Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning ma’no va mazmuni


-savol. Ko‘ppartiyaviylik – demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti



Yüklə 268,81 Kb.
səhifə3/79
tarix01.01.2022
ölçüsü268,81 Kb.
#50392
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   79
Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning ma’no va mazm

2-savol. Ko‘ppartiyaviylik – demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti

O‘zbekistonda erkin bozor munosabatlariga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishda, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda, davlatni boshqarishda qatnashuvini ta’minlashda siyosiy partiyalar faoliyati va mamlakatda ko‘ppartiyaviylikning amal qilishi muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda ushbu tamoyilning amal qilishiga milliy mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq jiddiy e’tibor berildi. Xususan, 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12 moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi” 5 – deb, ko‘rsatib qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning “Jamoat birlashmalari” deb nomlangan XIII bobining 60 moddasida esa: “Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar” 6 – deb, belgilab qo‘yilgan.

Hozirda, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining shakllanib borishida mavjud siyosiy partiyalarning faoliyati yanada ortib bormoqda. “Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda, - deb ta’kidladi muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimov, - siyosiy partiyalarning rolini keskin kuchaytirish, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik vazifalarni hal etishda ularning ishtirokini kengaytirish demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishning eng muhim omiliga aylanmog‘i zarur.

Boshqacha qilib aytganda, ko‘p partiyali tizimni mustahkamlash va partiyalararo raqobatni kuchaytirish – biz ko‘zlagan demokratik davlat barpo etishning eng muhim shartlaridan biriga aylanishi darkor.” 7

2008 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirgan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun, hech shubhasiz, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ular organlarini nazorat qilishda partiyalar roli va ahamiyatini tubdan kuchaytirish orqali siyosiy partiyalar mafkurasining hayotga tatbiqini tezlashtirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Davlat boshqaruvining yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim tarixiy qadam bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirishi bilan siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari mutloq yangicha asosda faoliyat yuritishga o‘tdi. Parlament ko‘pchiligi va parlamentning muxolifati to‘g‘risidagi moddalar, hukumatni shakllantirish jarayonlarida siyosiy partiyalar fraksiyalariga berilayotgan nihoyatda keng imkoniyatlardan dalolat beradi. Ushbu qonunning jamiyatimiz hayotida ijtimoiy-siyosiy faoliyatini yanada oshirishga, shuningdek, mamlakatimizda kechayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarning roli tashabbuskorligi hamda mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilganligi nafaqat mamlakatimizning siyosatshunos, huquqshunos olimlari va mutaxassislari, balki xorijiy davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar tomonidan ham e’tirof e’tilgan.

Ushbu konstitutsiyaviy qonun Parlamentdagi ko‘pchilikning muholifat qarashlari bilan hisoblashuviga kafolat bo‘ldi. Shuningdek, siyosiy institutlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faoliyatini yanada kuchayishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiyaviy qonunning 3 moddasida siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiyasi vakili qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari lavozimlaridan birini egallashda kafolatli huquqqa ega ekanligi belgilangan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbussi bilan siyosiy partiyalar fraksiyachlarining rahbarlari orasidan qonunchilik palatasining Spikeri o‘rinbosarlari saylandi. Bunda, partiya fraksiyasi o‘z tashabbuslarini “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qoidalarini bosqichma-bosqich, tizimli va izchillik bilan amalga oshirish zarurati bilan asosladi. Shu bilan birga, spiker o‘rinbosarlarining saylanishi ushbu konstitutsiyaviy qonunining siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyatini tashkil etish, jumladan ijroiya hokimiyati organlarini shakllantirish jarayonida ularning ishtiroki, qonun loyihalarini ko‘rib chiqish va qabul qilish mexanizmi hamda tartibini rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy qoidalarni tizimli tarzda amalga oshirib borish imkonini bermoqda.

Spiker o‘rinbosarlari etib, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarining saylanganligi nafaqat ularning vakolatlari va imkoniyatlarini kengaytirish, balki Qonunchilik palatasida qarorlar qabul qilish jarayonini sezilarli ravishda demokratlashtirish imkoniyatlarini ham yaratmoqda.

Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Hozirgi paytda mamlakatimiz aholisining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanishi davlat hokimiyatining uchta sub’ekti, ya’ni davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda” 8.

Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunlarni qabul qilinishi siyosiy partiyalarning fraksiyalariga fraksiyalar blokiga birlashish huquqini berdi hamda parlament ko‘pchiligi va parlament muxolifatining huquqiy holati asoslarini belgiladi. “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikisi Qonuni 9 moddasining oldingi tahriri (“Fraksiyalar va deputatlar guruhlari”) siyosiy partiyalar fraksiyalar partiyalar bloklarini tashkil qilish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi uchun taalluqli qoidalarni nazarda tutmagan.

Mazkur qonunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalari blokini tuzish huquqi, parlament ko‘pchiligi va parlament muxolifatining maqomi, uning tuzilishini rasmiylashtirish shartlari mustahkamlab qo‘yilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tarkibida siyosiy partiyalar fraksiyalarining birontasi mutloq ko‘pchilikka ega emas. Siyosiy partiyalar fraksiyalarini samarali qonun ijodkorligi faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish lozimligi, “Demokratik blok”ning tuzilishi, shuningdek o‘zining muxolifatda ekanligini e’lon qilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vazifalarini mustahkamlash ham parlament ko‘pchiligi, ham muxolifatining huquqlarini qonun yo‘li bilan mustahkamlashni talab etadi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarini bloki tuzilishi va parlament ko‘pchiligi yuzaga kelishi mantiqan parlament muxolifati huquqlarini qonun yo‘li bilan tartibga solishni talab etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bunday vazifalarni bajarmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, bu qoidalar 2005 yil 27 iyulda uchinchi o‘qishda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamentida xisobga olingan edi.

Jamiyatimiz hayotida ko‘ppartiyaviylikning amal qilishi, ular o‘rtasida raqobat muhitining shakllanishi – o‘z navbatida, demokratik jamiyat tamoyillarinig ko‘proq amal qilib borishini ta’minlaydi. Bu borada Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida muhim qoidalar ilgari surilda va hozirda amalga oshirib borilmoqda. Masalan, siyosiy partiyalarning nafaqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tarkibidagi faoliyati, balki ijroiya hokimiyati faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi siyosiy kuch sifatidagi nufuzi yana bir karra oshganligi, demokratik tamoyillarning amal qilishi yanada mustahkamlanayotganligi asoslab berildi.

Yurtboshimizning shaxsan jonbozliklari tufayli qabul qilingan ushbu huquqiy mexanizmlar bilan bog‘liq masalalar siyosiy partiyalarning mamlakat parlamenti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini nazorat qilishdagi rolini kuchaytirdi.

Bundan tashqari, Konsepsiyada siyosiy partiyalarning nafaqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tarkibidagi faoliyati, balki ijroiya hokimiyati faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi siyosiy kuch sifatidagi nufuzi yana bir karra oshganligi, demokratik tamoyillarning amal qilishi yanada mustahkamlanayotganligi asoslab berildi. Ushbu huquqiy mexanizmlar bilan bog‘liq masalalar siyosiy partiyalarning mamlakat parlamenti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini nazorat qilishdagi rolini kuchaytirdi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi faoliyati oshib borayotganligini kuzatish mumkin. Shuningdek, joylarda siyosiy partiyalarning boshlang‘ich partiya tashkilotlari sonining ortib borishi va ularning faollashuvi, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati tamoyillarining amal qilishi uchun zamin yaratadi.

Masalan, hozirda O'zLiDePning 7583ta boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritmoqda.9 O‘zbekiston parlamentida muxolifat partiya sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatimizning 14 ta mintaqasida, 200 ta tuman va shaharlarida o‘zining boshlang‘ich partiya tashkilotlariga ega bo‘lib, ularning soni 10608taga yetgan.10 Partiya a’zolari soni 2010 yilning 1 yanvariga qadar 368,2 ming kishidan iborat bo‘ldi. 2010 yil iyul oyi oxiriga kelib ularning soni 372,7 ming kishidan oshib ketdi.11 O‘z tarkibiga ko‘ra ushbu siyosiy partiya ko‘p millatli bo‘lib, respublikamizda istiqomat qilayotgan 53 millat vakillaridan iborat a’zosiga ega.12

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonning mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatanimizning gullab-yashnashini ta’minlash, mamlakatda fuqarolik va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik, har bir oila va butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlarni o‘z mafkurasi va siyosiy faoliyatining poydevori, deb biladi. Shuningdek, O‘zbekiston XDPning ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagani uning mamlakat siyosiy kuchlari so‘l qanoti bo‘lishligini belgilaydi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ham respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligi o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Hozirda ushbu partiya a’zolarining soni 115711 kishidan iborat bo‘lib, 49875 nafarini yoshlar takshil etadi (partiya a’zolari umumiy sonining 43,1 foiziga to‘g‘ri keladi).13

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar nizomi va dasturlarida yoshlar hayotiga alohida e’tibor qaratilgan.

