V bob: Xiva xonligi XVIII asr 2-yarmi va XIX asr 1-yarmida 22-§. Qo`ng`irotlar sulolasi hukmronligi
Qo`ng`irotlar sulolasi hokimiyatga kelishi. Xiva xonligida kuchli markaziy hokimiyatni barpo etish uchun XVIII asrning 60-yillaridan boshlab qo`ng`irot (yirik o`zbek urug`laridan birining nomi) qabilasi boshliqlari hokimiyatga kela boshladi. qo`ng`irot qabilasi yo`lboshchisi Muhammad Amin yirik zodagonlar va ruhoniylar madadiga tayanib 1761 yil inoqlik lavozimiga ko`tarildi. M.Amin turkmanlarning yovmut va chovdur qabilalariga qarshi kurash olib borgan, biroq u dastlab engilib Buxoroga Doniyolbiy otaliq yoniga ketadi. Turkman qabilalari Xorazmni egallab, Hazorasp, Xonqa, Urganch, Kat, Shohobod shaharlarini xonavayron qiladi. Ocharchilik va vabo tarqalib, o`zbeklar Orolbo`ylari va Buxoroga ketishga majbur bo`ladi.
Muhammad Amin inoq 1770 yil Buxorodan qaytib kelib yovmutlarni Xorazmdan haydab chiqardi, u mahalliy beklarni ham bo`ysundirdi va hokimiyatni qo`lga oldi. 1770 yil Qo`ng`irotlar sulolasi hukmronligi o`rnatildi. Bu sulola chingiziylar avlodiga mansub bo`lmaganligi sababli taxtda avvalgi sulola vakillarini saqlab keldi. Ular aslida soxta xonlar bo`lib, amalda hokimiyatga ega bo`lmagan. Muhammad Amin (1770-1790) o`z qabilasining faol qatlamiga, savdogarlar va ruhoniylar madadiga tayanib hamda turkman qabilalarining o`zaro nizolaridan foydalanib nisbatan siyosiy osoyishtalik va iqtisodning ko`tarilishini ta`minladi. Boshqa yurtga qochib ketganlar qaytib kela boshladi.
Avaz Muhammad inoq (1790-1804) davrida Xiva xonligi iqtisodiy jihatdan ancha mustahkamlandi. M.Amin va o`g`li Avaz ham hokimiyatni inoq unvonida boshqargan, hokimiyat amalda inoq va maxsus kengash tomonidan boshqarilgan. Avazning o`g`li Eltuzar 1804 yil o`zini xon deb e`lon qildi. Qo`ng`irotlar sulolasi 1804 yil Xiva xonligi taxtini rasman egalladi, bu sulola 1920 yilga qadar Xiva xonligini idora qildi. Eltuzarxon(1804-1806) markazlashgan davlat siyosati yuritish uchun harakat qildi. Biroq u 1806 yil Xiva-Buxoro urushida halok bo`ldi.