4.2. Baliqlarning og’iz va tish tuzilishi hamda oziqlanishini aniqlash. Baliqlar og’iz va tish tuzilishini aniqlash uchun laboratoriyaga xumbosh yoki oq amur balig’idan bir nechtasi olib kelinadi. Uning og’iz qismi ochilib tishlari qandayligi kuzatiladi. Ularning yashashi turli-tuman bo’lganidan og’iz va tishlarining tuzilishi ham har xil. Tish baliqlarda o’ljani tutish, maydalash, uzib olish kabi vazifalarni bajaradi. O’ljasi qandayligiga qarab ba’zi baliqlarning faqat jag’laridagina emas balki til, tanglay va xalqumida ham tishlari bo’ladi. Ishni bajarishda laboratoriyada baliq og’zining o’rnashgan joyi va tuzilishi baliqning ozuqasiga va uni qanday tutishiga bog’liqligi o’rganiladi.
Amaliyotda baliq nafas olganda og’zi va jabra qopqoqlari qanday harakatlanishini akvariumda kuzatiladi. Akvariumga bir nechta kapalak yoki quruq oziq tashlanadi. Baliqlar oziq paydo bo’lganda qanday ta’sirlanishi, uni qanday tutib olishi kuzatiladi va natijalar amaliyot daftariga qayd qilinadi.
4.3. Mustaqil ish topshiriqlari.
Yashash joyingizda daryolar, ko’llar, suv omborlarida baliqlarning oziqlanishini kuzating va xulosalar qiling.
Planktonxo’r, bentosxo’r, detritxo’r, o’simlikxo’r baliqlar haqida fikrlaringizni bayon qiling.
Baliqlarning sezgi organlari haqida ma’lumotlar bering.
Baliqlarning ekologik guruhlari haqida ma’lumot bering.