14-§. Amirlik davlat tizimi va ma`muriy boshqaruvi
Davlat tizimiga ko`ra Buxoro - monarxiya davlati bo`lib, davlat tepasida amir, ya`ni yakka mustabid hukmdor turgan; hukmdor rasman cheklanmagan huquqqa ega bo`lib, butun hokimiyat uning qo`lida to`plangan. Hukmdor davlatni o`zi ishongan eng oliy toifadagi amaldorlar (arkoni davlat)ga tayanib idora qilgan. Hukmdor amalda davlatni boshqarishda eng nufuzli qabilalarning boshliqlari bilan hisoblashib ish tutgan.
Ma`muriy jihatdan Buxoro amirligi: viloyatlarga va tumanlarga bo`lingan, amirlik davlati 40 viloyat va tumanliklardan iborat edi. Amirlikning er maydoni taxminan 270 ming km2, aholisi 2 mln. atrofida bo`lgan. Aholisini o`zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qolgan qismini qoraqalpoqlar, qozoqlar va boshqa xalqlar tashkil etgan. Amir tayinlaydigan hokim boshqaradigan hudud viloyat deb atalgan.
Eng quyi ma`muriy bo`linma - amlokdorlik (bir nechta qishloqlar birikmasi) deyilib, uni amlokdor boshqargan. Boshqaruvda qishloq oqsoqollari, amin va miroblarga tayangan. Amlokdor (mulk egasi) – hosilni hisoblash, soliq va tushumlarni muddatida yig`ilishi uchun mas`ul bo`lgan. Amin (ishonchli, halol odam)ning asosiy vazifasi - soliq va tushumlarni yig`ish, aholini nazorat qilish, suvni ekinlarga taqsimlash bo`lgan. Qishloq mirobi – suv inshootlarini ta`mirlanishi, qishloqlarga ajratilgan suvning ariqlar bo`yicha to`g`ri taqsimlanishini ta`minlagan.
Yuqori davlat lavozimlari. Poytaxt Buxoro shahri va viloyatini qo`shbegi boshqargan. Xazina amirning mulki bo`lgan. Amirlik davlat muassasalari: ma`muriy, moliya, qozilik, mirshablik va harbiy idoralardan iborat bo`lgan, ularning har biriga tayinlangan amaldor rahbarlik qilgan. Buxoro amirligi saroyida 30 ga yaqin amaldor xizmat qilgan. Mahalliy boshqaruv muassasalarida xizmat qiluvchilarning soni 30 ming atrofida bo`lgan. Vilotlarning beklari (hokimlari) xon tomonidan tayinlangan. Markaziy hokimiyatda yuqori martabali lavozimlar: devonbegi, ko`kaldosh, qo`shbegi, mushrif, mirshab, dodxoh, inoq, miroxur, dasturxonchi, kitobdor, parvonachi, sadr, shayxulislom, qozikolon, muftiy, muxtasib joriy etilgan.
Eng kattadavlat lavozimi - qo`shbegi(vaziri buzruk), ya`ni bosh vazir lavozimi edi, u xon Arkida yashagan. Qo`shbegiga davlatning barcha boshqaruv idoralari bo`ysunar edi, ya`ni barcha ijroiya hokimiyat uning qo`lida edi. Viloyat va tuman hokimlari qo`shbegi tavsiyasiga binoan tayinlanar edi.
Devonbegixonlikning moliya-xazina ishlarini boshqargan, soliqlar undirilishi ustidan nazorat olib borgan. Mushrif - amaldorlar xonga in`om etgan buyumlarni va harbiy anjomlarni ro`yxatga olgan, soliq tushumlarini yozib borgan. Mirshab- tungi shahar soqchilari boshlig`i vazifasini bajargan. Inoqning vazifasi - amir farmoyishlarini beklardan boshqa tabaqaga etkazishdan iborat bo`lgan. Miroxur - amir otxonasining boshlig`i bo`lgan. Dasturxonchi - amir huzurida uyushtiriladigan ziyofatlar uchun mas`ul amaldor. Kitobdor - amir kutubxonasi boshlig`i. Parvonachi - harbiy qo`shin bosh sarkardasi.
Sadr - vaqf mulklarini boshqargan. Poytaxt qozisi (qozikolon) - "shariatpanoh" deb ham atalib, davlatning oliy qozisi (sudyasi), amir aralashmaydigan barcha qozilik ishlariga rahbarlik qiluvchi oliy davlat lavozimi. Muftiy - qozikolon murakkab deb hisoblagan diniy-huquqiy masalalar bo`yicha shariatga asoslanib, fatvo chiqaruvchi shaxs.
Shuningdek, ko`kaldosh, dodxoh, otaliq, shayxulislom, muxtasib kabi lavozimlar ham bo`lgan.