I. bob islom dining vujudga kelishi va qo‘qon xonligining tashki-fayllar.org
ABBOSIYLAR XALIFALIGI (750-1258). Besh yuz yil hukm surgan arab xalifalari sulolasi. Bu sulolaga Muhammad (s.a.v) amakisi avlodlaridan Abulabbos as-Saffoh asos solgan (hukmdorlik davri 749—754). Bularning hukmronligi davrida arablar davlatni boshqarishda ikkinchi o‘ringa suriladilar, ularning xalifalikdagi irqiy va harbiy ustunligaga barham berildi. Davlatni boshqarishda ularning soni ham kamayib boradi. Xalifa al-Mansur davrida (754—773) abbosiylar xalifaligi ancha mustahkamlandi, poytaxt Damashqdan Bag‘dodga ko‘chirildi. Bag‘dod bu davrda yirik savdo-sotiq va madaniyat markazi bo‘lib, G‘arb bilan Sharq o‘rtasida vositachilik rolini o‘ynagan, xalifalikda savdo aloqalari va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga, madaniy hayotning yuksalishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun abbosiylar hukmronligi davri Bag‘dod xalifaligi deb ham yuritiladi.
As-Saffoxdan keyingi xalifalar al-Maxdiy (775—785), Horun ar-Rashid (786-809), al-Amin (809-813), al-Ma’mun (813—833), Mutasim (833—841) va boshqalar davrida arab xalifaligi markazlashgan qudratli davlatga aylandi, unda feodal munosabatlar rivojlandi. Abbosiy xalifaligi juda katta hududga ega bo’lib, unga Yaqin va O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika davlatlari kirgan. Xalifalikda feodal zulm kuchayishi tufayli bir necha bor xalq qo‘zg‘alonlari ham bo‘lgan (mas.: Bobak, Muqanno, Sumbod, Mug‘ rahbarligadagi qo‘zg‘alonlar, zinniylar qo‘zg‘aloni kabilar).
IX asr ikkinchi yarmidan boshlab abbosiylar xalifaligining markazlashgan hokimiyati zaiflasha borib, uning tarkibida bir necha mustaqil davlatlar vujudga kela boshladi. Mas.: Afrikada ag’labiylar davlati, Xuroson va Movarounnahrda somoniylar davlati, 945 yili Erondagi buvayhiylar Bag‘dodni egallab, abbosiylarni siyosiy hokimiyatdan chetlatdilar, fors tilida so‘zlashuvchi aholidan iborat katta hudud mustaqillikka erishdi.
Bu vaqtda Shimoliy Afrika va keyinchalik Misrda fotimiylar xalifaligi hukm surdi (909—1171). Bular o‘zlarini Muhammadning (s.a.v) qizi Fotima avlodlaridan deb hisoblaydilar. Fotima musulmonlar, ayniqsa, shiy’alar tomonidan muqaddas ayol sifatida sanalib, unga sig‘inadilar. Shunday qilib, qudratli abbosiylar xalifaligi parchalanib keta boshladi. Eng so‘nggi xalifa Mu’tasim mo‘g‘ullar xoni Xulogu tomonidan 1258 yili qatl etildi. Mana shunday qilib abbosiylar xalifaligi besh asr va umuman Muhammad (s.a.v.) payg‘ambardan keyin tashkil topgan arab xalifaligi 626 yil hukm surdi. Arab xalifaligi Arabiston yarimoroli, Yaqin va O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, Markaziy Osiyo va Kavkazortini o‘z ichiga olgan yirik feodal davlat edi.
Abbosiylar xalifaligi tugatilishi Islom dini taraqqiyotiga ta’sir etmadi. Bu din dunyodagi yirik din sifatida tobora o‘z doirasini kengaytirib bordi. Islom joriy qilingan hududlarda tashkil bo‘lgan davlat boshliqlari shu din qonun-qoidalariga rioya qilib, uning ta’limotlaridan chetga chiqmadilar. Lekin din bayrog‘i ostida o‘z yovuz niyatlarini amalga oshirgan, bosqinchilik urushlari olib borgan hukmdorlar ham kam bo‘lmagan.
Muhammad alayhissalom nasroniy yil hisobida 632-yil (hijriy yil hisobida 10-yili) 25-mayda o‘z uylarida vafot etadilar. Payg‘ambarimiz vafotidan so‘ng u kishining ishonchli noiblari yoki o‘rinbosarlari (arabcha xalifalar) davlatni boshqarganlar. Ana shu tariqa tarixda “arab xalifaligi” paydo bo‘lgan. Islom musulmonlarida asosan ilk to‘rt xalifa alohida ahamiyatga ega. Bular — Abu Bakr Siddiq (632-634), Hazrati Umar (634-644), Hazrati Usmon (644-656) va Hazrati Ali (656-661). So‘ng xalifalik 661-750-yillarda ummaviylar sulolasiga o‘tgan. Bu sulolaga Muoviya bin Abu Sufyon (661-680) asos solgan. Ummaviylardan so‘ng xalifalik taxti Abbosiylar (750-1258) sulolasi qo'liga o‘tgan. Bu sulolaning asoschisi Muhammad alayhissalomning amakilari avlodlaridan Abul Abbos As-Saffoh (750-754) edi.
