I bob. Fitogormonlarga o'xshash xususiyatlarga EGA moddalar sifati



Yüklə 128,63 Kb.
səhifə4/10
tarix07.01.2024
ölçüsü128,63 Kb.
#205361
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
.FITOGORMONLAR

1.3.Fitogarmonlar va ularni biotexnologiyadagi roli
Yuksak o’simliklarning o’sish jarayoni ma’lum davriylik xususiyatiga ega. Eng faol o’sish, sekin o’sish va tinim davrlari ritmik ravishda navbatlashib turadi. Bunday ritmik davriylik yil fasllarining almashib turishi bilan bog’liq. Faqat doim nam va havo harorati kam o’zgaradigan tropik yerlarda o’simliklar butun yil davomida to’xtovsiz o’sa oladi. Fasllar asosida iqlim sharoiti o’zgaradigan barcha yerlarda o’simliklar, kuzdan boshlab, asosan qishda o’sishdan to’xtaydi, barglarni to’kadi, hatto yosh novdalaridan ham ajraladi, ya’ni tinim holatiga o’tadi. Tinim holatida barcha hayotiy jarayonlar to’la to’xtamaydi balki faol modda almashinuv jarayoni juda sekinlashadi. Tinim holatiga o’tgan daraxtlar, butalar, ko’p yillik o’tlar, tuganaklar, ildizpoyalar, urug’lar va umuman tirik hujayralarga ega bo’lgan o’simlik organlari va butun o’simlikda nafas olish to’xtamaydi. Faqat nafas olish jadalligi juda past bo’ladi.
O’simliklardagi ikki xil tinimlik yaxshi o’rganilgan: 1) majburiy tinimlik; 2) fiziologik tinimlik.



Majburiy tinimlikning asosiy sababchisi tashqi sharoit omillaridir. Ya’ni o’sish uchun zarur sharoitning yo’qligi sababli o’simlik tinimlik holatiga o’tishga majbur bo’ladi. Majburiy tinimlik davriyligi ayniqsa daraxtlar, mevali daraxtlarda va ko’p yillik o’simliklarda har yili takrorlanib turadi. Bu o’simliklarda tashqi o’zgarishlardan tashqari, ichki zapas moddalarning ximik o’zgarishlari ham yuz beradi. Kuzda va qish boshlarida daraxtlarning novdalari va kurtaklarida to’plangan kraxmal zapaslari asta-sekin shakarga aylanadi. To’qimalarda suvning miqdori ham kamayadi. Buning natijasida ularning sovuqqa chidamliligi oshadi. Bahorga kelib, buning aksicha o’zgarishlar bo’ladi va faol o’sish boshlanadi. Ko’pchilik o’simliklar tinimlik holatini maxsus organlari – ildiz tugunaklar, piyozboshlar, poyalar holatida o’tkazadilar. Yozning jazirama issiqlarini ham shu holatda o’tkazishlari mumkin. Urug’lar ham suvning miqdori kam bo’lganda o’zlarining tinchlik holatini saqlaydi. Agar ular yetarli suv bilan ta’minlansa faol o’sish boshlanadi.



Fiziologik tinimlik- o’simlikning ichki sabablari asosida sodir bo’ladi. Masalan, ichki murtak tashqi qobiq tufayli unmasligi mumkin. Bunda murtakning fiziologik va morfologik to’la yetilmagani yoki boshqalar sabab bo’lishi mumkin. Ma’lum darajada fitogormonlarning balansi (ISK, sitokininlar, gibberellinlar va ABK) orqali tinimlik boshqariladi. Tinimlik holatida ABK – ning miqdori ko’p. Tinimlikdan chiqqanda esa gibberellin va sitokininlarning miqdori ko’payadi. Yozgi kurtaklar ham ichki omillar ta’siri natijasida tinimlik holatida bo’ladi.


Yangi qazib olingan kartoshka issiq joyda va nam tuproqda unib chiqmaydi. Bir necha oydan keyin esa uning unib chiqishini quruq havo va sovuq joyda ham to’xtatib bo’lmaydi. Ko’p o’simliklarning yangi yig’ishtirib olingan urug’lari ma’lum vaqt o’tmaguncha unmaydi. Buni ularning yig’ishtirib olgandan keyingi tinimlik davri yoki pishib yetilish muddati bilan izohlash mumkin. Bu davr o’simlik turlariga bog’liq. Masalan, bug’doy donlarida 2 haftadan 2 oygacha, chigitda 1 oy, giloslarda 150-160 kun va hokazo bo’ladi.
Tinimlik holatining xususiyatlarini o’rganish natijasida ularning boshqarish usullarini ishlab chiqish va bundan samaradorlik bilan foydalanish mumkin.
O’simliklarning o’suvchi organlari tashqi ta’sir natijasida egilishi yotib qolishi va yangidan yana o’sishi mumkin. Bu ulardagi harakatlar natijasidandir. O’sish harakatlari bir necha xil bo’ladi:

1) tropizmlar, 2) nastik harakatlar, 3) nutasiya harakatlari va boshqalar.


