“Pedagogik mahorat” – bo’lajak pedagog (o’qituvchilar)da pedagogik
jarayonni metodik jihatdan to’g’ri, samarali tashkil etish, o’qituvchi va o’quvchi
munosabatlarini oqilona yo’lga qo’yish, bo’lajak mutaxassislarni kasbiy faoliyatni
tashkil etishga tayyorlash masalalarini o’rganadigan fan. Ushbu fan asoslari ota-
onalarning pedagogik bilimlarini boyitish bilan birga ularda shaxslararo, xususan,
oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlarni yuksak mahorat bilan tashkil etish
ko’nikma hamda malakalarini rivojlantirishga yordam beradi. Ota-onalarning
pedagogik mahorat asoslaridan xabardorliklari oila tarbiyasini tashkil etishda
o’zlari bilan farzandlar o’rtasida ijtimoiy munosabatlarning mehr-muhabbatga,
o’zaro yordamga asoslanishini ta’minlab, har qanday ziddiyatni bartaraf etadi.
Fanning imkoniyatlaridan foydalanish ota-onalar tomonidan farzandlar bilan
bo’ladigan munosabatlarda muloqot uslubi (avtoritar, liberal va demokratik
uslubi)ning to’g’ri tanlanishiga olib keladi. Qolaversa, oila sharoitida
farzandlarning bilim olishlari va muayyan ma’naviy-axloqiy sifatlarni
o’zlashtirishlarida ota-onalarning pedagogik mahorat mohiyatini yorituvchi
bilimdonlik, qobiliyat, muloqot, kommunikativ ta’sir ko’rsatish, pedagogik
texnika, nutq texnikasi, refleksiya, relaksatsiya, shu bilan birga tashkilotchilik
qobiliyatiga ega bo’lishlari oila tarbiyasining samaradorligini oshiradi.
“Pedagogik konfliktologiya” – pedagogik konfliktlarning kelib chiqish
sabablarini o’rganish asosida ijobiy xususiyatga ega ziddiyatlarni boyitish, ulardan
maqsadli foydalanish, salbiy xarakterdagi nizolarni bartaraf etish yo’llari,
tamoyillari, shakl, metod, vosita va texnologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga
tadbiq etishni tadqiq etuvchi fan. Ota-onalar pedagogik konfliktlarning
mohiyatidan xabardor bo’lar ekanlar, oila a’zolari o’rtasidagi yuzaga keladigan
ziddiyatlarni to’g’ri baholash, ijobiy xarakterdagi ziddiyatlardan oila tarbiyasi
samaradorligini oshirishda foydalanish, salbiy xarakterdagi nizolarni esa o’z
vaqtida aniqlab, tezda bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash imkoniyatiga ega
bo’ladi. Shu bilan birga “Pedagogik konfliktologiya” fani ota-onalarga oilaviy
munosabatlarni salbiy nizolarsiz yo’lga qo’yishga yordam beradi. Ota-onalarning
nizolar to’g’risidagi bilimlariga ega bo’lishlari farzandlarni bolalar jamoasida
yuzaga keladigan nizolarga nisbatan to’g’ri yondashishga ham o’rgatishga xizmat
qiladi. Shunday vaziyatlar bo’ladiki, farzandlar mustaqil ravishda bolalar jamoasda
yuzaga kelgan nizolarni hal qila olmaydi. Ana shu holatlarda ota-onalar ularga
amaliy yordam ko’rsatadi. Agarda ularning nizolarning mohiyatiga oid bilimlari
etarli bo’lsa, u holda farzandlarga beradigan ko’rsatmalari ham ijobiy natijalarni
kafolatlaydi.