Reaksiyalarning bajarilishi. Tigel yoki chinni kosachaga tekshiriladigan eritma solinib, ehtiyotlik bilan quriguncha bug'latiladi, so'ngra quruq qoldiqdan oq «tutun» ajralib chiqishi tugaguncha qizdiriladi. Qiyin parchalanadigan moddalar yuqoriroq haroratgacha qizdiriladi. Biroq, juda yuqori haroratgacha qizdirish natijasida boshqa ionlarning yo'qolishi mumkinligini ham unutmang. Qiyin parchalanadigan quruq tuzlar konsentrlangan xlorid kislota bilan ho'llansa, yengil parchalanadigan ammoniy xlorid hosil bo'ladi. Tigel va undagi quruq modda sovigach, quruq modda bir necha tomchi suvda eritilib, ammoniy ioniga xos reaksiyalar (ishqor yoki Nessler reaktivi) yordamida ammoniyning yo'qligini tekshirib ko'rasiz.
9.5. Litiy kationining reaksiyalari Litiyning xlorid, nitrat va atsetatlari suvda yaxshi eriydi. Uni topish uchun suvda yaxshi eriydigan tuzlardan foydalanish mumkin.
1. Ammoniy yoki kaliy ftorid litiy ioni bilan oq amorf litiy ftorid cho'kmasi hosil qiladi:
LiCl+NH4F →LiF↓+NH4C1
Litiy ftorid cho'kmasi sekin cho'kadi. Bu reaksiya yordamida litiyni aniqlash uchun MeF2 tarkibli cho'kma hosil qiladigan magniy, mis (II), qo'rg'oshin (II) va boshqalar xalaqit beradi, birinchi guruhning qolgan kationlari cho'kma hosil qilmaganligidan litiyni topishga xalaqit bermaydi. Reaksiya pH 9-10 bo'lganda amalga oshiriladi.
2. Kaliy geksatsianoferrat (III)urotropin ishtirokida sarg'ish-qizil rangli cho'kma - Li3[Fe(CN)6]·C6H12N4·4H2Ohosil qiladi. Ammo magniy birikmalari bu reaksiya yordamida litiyni topishga xalaqit beradi.
3. 8-oksixinolin litiy ioni bilan qizil rangli eritma hosil qiladi.
4. Alanga rangining bo'yalishi. Uchuvchan litiy birikmalari rangsiz alangani qirmizi-qizil rangga (juda seziluvchan) bo'yaydi. Aralashmada natriy ioni bo'lganda natriyning sariq rangi litiy rangini niqoblaganligi uchun alanganing sariq rangni o'tkazmaydigan ko'k rangli yoki kobaltli shisha orqali kuzatish talab etiladi.