Xalq noroziliklari. Ashtarxoniylar davrida daromad alohida shaxslar qo`lida to`planishi natijasida xon xazinasi kambag`allashib, xalq ahvoli og`irlashib bordi. Davlat xazinasini boyitishning yagona vositasi soliq edi. Shu boisdan soliqlar turi va miqdori ko`paytirilgan. Asosiy soliq to`lovchilar - dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar, savdogarlar bo`lib, ulardan xiroj, zakot, boj undirilgan. Aholi kanallar qazish, ariqlarni tozalash va qurilish ishlariga majburan jalb etilgan. Urush yillarida soliq miqdori haddan tashqari oshirilardi. Subhonqulixon davrida raiyatdan 7 yillik soliqlarni birdaniga yig`ib olingan.
Ubaydullaxon soliqlar miqdorini 4 baravarga ko`paytirgan. Ubaydullaxon 1708 yil pul islohati o`tkazib, tarkibining 35 %ini kumush tashkil etuvchi tangalar o`rniga tarkibida 9 % kumush bo`lgan tangalarni zarb ettiradi va uning qimmatini oldingi tangalarga teng deb belgilaydi, pulning qadri 4 baravar kamayadi. Pulning qadri kamayib, norozilikning kuchayishi natijasida do`kondor va hunarmandlar o`z mahsulotlarini sotmay qo`yganlar. Bunga chiday olmagan xalq 1708 yil Buxoroda, keyinchalik Samarqand, Balx, Karmana, Miyonqol, Shahrisabz va boshqa joylarda qo`zg`olon ko`taradi. Bu qo`zg`olonlar tartibsiz, tarqoq holda bo`lganligi uchun bostiriladi, shuningdek bu qo`zg`olonlar Buxoro xonligini yanada zaiflashtirgan.
12-§. Ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayot
Maktab va madrasa ta`limi. Ashtarxoniylar davrida avj olgan ichki ziddiyatlar, tinimsiz urushlar, siyosiy parokandalik ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayotga salbiy ta’sir etdi, biroq maorif, ilm-fan, madaniyat rivojini to`xtatib qo`ya olmagan. XVII-XVIII asrlarda shahar va qishloqlarda ko`plab maktablar bo`lib (boshlang`ich ta`lim), ularda o`g`il va qizlar alohida-alohida maktablarda o`qitilgan.
O`g`il bolalar maktablari madrasa va masjidlarda, ustaxonalar qoshida, xususiy maktabdorlar xonadonlarida tashkil etilgan. O`g`il bolalar maktablarida masjid imomi yoki madrasani tugatgan ziyoli kishilar o`qituvchilik qilgan, ularni domla deyishgan. Qizlar maktablari badavlat kishilar yoki o`qituvchi ayollar uylarida tashkil etilgan, qizlarni otinoyi, otinbibi, bibixalifa, bibiotin deb atalgan ayol o`qituvchilar o`qitishgan. Bolalar maktabga 6-7 yoshdan berilgan va ularga 5-8 yil davomida boshlang`ich ta`lim berilgan.
O`quvchilarga avval harflar, keyin bo`g`inlar, ularni qo`shib so`z tuzish, "Haftiyak" (Qur`onning 1/7 qismi) kitobini o`qish o`rgatilgan. Hisob darsida sonlar, ularni qo`shish, ayirish, ko`paytirish, bo`lish amallari o`rgatilgan. O`quvchilar Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Mashrab, Hofiz Sheroziy, So`fi Olloyor asarlarini va "Chor kitob"ni o`qib saboq olganlar.
Qizlar maktablarida uy-ro`zg`or tutish, pazandachilik, odob-axloq, pokizalik sirlarini o`rganishga ko`proq o`rin berilgan. Bolalar o`qishni to`liq o`zlashtirib olganlaridan keyin yozishga o`tganlar. Maktablarni bitirayotganda imtihonlar bo`lmagan, maktabni bitirgani to`g`risida hujjat ham berilmagan. O`quvchilarning ravon o`qishi, to`g`ri yoza olishi, hisob-kitobni bilishi maktabni bitirganligiga guvoh bo`lgan.
Dostları ilə paylaş: |