Ichki va tashqi savdodan davlat xazinasiga durustgina daramod tushgan. Xivaning usti yopiq bozori ichki savdoda alohida ahamiyatga ega bo`lgan. Bozor yo`lining 2 tarafida ustoxona-do`konlar qurilgan. Bozordagi savdo o`rinlaridan foydalanganlik uchun tagjoy deb ataluvchi alohida soliq olingan. Xiva xonligidan qorako`l teri, gilam, hunarmandchilik mahsulotlari Eron, Hindiston, Xitoy va Turkiyaga eksport qilingan.
Xiva XVI asr oxiridan boshlab Rossiya bilan savdo-sotiqni yo`lga qo`ya boshladi. Xiva elchilari Rossiyaga gazlama va to`qilgan buyumlar olib borishgan. Xiva elchisi 1620 yil Qozon shahrida 670 kiyimlik mato sotganligi manbalarda qayd etilgan. Rossiyaga gilam, qoqi meva, qorako`l teri, o`simlikdan tayyorlangan bo`yoq olib borilgan. Xiva savdogarlari Rossiyaning Nijniy Novgorod yarmarkasida faol qatnasha boshlaganlar.
Ilm-fan taraqqiyotida XVI-XVIII asr 1-yarmida Xiva xonligida tarix ilmi o`ziga xos o`rinda turadi. Abulg`oziyxon Xiva tarixshunosligi maktabiga asos soldi. Abulg`oziyxon fan va madaniyat tarixida 2 asari: "Shajarai turk" va "Shajarai tarokima" bilan o`chmas nom qoldirdi. "Shajarai turk" asarining 9-bobi Xorazmning 1512-1663 yyil ijtimoiy-siyosiy tarixiga bag`ishlangan, unda aniq tarixiy voqealardan tashqari, turkiy xalqlar an`analari, Xiva-Buxoro munosabatlari, pul muomalasi haqida ma`lumotlar berilgan.
Abulg`oziyxonning yana bir katta xizmati u asarlarini oddiy kitobxon uchun turkiy tilda yozgan. Olimlar uning asarlarini yangi o`zbek tili yozma yodgorligi deb hisoblashadi. Vengriyalik sharqshunos A.Vamberi "Abulg`ozining "SHajarai turk"i uchun butun dunyo undan minnatdor" deb yozgan edi. Abulg`ozixonning topshirig`i bilan "Dasturul amal" asari yozilgan, biroq muallifi nomalum. "Dasturul amal" asarida A.Temurdan tortib Boburga qadar temuriylar shajarasi qisqacha sharhlangan. Har bir hukmdorga bir bo`lim bag`ishlangan.
Xattotlik, husnixat maktabi Xiva xonlari saroy kutubxonalarida XVI asrda shakllandi. Eshmuhammadxonga 1556 yil xattot Hamadoniy "Shohnoma"ni miniatyuralar uchun ochiq joy qoldirib ko`chirib berdi. Xivada XVII- XVIII asrlarda Muhammad Yusuyu Rojiy, Bobojon Sanoiy, Muhammad Rizo Oxund kabi usta xattotlar ijod qilganlar. Har bir kitobni ko`chirishda bir necha soha ustalari: qog`oz qirquvchi, kotib-xattot, muzahhib (oltin suvni yurituvchi), lavvoh (sarlavha yozuvchi), miniatyurachi rassom, sahhof (muqovalovchi)lar ishtirok etganlar.