g‘risidagi nazariyasiga qat’iy rad qilib: «Bu qanaqasi? Asl – o‘zgarmas, uning aksi, soyasi esa o‘zgaruvchan bo‘lar ekan, bu mantiqqa zid qarash-ku!» deydi. Arastuga ko‘ra, narsalarning asli, mohiyati, substansiyasi shu narsalarning o‘zidadir.
Arastuning «Metafizika» asarida to‘rt xil sabab haqida fikr yuritiladi: 1) moddiy sabab (modda har bir narsaning materiali); 2) shakliy sabab (shakl har bir narsaga qiyofa ato qiladi); 3) yaratuvchi sabab (ota-ona bolaning sababchisi); 4) maqsad. U bu sabablarning har birini tahlil qilib, izohlab beradi: agar modda va shakl «narsalar nimalardan tuzilgan?» degan savolga, yaratuvchi sabab «nima yaratildi?» – degan savolga javob beradi. maqsad «nima uchun?» – degan savolga javob bo‘lib, unda tabiat hodisalarining kelib chiqishi, paydo bo‘lishi ifodalanadi. Arastu bu bilan har bir ijtimoiy hodisada, har bir inson faoliyatida ma’lum maqsad borligini qayd qiladi.
Arastu fikricha, borliqda olti xil harakat, umumiy o‘zgarishlar bor: a) mohiyatdagi o‘zgarishlar: 1) paydo bo‘lish; 2) yo‘q bo‘lish; 3) tor ma’noda o‘zgarishlar; b) bir holatlardan boshqa holatga o‘tish - sifatiy o‘zgarish; 4) ko‘payish; 5) ozayish-miqdoriy o‘zgarish; 6) joy almashuvi, hol o‘zgarishi.
Arastuning bilish nazariyasi uning mantiq haqidagi mulohazalari bilan, falsafiy va mantiqiy kategoriyalarni ta’riflash bilan chambarchas bog‘liq. U kategoriyalarni o‘n guruhga bo‘lib tasnif qildi: 1) mohiyat; 2) miqdor; 3) sifat; 4) munosabat; 5) o‘rin; 6) vaqt; 7) holat; 8) egalik; 9) ta’sirlanish; 10) iztiroblanish. Uning kategoriyalarni bunday guruhlarga ajratishi moddiy dunyoni, tabiatni, jamiyatni, inson ongi va ruhiyatini o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi.
Arastu birinchi bo‘lib formal mantiq qonunlarini ochdi va tafakkurning hamma muhim shakllarini tadqiq qildi.
Arastu Qadimgi yunon falsafasida Geraklitdan keyin dialektikani rivojlantirgan faylasufdir. Uning tabiiy-ilmiy qarashlari bayon qilingan «Fizika», «Osmon haqida», «Meteologiya», «Hayvonlarning kelib chiqishi», «Metafizika», «Etika» asarlarida dialektik fikr ilgari suriladi.
Arastuning kosmos haqidagi ta’limotiga ko‘ra, olamning markazida yer turadi, u sokin holatda mavjuddir. Yerning atrofidagi davralarga – sayyoralar, quyosh va yulduzlar osmonda joylashgan bo‘lib, ular Yerni to‘rt tomondan aylanib turadi. Arastuning ushbu nazariyasini mashhur astronom Ptolomey davom ettirdi va geotsentrik (olamning markazi Yer deyuvchi) nazariya qaror topadi. Astronom Gipparx esa Quyosh, Oy, sayyoralar, yulduzlar katalogini tuzadi. Eratosfen bo‘lsa, Yer sharining aylanma uzunligini o‘lchaydi va h.k. Lekin antik yunon kosmologiyasida geotsentrik nazariya hukmronlik qilgani holda Aristrax Samosskiy Yerning Quyosh hamda o‘z o‘qi atrofida aylanishi haqida o‘z qarashlarini ishlab chiqdi.
Qadimgi yunon falsafasining o‘ziga xos yutuqlaridan biri dialektika dunyoga, borliqqa munosabat, uni tushunish usuli, savol-javob san’ati sifatida, materialistik va idealistik ko‘rinishlarda stixiyali shaklda yuzaga kelganligi tarixiy fakt edi.
Xullas, Arastu o‘z davri ilm-fan, san’at va siyosat sohalarida erishilgan hamma yutuqlarni falsafiy umumlashtirishga muvaffaq bo‘lgan mutafakkir. Uning asarlari antik jamiyatning bilimlari, falsafiy tafakkur tarixining muhim manbai hisoblanadi. Uning falsafiy ta’limotining progressiv jihatlari keyingi davr O‘rta asrlar Sharq, Markaziy Osiyo, Hindiston va Uyg‘onish davri Yevropa xalqlari falsafiy tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Er.av. II-I asrlarga kelib, Yunoniston Rim imperiyasiga qaram bo‘lib qoladi. Antik davrda erishilgan moddiy va ma’naviy boyliklarga endi Rim imperiyasi egalik qila boshladi. Yunon falsafasi ham Rim olimlari tomonidan o‘zlashtirila boshlandi. Yunon faylasuflarining falsafiy nazariyalari Rim mutafakkirlari tomonidan qayta ishlanib, ularni qayta tiklash asosida turli yo‘nalishdagi falsafiy ta’limotlar paydo bo‘ldi. Rimda Lukresiy Tit Kar, eklektik sitseron, neoplatonizm oqimining asoschisi Plotinlar yashab, ijod qiladilar.