Shaharlar. Xiva xonligida Xiva, Ko`hna Urganch, Yangi Urganch, Vazir kabi o`nlab shaharlar bo`lgan. Ulardan eng qadimiysi Xiva shahri bo`lib, u “Ming gumbaz shahri” nomi bilan mashhurdir. XIX asr 1-yarmida Xiva shahrida 2 ta xon saroyi, 17 ta masjid va 22 ta madrasa bo`lgan. 1997 yil uning 2500 yilligi nishonlandi, bu haqda YUNESKO 1995 yil qaror qabul qilgan edi. Xiva shahri mil. av. V asrda bunyod etilganidan buyon mashhurligi Sharq bilan G`arbni bog`lovchi savdo yo`li o`tganligi bilan izohlanadi. Xiva shahri XVII asr 1-choragi (boshlari)dan - 1920 yil fevralgacha Xiva xonligining poytaxti bo`lgan.
Yangi Urganch deb atalgan hozirgi Urganchshahriga 1646 yil Abulg`oziyxon asos soldi. Bu shahar Buyuk ipak yo`lida joylashgani uchun tez rivojlanib, savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Bunga Amudaryo o`zani o`zgarib Orolga oqishi oqibatida Gurganj (Ko`hna Urganch)ning suvsiz qolganligi sabab bo`lgan, shundan keyin qadimgi Gurganchning nomi Ko`hna Urganch bo`lib qoldi. Abulg`oziyxon Yangi Urganchga asos solgach, Vazir shahri aholisini ham shu erga ko`chirgan va bu shahar o`z ahamiyatini butunlay yo`qotgan.
Hunarmandchilikning 27 sohasi borligi Xiva xonligi tarixiy manbalarida qayd etilgan, amalda bundan ham ko`p bo`lgan. Hunarmandlar o`z uyushmalariga ega bo`lib, uyushmalar hunarmandlar faoliyatini tartibga solib, ularning manfaatini himoya qilgan. Uyushma boshlig`i xonning xazina siyosatini o`tkazuvchi shaxs hisoblanardi. Xiva ustalarining juda oz qismi xususiy ustaxona - do`koniga ega edi. Hunarmand o`z uyida ham do`kon ochishi mumkin edi. Ko`pchilik hunarmandlar xonga va badavlat kishilarga tegishli do`konlarni ijaraga olgan. Ayrim hunarmandlar buyurtma asosida ham ishlagan.
Qishloq xo`jaligining 2 asosiy sohasi dehqonchilik va u bilan bog`liq bo`lgan chorvachilik edi. Xonlik aholisi asosan qishloq xo`jaligi bilan shug`ullangan. Dehqonchilikda g`alla, paxta va poliz mahsulotlarni etishtirish etakchi o`rin egallagan. Ekinzorlarning yarmidan ortig`idag`alla etishtirilgan. G`allachilikda kuzgi bug`doy ekish etakchi o`rin egallagan. Dehqonlarning don ekinlaridan mo`l hosil olishlariga chet elliklar ham tan berib, "men Germaniyaning o`zida dalada ishlovchilarning Xivadagidek mirishkorligini ko`rmaganman" degan.
Don ekinlari ichida bug`doydan keyin 2-o`rinda jo`xori ekish turgan. Suv ko`p hududlarda asosan sholi etishtirilgan. Ekinzorlarning 1/5 qismiga paxta ekilgan. Xiva iqtisodiyotida pillachilik ham muayyan ahamiyatga ega bo`lgan. Poliz mahsulotlari ichida Xorazm qovunining dong`i keng yoyilgan. Xivada bog`dorchilik ham dehqonchilikning rivojlangan sohalaridan biri bo`lgan.