Oziq-ovqat muammosi .
Ommaviy kasalliklar va umrning sezilarli darajada qisqarishi sabablaridan biri oziq-ovqat muammosidir . Xususan, surunkali to‘yib ovqat emaslik va
nomutanosib ovqatlanish kam rivojlangan mamlakatlar aholisida ommaviy tarzda namoyon
bo‘layotgan muttasil oqsil ochligi va vitamin taqchilligiga olib kelmoqda. Natijada jahonda har
yili ochlikdan bir necha o‘n millionlab odamlar, kattalardan ko‘ra ko‘proq bolalar halok
bo‘lmoqda.
Oziq-ovqat taqchilligiga duch kelgan mamlakatlar uni import qilishga majbur, lekin bu,
odatda, ocharchilikka qarshi kurashda kam samara beradi va bundan tashqari, mazkur
mamlakatlarni eksportchilarga qaram qilib qo‘yadi. Shu tariqa g‘alla ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy
tazyiq o‘tkazishning samarali vositasiga va mohiyat e’tibori bilan, avvalo eng qashshoq
mamlakatlarga qarshi «oziq-ovqat quroli»ga aylanadi.
1960-yillarda oziq-ovqat muammosini echish rivojlanayotgan mamlakatlar uchun «yashil
inqilob»ni amalga oshirish bilan bog‘langan edi. Bu tadbirning mohiyati bug‘doy va sholining o‘ta
unumli yangi navlaridan foydalanib, qishloq xo‘jalik mahsuldorligini keskin oshirishdan iborat
edi. Buning uchun qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini zamonaviy texnologiyalar yordamida
modernizatsiya qilish mo‘ljallandi. «Yashil inqilob» aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda
qabul qilindi, lekin amalda ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarga olib keldi.
Qishloqni qayta tashkil etish uchun tegishli ijtimoiy shart-sharoitlar va buning uchun zarur
mablag‘lar mavjud bo‘lgan davlatlarda u ijobiy samara berdi. Ammo bunday mamlakatlar uncha
ko‘p emas, masalan Hindiston, Pokiston shular jumlasidan. Texnika va o‘g‘itlar xarid qilish uchun
mablag‘lar mavjud bo‘lmagan, aholining ma’lumot darajasi juda past bo‘lgan, turg‘un an’analar
va xurofiy aqidalar xo‘jalik yuritishning ilg‘or shakllarini amalga joriy etishga to‘sqinlik qilgan
o‘ta qoloq mamlakatlarda esa «yashil inqilob» samara bermadi. Shuningdek, u odatdagi mayda
xo‘jaliklarni vayron qila boshladi, qishloq aholisining shaharga migratsiyasini kuchaytirdi.
«Yashil inqilob» eski qishloq xo‘jaligi o‘rnida yangi, zamonaviy qishloq xo‘jaligini barpo eta
olmadi, ya’ni eski uyni buzib, uning o‘rnida yangi imorat qura olmadi, bu esa oziq-ovqat
muammosini yanada keskinlashtirdi.
O‘zbekistonda bu muammoning echimini topishga oqilona yondoshildi. Paxta
yakkahokimligiga chek qo‘yilib, g‘alla, sholi, chorma mollarini etishtirishga alohida e’tibor
qaratildi, qishloq infratuzilmasini takomillashtirish, qishloqqa sanoatni olib kirish, g‘alla
mahsulotlarini ishlab chiqish texnologiyalaridan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yildi.