Muhammad alayhissalom ishining davomchilari bo‘lgan xalifalar davrida islom g‘oyasi yangidan yangi davlatlar va hududlarga tarqaldi. Bu din qisqa muddat ichida VI-VIII asrlarda Shimoliy Afrika, Shom yurti, Falastin, Iroq, Eron va O‘rta Osiyo hududlariga tarqaldi. IX-XV asrlarda esa islom Xitoy chegaralaridan Farangiston janubigacha, Hindiston yerlaridan to Qizil O‘rdagacha cho‘zilgan hududlarni qamrab olib tantana qildi21.
VII asrning o‘rtalarida arablar sosoniylar Eronini istilo qilishni tugallab, Xurosonning g‘arbiy chekka qismini xalifa tayinlaydigan noib - amir boshchiligidagi noiblikka aylantirdilar. VII asrning ikkinchi yarmida islomda ro‘y bergan dastlabki ixtiloflar natijasida uchta yo‘nalish paydo bo‘ldi: sunniylar va shialar. Sunniylik eng asosiy yo‘nalish bo‘lib, dunyodagi barcha musulmonlarning 90 foizini birlashtiradi. Sunniylar Qur’on bilan birga Sunnaga (Qur’ondan keyin uni to‘ldiruvchi hadislar manbayi, islom ilohiyoti va shariat asoslari) ham e’tiqod qiladilar. Unda Muhammad alayhissalom bilan birga Abu Bakr, Umar, Usmon va Hazrat Alini e’tirof etiladi.
Shialar, asosan Eron va Iroqda tarqalgan yo‘nalish bo‘lib, doimo sunniylikka qarshi yo‘nalishdadir. O‘n foizga yaqin musulmonlarni o‘z atrofiga uyushtirgan shialar Muhammad alayhissalomdan so‘ng payg‘ambar sifatida faqat Hazrat Alini va uning avlodlaridan bo'lgan o‘n ikki imomni tan oladilar, xolos.
Markaziy Osiyoning qulay va go‘zal tabiiy iqlim va sharoiti hamda behisob boyliklari hamisha arablarning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.
Arablarning Markaziy Osiyoga dastlabki yurishlari Ubaydulloh ibn Ziyod boshchiligida 651-yilda Marvni ishg‘ol etish bilan boshlandi. Arablar Amudaryodan shimolda joylashgan yerlarga “Movarounnahr”, ya’ni, “daryoning ortidagi yerlar”, deb nom berishadi. 652-yilda arablar Balx shahri va Chag‘aniyonni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu esa ilk bor Movarounnahrni egallash edi. 654-yilda Sug‘ddagi Maymurg‘ qal’asiga arablarning birinchi hujumi bo‘ldi. 657-yilda arablar Chog‘aniyonga qayta yurish qilib, eftaliylarga kuchli zarbalar berdilar.
Arablar bosqini arafasida Movarounnahr hududida 15 dan ortiq kichik-kichik mulklar bo'lib, ular o‘zaro urushlar olib borar edilar. Bu hol arablar tomonidan O‘rta Osiyo yerlarini bosib olishni tezlashtirdi. Arab bosqini ikki bosqichda olib borildi. Birinchi bosqich 705-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda arablar Movarounnahr hududiga vaqti-vaqti bilan hujumlar uyushtirib turdilar, mamlakat boyliklarini taladilar, ko‘plab odamlarni qul qilib, o‘z yurtlariga olib ketdilar va o‘lkani bosib olish maqsadida harbiy ma’lumotlar to‘plash bilan shug‘ullanganlar.