Tropizmlar. Tropizm harakatini o’simliklarga bir tomonlama ta’sir qiladigan tashqi sharoit omillari vujudga keltiradi. Tropizm grekcha so’z bo’lib, («tropos») burilish ma’nosini bildiradi. Tabiatda tropizm harakatlariga ko’plab misol keltirish mumkin. Ularning asosiy sababi shundaki poya, ildiz va barg o’suvchi qismlarining bir tomonidagi hujayralar tezroq cho’ziladi va o’sadi. Hujayralarning bunday tez o’sishiga fitogormonlar (ISK, ABK) sababchi bo’ladi. Bu o’stiruvchi moddalar ishtirokida o’suvchi organning tezroq o’sgan tomoni tashqariga qarab qubbasimon bo’lib chiqadi, o’sish sekinlashgan tomoni ichiga qarab bukiladi va o’simlik organi o’sish sekinlashgan tomonga egiladi. Tropizmlar musbat va manfiy bo’ladi. Ta’sir etuvchi manbaga qarab yo’nalgan harakatga musbat, manbadan qochuvchi harakatga manfiy deyiladi.
Geotropizm – o’simliklarning yerning tortish kuchiga asosan o’sish harakatidir. Ya’ni urug’ yerga qanday tushishidan qat’iy nazar uning poyasi yer o’stiga ildizi pastga qarab o’sadi. Bunda pastga qarab o’sadigan ildizlarda musbat geotropizm, yuqoriga qarab o’sadigan poyada manfiy geotropizm mavjud. Shu tufayli ildiz tuproq ichiga kirib undan suv va oziqa moddalarni suradi, poyasi esa yer o’stiga chiqadi va barglari yordamida yorug’lik energiyasidan foydalanadi. Organlarning gorizontga nisbatan o’sishi muhim biologik moslashuv bo’lib, o’simlikning butun hayoti davomida saqlanadi. Agar o’simliklar biror tashqi ta’sirdan egilsa yoki yotib qolsa, ularning yosh o’suvchi organlari yana tik bo’lib o’sadi. Bu ularning o’sish jarayonining xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, no’xat o’simtasini gorizontal holatga qoysak, bir necha soatdan so’ng uning poyasi yuqoriga, ildizi pastga qarab egiladi. Agar ildizchalarning o’stiga tush bilan bir-biridan ma’lum uzoqlikda belgilab qoysak, u holda ildizning qaysi joyi eng ko’p cho’zilsa shu joyning eng ko’p pastga tomon egilganligini ko’ramiz. To’la o’sgan joylarda esa xech qanday egilish bo’lmaydi. Demak, egilish ko’payish xususiyatiga ega bo’lgan meristematik to’qimalarda sodir bo’ladi.
Boshoqli o’simliklarning poyasi yotib qolganda ildizga yaqinrok qismidan egilib, bo’tun gavdasi bilan qaytadan ko’tarilish qobiliyatiga ega. Chunki boshoqli o’simliklarning bo’g’imlari o’sish qobiliyatini juda uzoq saqlaydi. Shuning uchun ham ular gorizontal holatga tushishi bilan bo’g’imning pastki tomoni yuqorigi tomonidan tezroq o’sa boshlaydi, va poya yuqoriga ko’tariladi.
Ildizlarning esa aksincha yuqori tomoni pastiga nisbatan tezroq o’sa boshlaydi. Ildizning geotropik sezgirligi uning eng uchidagi 1-2 mm joyida to’planadi. Ch. Darvin (1880) o’z tajribalarida uchi kesilgan ildiz gorizontal o’sib yerning tortish kuchini sezish qobiliyatini yo’qotganligini aniqlagan.
O’simlik yerning tortish kuchining yo’nalishini qanday sezganligini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda bu jarayon mexanizmini o’rganish sohasida bir qancha ishlar qilindi. Ayniqsa o’sish gormonlari haqidagi ta’limot bu masalani hal qilishda ancha yordam berdi. Bunda turli organlarning geotropik sezish zonasining o’sish gormoni tayyorlovchi zona bilan to’g’ri kelish fakti muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Tajribalarda indolilsirka kislotaning (ISK) holati aniqlandi. Bu gormon qayerda ko’p to’plansa o’sha yerda hujayralarning o’sishi tezlashadi.
Ildizlarda sintezlanadigan abssizin kislota (ABK) – ingibitorning miqdori ham katta ahamiyatga ega. Bu birikmalar to’plangan hujayralarning o’sishi juda sekinlashadi. Ildizlar gorizontal joylashtirilganda, ABK o’suvchi qismining pastki hujayralarida to’planadi va ularning o’sishini susaytiradi. Natijada o’suvchi qismining yuqori hujayralari ISK ishtirokida tez o’sadi va pastki hujayralarning o’sishi esa ABK ishtirokida susayadi. Bunday jarayonlar natijasida ildiz pastga qarab egiladi.


Keyingi yillarda ildizning geotropizm harakati statolitlarga bog’liq deb tushuntirilmoqda. Sitoplazmadagi statolit kraxmali joylashgan tanachalarga – amiloplastlar deyiladi. Statolitlarga ega bo’lgan hujayralarga statositlar deyiladi. Ildizlarda statositlar vazifasini ildiz kinining markaziy hujayralari bajaradi.
Fototropizm deb o’simliklarning yorug’lik energiyasining yo’nalishiga qarab burilish qobiliyatiga aytiladi. Yosh o’simliklar va ularning o’sish qismlari yorug’lik manbasi tomonga qarab buriladi. Bunday harakat musbat fototropizm deyiladi. Bunday fototropizmni uylarda o’stiriluvchi o’simliklarda yaqqol kuzatish mumkin. O’simlik o’stirilgan tuvaklar derazaga yaqinroq joyda saqlansa, o’simlik yorug’lik tushgan tomonga egiladi. Yorug’lik manbaidan teskari tomonga qarab egilish manfiy fototropizm deyiladi. Barg plastinkasining quyosh nurlariga perpendikulyar ravishda joylanish qobiliyatiga diafototropizm deyiladi. Umuman dorzoventral tuzilishga ega bo’lgan organlar, ya’ni ustki va ostki tomonlari farq qiladigan (barglar) organlar diafototropizmga, radial tuzilishdagi o’q organlar esa – musbat yoki manfiy fototropizmga ega bo’ladilar.





Yüklə 128,63 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin