III bob. Buxoro Amirligi 13-§. Buxoroda mang`itlar sulolasi hukmronligi
Buxoro mustaqilligini yo`qotishi. Buxoro Eron bosqiniga qarshi turolmagach, Abulfayzxon taslim bo`lish haqidagi shartnomani imzolash uchun Zarafshon daryosi bo`yiga - Nodirshoh huzuriga borishga majbur bo`ladi. Shartnomaga ko`ra Nodirshoh oliy hukmdor, Buxoro xonligi Eronga mute davlat deb tan olingan. Nodirshoh qo`shini uchun 8 yilga etadigan 200 ming xarvor bug`doy va arpa to`plab beriladi hamda Buxoro xonligi aholisidan 10 ming nafarli qo`shin to`plab Nodirshoh ixtiyoriga jo`natiladi. Bu qo`shinga Muhammad Hakimbiyning o`g`li Muhammad Rahimqo`mondon etib tayinlandi. Abulfayzxon Eronga qaram qo`g`irchoq hukmdorga aylanib, butun hokimiyat amalda qo`shbegi (bosh vazir) lavozimini egallagan Muhammad Hakimbiy qo`lida to`plandi. Endi ashtarxoniylarning barham topishi muqarrar bo`lib qoldi. Xarvor - bir eshakka yuk bo`ladigan og`irlik o`lchovi.
Muhammad RahimbiyilBuxoroda ashtarxoniylar davrida mang`itlarning nufuzi baland edi. Bu qabila ashtarxoniylarga sadoqat bilan xizmat qildi. 1743 yil Muhammad Hakimbiy vafot etgach, uning o`g`li Muhammad Rahimbiyo`zining qo`shinidan foydalanib, otasi kabi alohida mavqega da`vogarlik qildi. So`nggi ashtarxoniy Abulfayzxon uni otasining o`rniga tayinlashga majbur bo`ldi. Nodirshoh 1747 yil o`ldirilgach, Eronda boshlangan ichki kurashlar M.Rahimbiyning Buxoro taxtini egallashiga yo`l ochib berdi. Uning buyrug`i bilan 1747 yil Abulfayzxon ham o`ldirildi. M.Rahimbiy taxtga Abulfayzning o`g`li Abdulmo`minni o`tqazdi (soxta xon) va o`ziga kuyov qilib oldi. Rahimbiy ko`p o`tmay – Abdulmo`minni, uning o`rniga o`tqizilgan soxta xonlarni ham qatl ettirdi.
Muhammad Rahimbiy aslzoda va ruhoniylarning qo`llab-quvvatlashi bilan 1753 yil hokimiyatni to`la egalladi. Mang`itlar chingiziylar nasliga mansub bo`lmaganligi uchun o`zlarini Xon deb emas, Amir deb ataganlar. Ular ayni paytda mintaqaning diniy hukmdori - Amir ul-mo`minin hisoblangan. Buxoroda 1753 yil hokimiyatga yangi sulola - mang`itlar sulolasi keldi va 1920 yilgacha hukmronlik qildi. Buxoro xonligi 1753 yildan Buxoro amirligi deb ataldi.
Mang`it hukmdori Muhammad Rahimbiy mamlakatda o`zining mutlaq hukmdorligini o`rnatish va ichki boshboshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan ko`zlangan maqsad-markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahimbiy bu siyosatni ro`yobga chiqarishga qat`iy kirishib barcha mahalliy hukmdorlarni chorlab, o`zining asl maqsadini, o`z boshqaruv dasturini ma`lum qildi. Muhammad Rahimbiy mahalliy hukmdorlarga ichki nizo va urushlar mamlakatni xonavayron qilayotganligi, xo`jalik va savdo izdan chiqayotganligi, agar bu holat yana davom etsa davlat halokati muqarrar ekanligini alohida ta`kidladi. Muhammad Rahimbiy qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga bo`ysunmasa ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi.
Muhammad Rahimbiy mustaqillikni da`vo etib yurgan Miyonqol, Nurota, Qo`bodiyon, Boysun, Shahrisabz, Urgut bekliklarini 4 yil davomida bo`ysundirdi. Bo`ysunishni istamagan burqut, qipchoq, 7 urug`, bahrin, yuz, kenagas, saroy qabilalariga nisbatan ko`chirish siyosati yuritildi. M.Rahimbiy yirik er egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erishdi. Biroq barcha viloyatlarning markaziy hokimiyatni tan olishlariga to`la erisha olmadi.