Eron va qozoqlarning O`rta juz xonligidan 1812 yil Xivaga elchilar kelishgan, ular bilan chegara xavfsizligi va savdo masalalarida kelishildi. Xiva va Afg`oniston o`rtasida XIX asr boshlarida elchilik o`rnatilgan, M.Rahimxon I Afg`onistonda shoh Mahmudning 2-marta hokimiyatga kelishiga yordam bergan. Evaziga Afg`oniston Xiva xonligi savdogarlariga Kobul bozorida erkin savdo qilish huquqini bergan. Xiva Qo`qon xonligi bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qilgan. Xivaga 1843-1844 yyil Qo`qon xonligi elchilari kelishgan, 2 davlat o`rtasida hamdo`stlik o`rnatishga va o`zaro savdo aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishildi.
Xiva xoni Olloqulixon (1825-1842) chet el savdogarlariga qulay sharoit yaratish uchun me`moriy obida, Karvonsaroy majmuasini bunyod ettirgan. Bu majmua 14 gumbazli tim (yopiq bozor), karvonsaroy va omborxonadan iborat bo`lgan. Bozorda Hindiston, Xitoy, Eron, Rossiya, Buxoro va Qo`qondan keltirilgan mollar sotilgan. Tim yozda savdo uchun qulay va salqin bo`lgan. Karvonsaroy esa 2 qavatli bo`lib, 105 hujrali edi. Xiva xonligining anori, qovuni, uzumi, nashvatisi, anjiri va o`rigi chet davlatlarda mashhur bo`lgan.
Xiva-Rossiya munosabatlarida muhim jihat - o`zaro savdodan 2 davlat ham birdek manfaatdor edi: Xiva savdogarlari uchun Rossiyaga boradigan savdo yo`llari xavfsiz edi; Rossiyada ishlab chiqarilgan tayyor iste`mol mollariga Xiva xonligida ehtiyoj baland edi. Rossiya Xiva xonligiga o`z mahsulotlarini sotadigan bozor deb qarar edi, chunki: 1) Rossiya mahsulotlari Evropa tovarlari bilan raqobat qila olmayotgan bir davrda bu "bozor" juda muhim edi; 2) Xiva xonligi Rossiya sanoati uchun arzon xomashyo etkazib beruvchi o`lka hisoblanardi.
Xivadan Rossiyaga paxta, ipak, bo`z, gilam, hunarmandchilik mahsulotlari, quritilgan meva olib borilgan. Xiva savdogarlari Nijniy Novgorod yarmarkasida qatnashganlar. Rossiyadan Xivaga metall, to`qimachilik mahsulotlari, rangli bo`yoqlar, mo`yna terilari, qurol keltirilgan. Biroq, Xiva-Rossiya o`rtasida yaxshi qo`shnichilik munosabatlariga to`sqinlik qilgan omillar: savdo karvonlariga hujum xavfining mavjudligi, 2 davlat ham Kichik juz qozoqlarini va qoraqalpoqlarni o`z fuqarolari deb hisoblashlari; har 2 davlatning o`zaro savdodan olinadigan boj hajmi masalasida uzoq vaqt bir to`xtamga kela olmaganliklari bilan bog`liq edi.