Global ongni shakllantirish zaruriyati . Globallashuv jarayonlarini nazariy jihatdan anglab
etish va global muammolarni bartaraf etish nafaqat o‘ta og‘ir va uzoq davom etadigan, balki
kutilgan natijalarga qanday erishish mumkinligi xususida hali aniq javoblar va uzil-kesil
echimlarga ega bo‘lmagan ishdir. Ayni vaqtda aksariyat tadqiqotchilar global tangliklarni bartaraf
etish imkoniyatini ommaviy ongda yangicha axloqning shakllanishi va mustahkamlanishi,
madaniyatning rivojlanishi va uning insonparvarlashuvi bilan bog‘lamoqdalar. Buning uchun
jiddiy asoslar bor, zero odamlarning fe’l-atvori, xatti-harakatlari, pirovard natijada esa ular
erishishga harakat qiladigan natija asosan ularning hayotga munosabati va fikrlash tarzi bilan
belgilanadi.
Darhaqiqat, asrlar mobaynida saqlanib qolayotgan dunyo haqidagi tasavvurlarni
o‘zgartirish, qotib qolgan fikrlash andozalarini bartaraf etish va odamlar ongida insoniylikning
yangicha tamoyillarini shakllantirishning o‘zi umuminsoniy muammolar echimi emasligi ham
ravshan. Bu mazkur muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi zarur, lekin faqat birinchi qadam va u
muttasil o‘zgaruvchi vaziyatga mos bo‘lgan va hozirgi davr ruhini aniq aks ettiradigan
dunyoqarashning shakllanishi bilan bog‘liq. Bunday yangilangan dunyoqarash zamirida faqat
so‘nggi yuz yillikka xos bo‘lgan jamiyat hayoti internatsionallashuvining keskin o‘sishi bilan
belgilanadigan ijtimoiy munosabatlarning yangicha mazmuni va shakl-shamoyillarini aks
ettiruvchi yangicha insoniylik yotishi lozim. Mazkur
yangicha insoniylik global ongni shakllantirishga qaratilishi va uch asosiy negiz: globallik tuyg‘usi, zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik va insonning asosiy huquqlarini tan olishdan kelib chiqadigan adolatparvarlikni o‘z ichiga olishi darkor. Xalqaro kuchlarning birlashuvi . Odamlar dunyoqarashi nafaqat ularning dunyo haqidagi
bilimlarida, balki ular bu bilimni qanday talqin qilishi, qanday xulosalar chiqarishi va qanday ish
ko‘rishida ham namoyon bo‘ladi. Shu sababli global muammolarni butun dunyo bahamjihat hal
qilishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, insoniyat nazariyada muayyan yutuqlarga va
ba’zi bir amaliy natijalarga erishgan holda, dunyo rivojlanishining salbiy jarayonlarini to‘xtatishga
hali muvaffaq bo‘lmaganini e’tibordan chetda qoldirishimiz mumkin emas. Xalqaro kuchlarning
muayyan darajada birlashuvi, ularning muvofiqlashtirilgan, izchil va eng muhimi, samarali
harakatlari ham hali mavjud emas. Nega shunday bo‘lyapti va bunga nima xalaqit beryapti?
Hozirgi rang-barang va ziddiyatlarga to‘la dunyoda kelishilgan harakatlarni amalga oshirish
mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, bunga qanday asosda erishish mumkin? Bular bugungi kunda
ijtimoiy tafakkur, shu jumladan falsafa echishga harakat qilayotgan bosh masalalardir.
Tarixiy tajriba turli xalqlarning yaqinlashuvi ularning manfaatlari mos kelgan joyda ayniqsa
yaxshiroq yuz berishini ko‘rsatadi. O‘zaro manfaatdorlik turli qiyinchiliklarni tez bartaraf etish,
savdo-sotiqni faol rivojlantirish, iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga
ko‘maklashadi.
Odatda bu yo‘lda engishga to‘g‘ri keladigan eng katta qiyinchiliklar eskicha qarashlar, qotib
qolgan fikrlash uslubi, an’analar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular o‘zgarish xususiyatiga ega, lekin bu
juda uzoq, katta qiyinchiliklar bilan tashqi yoki ichki omillar ta’sirida yuz beradi. Masalan,
tashqi
omillar qatoriga ekologik tanglikning kuchayishi, «demografik portlash» oqibatlari, urush xavfi va nafaqat odamlarning turmush tarzini sezilarli darajada o‘zgartirgan, balki ularning ongiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan boshqa global muammolar kiradi. Ichki omillar inson manfaati, uning sub’ektiv, shaxsiy asosi bilan bog‘liq. U yoki bu muammolarning keskinlik darajasi, hatto buning
uchun zarur shart-sharoit va etarli asoslar paydo bo‘lgan hollarda ham, nima uchun pasaymayapti,
degan savolga javob topishda yuqorida zikr etilgan omillar, ayniqsa manfaat omili albatta hisobga
olinishi lozim.