Xodimlarni tanlash Bozor iqtisodiyoti sharoitida boshqaruv vazifalarining murakkablashuvi korxona
rahbarlaridan xodimlarni to‘g‘ri tanlash, ularni joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash ishlariga
juda katta ma’suliyat bilan yondashishni talab qiladi.
Xodimlarni tanlash – bu ikki tomonlama jarayondir. Bir tomondan korxona da’vogarni ish
bilan ta’minlash yoki ta’minlamaslikni hal qilsa, ikkinchi tomondan da’vogar agar ishga
taklif qilinsa, u bu taklifni qabul qilish kerakmi yoki kerak emasligini hal qiladi.
Bu jarayonda rahbar quyidagi holatlarga e’tiborini qaratmog‘i lozim:
Birinchi navbatda shuni ta’minlamoq kerakki, ishga qabul qilinayotgan xodim muzokaralar
chog‘ida o‘zining bo‘lajak ishining barcha xususiyatlarini tasavvur qilsin, kelgusida
kutilmagan hollarga duch kelmasin. Da’vogarga berilgan baholar va tavsiyalarni tahlil
qilganda, shuningdek, muzokaralar olib borilganda uning topshirilayotgan ishni bajara
olishiga, zarur bo‘lib qolganda kasbiy ma’lumotini oshira bilishiga, texnikaga nisbatan
e’tiboriga, fe’l-atvoriga, halolligi, mulohazaliligi va to‘g‘riligiga; tashabbuskorligi,
talabchanligiga; og‘ir sharoitda o‘zini tutishiga; salomatligi, tashqi ko‘rinishi, vaqtni
taqsimlay bilishiga; xunari va bo‘sh vaqtlaridagi mashg‘ulotlariga diqqat qilish lozim.
Har bir da’vogarga u bilan turmushi to‘g‘risida suhbatlashish va barcha savollarga javob
olish uchun yetarli darajada vaqt ajratish kerak.
Shu bilan birga, ishga qabul qilinayotgan nomzod topshiriladigan ishni bajara olish
qobiliyati bilan bir qatorda, korxonaning boshqa xodimlari bilan chiqishib ketadigan ham
bo‘lishi kerak. Ishga qabul qilingan xodim o‘z xamkasabalariga qo‘shilib ketganda o‘zini
uyidagidek his etishi muhimdir. U burchlarini qanday eplayotganini diqqat bilan kuzatish
va yordam berish, uning yangi joyda o‘zini tutib olishi uchun vaqt kerakligini anglamoq
lozim.
Xodimlarni tanlash va ularga adolatli baho berish boshqarishning eng murakkab qirralaridan
biri hisoblanadi. Xodimlarni tanlash uslubi qanchalik to‘g‘ri olib borilsa, korxonaning
mehnat faoliyatining samaradorligi shunchalik yuqori bo‘ladi.