O‘rta Osiyo yerlariga birinchi bor lashkar tortib kelgan hukmdor Ziyod ibn Abu Sufyondir. U 667-yilda Amudaryo bo‘ylarigacha keladi. Marvni egallab katta boylik va o‘ljalar olib yurtiga qaytib ketadi. 673-yilda Ziyodning o‘g‘li Ubaydulloh Ziyod yana Buxoroga qo‘shin tortib keladi. U Boyqand va Romiton yerlarini egallaydi. Bu davrda Buxoro taxtini malika Xotun boshqarar edi. U Buxoro hukmdori bevaqt olamdan o‘tgan Bidun Buxorxudotning bevasi bo‘lib, o‘g‘li Tog‘shoda yosh bo‘lganligidan davlatni o‘zi boshqarmoqda edi. Xotun oqila va tadbirkor bo‘lganligidan aholi qirg‘in bo‘lmasligi va mamlakatni vayronalikdan saqlab qolish maqsadlarini ko‘zlab Ubaydulloh bilan sulh bitimi tuzadi va arablarga har yili bir million dirham tovon to‘lab turish majburiyatini oladi. Chunki kuchlar teng emas edi, yordamga chaqirilgan turk lashkarlari ham vaziyatni biror-bir darajada o‘zgartira olmasdi. Arablar buxoroliklardan to‘rt ming kishini asir qilib oldilar, juda ko‘plab boylik — xazina, qurollar, kiyimlar, oltin, kumush narsalarni o‘ljaga tushirdilar. Ular podsho xotinning bir poy etigi va paypog‘ini ham topib oladilar. Tilla ishlatilib, har xil qimmatbaho toshlar bilan bezatilib tayyorlangan etik va paypoq sahroyi arablarni juda ham hayratga solgan. Bu etik va paypoq ikki yuz ming dirhamga baholangan22.
O‘rta Osiyoning boyliklari mol-dunyoga o‘ch arab sahroyilarining tinchligi va farog‘atini buzgan edi. Har ikki o‘rtada shartnoma— bitim tuzilgan bo‘lsada, Ubaydulloh o‘rniga Xuroson amiri etib tayinlangan Said ibn Usmon 675-yil 25-noyabrdan 676-yil 13-noyabrgacha Buxoro ustiga qo‘shin tortadi. U juda ko‘p hiyla-nayranglar ishlatib, Buxoro va unga yordamga kelgan Sug‘diyona, Kesh, Nasaf qo‘shinlarini tor-mor keltirdi. Buxoro podshosi Xotun Ibn Usmonning talabi bilan uning huzuriga borishga majbur bo‘ldi va juda ko‘p o‘lponlar to‘lab, shahzoda va asilzodalardan 80 kishini garovga berdi. Shundan so'ng arablar Movarounnahr va uning poytaxti Samarqandga yurish qildilar. Ular bu joylarni egallab juda ko‘p boyliklarni qo‘lga kiritdilar va samarqandliklardan 30 ming kishini asirlikka oldilar. Yozma manbalarda Sa’id ibn Usmon bilan Movarounnahrga kelgan ko‘p ming kishilik arab qo‘shinlari qatorida Muhammadning avlodlaridan Qusam ibn Abbos ham bo‘lgan, (Tarixchi Abu Tohir Xojaning ma’lumotiga qaraganda Abbos o‘g‘li Qusam Abbos ibn Abdulmutallib ibn Hoshim al-Qarshi al Hoshimiy Muhammad payg‘ambarning amakisi). Sa’id ibn Usmon Buxoro va Samarqanddan qo‘lga olgan o‘ljalarni Qusam ibn Abbosga ko‘rsatib: “Bu o'ljalardan har kishiga bir hissa, senga esa ming hissa beraman”, deganda Qusam ibn Abbos shariat buyurganidan bir hissa ham ortig‘ini olmayman, degan ekan. Qusamning taqdiri to‘g‘risida turlicha ma’lumotlar bor. Ba’zilar uni Samarqandda o‘ldirilgan desalar, yana ba’zi birovlar u Marvda vafot etgan deb isbotlaydilar. Lekin nima bo‘lganda ham Narshaxiyning “Buxoro tarixi”da yozilishicha Samarqanddagi Shohizinda maqbarasi shu shaxs nomi bilan bog‘liqdir. Sa’id ibn Usmon garovga olingan buxorolik shahzodalarni Marvga qaytishda ozod qilishga so‘z bergan edi. Lekin u va’dasida turmaydi va shahzodalarni aldab Madinagacha olib borib, ularni barcha zarbof kiyimlarini yechib olib qullarga aylantiradi. Erkparvar buxoroliklar bunday haqorat va pastkashlikka chiday olmasdan Sa’id ibn Usmon saroyiga bostirib kiradilar va avval uni, so‘ngra o‘zlarini o‘ldiradilar.
Xuroson amirligiga Muslim ibn Ziyod ibn Abiyx tayinlanadi. U ham o‘z faoliyatini Buxoroga yurishdan boshlaydi. Buxoro hukmdori har galgidek yana turklarga va sug‘dlar hokimi Tarxun (turkcha “tarxon” degan unvondan kelib chiqqan)ga yordam so‘rab murojaat qiladi. Biroq bu safar ham musulmon arablarning qo‘li baland keladi. Juda ko‘p boyliklar o‘lja olinadi. Har bir arab askariga 10 ming dirhamdan o‘lja ulashib beriladi. Xotun bilan Muslim ibn Ziyod o‘rtasida sulh tuziladi. Arablar Marvga qaytadilar. Ammo bu qaytish mol-dunyo va boylikka yuz tuban ketgan sahroyi arablarning oxirgi qaytishi emas edi.