Jismoniy tarbiyaning bilim berish vazifalaridan bir i belgilangan harakat malakalari tizimini yaratishdir. Natijada bir vaqtning o’zida yoki birin-ketin harakat malakalari shakllanib, bir-biriga ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Fiziologiya nuqtai nazaridan malakalarning o’zaro ta’siri aloqalari shunday jarayonki, bir vaqtning o’zida yoki birin - ketin, koordinatsiyaviy, strukturaviy o’zgarishlar yuzaga kelaveradi. Bir vaqtning o’zida bir necha harakat faoliyatiga o’qitish, masalan: darslar seriyasida yoki bitta faoliyatni o’rgatishda boshqa malakalarni ham shakllanishi yuz berishi mumkin.
Malakalarning o’zaro ta’siri bir necha xil bo’ladi:
Malakaning ijobiy ko’chishi. Ijobiy ko’chish malakalarning o’zaro shunday munosabatiki, unda oldin hosil bo’lgan malaka keyingi, yangisini shakllantirishga yordam beradi. Masalan, tennis to’pini uloqtirish malakasi granata uloqtirish malakasini o’zlashtirishni osonlashtiradi. Yangi hosil bo’layotgan malakalar hayotiy tajriba va o’rgatish natijasida asoslanib, avval shakllanganlariga tayanadi. Bunda oldin shakllangan malakalarning tuzilish jihatidan o’xshash elementlari yangisini shakllantiradi.
Malakaning salbiy ko’chishi. Oldin shakllangan malaka yangisini shakllantirish jarayonida qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bu ta’lim jarayonining cho’zilishiga sabab bo’ladi, jismoniy sifatlarning rivojlanishini orqaga suradi. Masalan, suvga sakrovchidan, gimnastikachidan sprinter tayyorlash yoki kurashchidan tennischi tayyorlashdek og’ir jarayonni aytib o’tish mumkin.
Jismoniy tarbiya dasturlarini ishlash, o’quv jarayonini rejalashtirish, yo’llanma beruvchi mashqlar tizimini tanlashda malakalarning o’zaro uzviy ta’siri tavsifini o’rganish va xisobga olish jismoniy mashqlarni turkumlashda ko’l keladi. Bu bilan harakat malakasining ijobiy ko’chishning foydali effektidan iloji boricha samarali foydalanish va salbiy ko’chish elementlaridan ogoh bo’lish malakasi bo’lajak mutaxassis shakllanishi jarayonini osonlashtiradi.