G‘ISHTNING O‘RTACHA ZICHLIGINI ANIQLASH Umumiy tushunchalar. O‘rtacha zichlik deganda, tabiiy holatdagi materialning (g‘ovaklari, kovaklari bilan birgalikdagi) massasini uning hajmiga bo‘lgan nisbati tushuniladi. Asbob va uskunalar. Tarozi, shtangensirkul yoki lineyka, quritish javoni. Ishlash tartibi. To‘g‘ri geometrik shaklli namunalar (sinovdan o‘tkaziladigan uchta namuna tayyorlanadi) quritish javonida 110±5oS haroratda quritiladi. Namunalar shtangensirkul yordamida o‘lchanib, hajmi hisoblanadi, so‘ngra namuna texnik torozida tortiladi. Kub yoki shunga o‘xshash shakldagi namunaning har uch joyidan eni va balandligi bo‘yicha o‘lchanadi (a1, a2, a3, v1, v2, v3, h1, h2, h3) va har yoqning o‘rtacha arifmetik qiymati qabul qilinadi. Tomonlarining o‘lchami 100 mm dan oshmaydigan har xil shakldagi namunalar 0,1 mm gacha aniqlikda o‘lchanishi, tomonlarning o‘lchamlari 100 mm va bundan katta bo‘lgan namunalar esa 1,0 mm gacha aniqlikda o‘lchanishi lozim. Har bir g‘ishtning og‘irligi torozida tortiladi va qiymatlar yozib olinadi. Massasi 500 g dan engil namunalar 0,01 g gacha aniqlikda, massasi 500 g va bundan og‘irroq namunalar esa 1,0 g gacha aniqlikda tortilishi kerak. Namunaning hajmi va massasi ma’lum bo‘lgach, berilgan formula yordamida uning o‘rtacha zichligi hisoblab topiladi.