“Adolat” SDP strategik yo‘nalishlarining “Iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish va takomillashtirish” bo‘limida o‘quvchi yoshlarning stipendiyalari va nafaqaxo‘rlarning nafaqalarini o‘z vaqtida berilishi bo‘yicha zarur huquqiy asoslarni yaratish masalasiga muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturida esa ishga joylanishda qiyinchiliklarga uchrayotgan va tegishli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar manfaatlarini himoya qilishi ta’kidlangan. Iqtisodiyot va noishlab chiqarish jabhalarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari kasb va mutaxassisliklari ro‘yxatini qaytadan ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. O‘quv yurtini bitirgan yoshlarning ishsiz qolmasligiga kafolat yaratish, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun kasb tanlash, ta’lim olishda adolatli, hamma uchun teng va ijtimoiy maqbul sharoitlar yaratish, ta’limni boshqaruvchi tegishli davlat organlarining yoshlarni olib o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma shaklida o‘qitishni tashkil etishga yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishi kabi masalalarga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi nizomida yoshlarni milliy g‘oyaga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat, “o‘z elim, o‘z yurtim, jon O‘zbekistonim” deb g‘ururlanib yashash ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Nizomning “Partiyaning iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor islohotlarini chuqurlashtirish sohasidagi vazifalari” bo‘limida yangi ishchi o‘rinlarini yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash nihoyatda zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir, deb qayd etilgan.

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining saylovoldi harakat dasturlarida ham yoshlar mavzusi o‘z aksini topgan. Dasturning “Barkamol yoshlarni shakllantirish” bandida partiya yoshlar o‘rtasida ishsizlikni yo‘qotish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sport, turli milliy o‘yinlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish, shu maqsadlarni amalga oshirish uchun partiyaning yoshlar qanoti – “Milliy uyg‘onish” tashkilotini tuzish, yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatlarini yuksaltirish, ularning jamiyatni boshqarishdagi faol siyosiy ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi hamda yoshlarning ilmiy-texnikaviy ijod erkinligi davlat tomonidan kafolatlanib, ularni ilmiy-texnikaviy rivojlanishdagi ijodiy ishtiroklarini rag‘batlantirishga muhim e’tibor qaratiladi”, deb ta’kidlangan.

“Milliy tiklanish” partiyasi o‘z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishda ziyolilar, yoshlar, kichik va o‘rta mulkdorlarga suyanadi, deb belgilangan. Partiyaning 42 foizini 30 gacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Partiya dasturining “Iqtisodiy siyosat” bandida ishsizlik muammosini hal etish, qishloq joylarda ishchi o‘rinlarini yaratish, yoshlarni ish bilan ta’minlashni faollashtirishga ahamiyat berilgan bo‘lsa, “Yoshlar siyosati” bandida “Yoshlarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlarini himoyalash, ularning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ifodalaydigan, yoshlar muammolariga oid dasturlarni ishlab chiqish, hayotga tatbiq etish, zamonaviy bilim, tafakkur, mutaxassisliklarni egallashni rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlashning davlat va nodavlat tizimlarini rivojlantirish, yoshlarning mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda fidoyi, o‘z kasb-korining ustasi, halol yoshlarning davlat boshqaruvidagi muhim vazifalarni egallashi uchun sharoitlar yaratish, tadbirkor, ishbilarmon yoshlarning huquq va manfaatlarini izchil himoya qilish, ularning faoliyatiga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etishning ta’sirchan choralarini ko‘rish” kabi muhim masalalar ilgari surilgan.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yoshlarga mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik, bunyodkorlikka asoslangan jarayon mohiyati, mazmunini anglatish, his qildirishda, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar-hodisalarni milliy g‘oya asosida tushuntirishda siyosiy partiyalarning roli sezilarli darajada o‘sgan.


Yüklə 268,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   79




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin