Qoraqalpoq xonligi tashkil topishi. XVII asr boshlarida no`g`oylarni Volga va Yoyiq daryolari bo`ylariga bostirib kelgan jung`or (qalmoq)lar tor-mor etgach, No`g`oylar Qrimga ko`chib ketishga majbur bo`lganlar. Qoraqalpoqlar esa Orol va Sirdaryo bo`ylariga kelib o`rnashadi.
Qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotida biylar va botirlar (harbiylar boshlig`i) muhim o`rin tutganlar. Qoraqalpoq urug`lariga Biylar boshchilik qilib, ular qo`shni xalqlar bilan munosabatda o`z urug`i yoki qabilasi nomidan vakil sifatida qatnashgan. Qoraqalpoqlar XVI - XVII asrlarda goh Buxoro xonligiga, goh Qozoq xonligiga tobe bo`lganlar.
Sirdaryo bo`yida yashovchi qoraqalpoqlar XVIII asr boshida birlashishga harakat qilganlar, birlashish jarayoniga Sig`noq va Jonkent singari qadimiy qo`rg`on-shaharlar tayanch bo`lgan. Qoraqalpoqlarning birlashuvida Kuchukxon, Taburchak va G`oyib Sultonlar muhim rol o`ynaganlar. Sirdaryobo`yi qoraqalpoqlari 1714yil Eshmuhammad (Eshimxon) boshchiligidaqoraqalpoq xonligiga birlashtirilgan. Bu davlat Sirdaryo quyi oqimi, Volga bo`yi jung`orlari, Boshqird ulusi va Kichik juz qozoq xonliklari bilan chegaradosh bo`lgan.
Jung`orlar 1723 yil bostirib kelib Sirdaryoning o`rta qismini egallagach, qoraqalpoqlar 2 guruhga bo`linib ko`chishga majbur bo`ldi: 1) Sirdaryo yuqori oqimi - Toshkent tomonga; 2) Sirdaryo quyi oqimiga borib joylashdi. Ular shartli ravishda "yuqori qoraqalpoqlar", "quyi qoraqalpoqlar"ga bo`linib ketdi. Quyi qoraqalpoqlar Sirdaryo va Amudaryo orasidagi bo`sh yotgan erlarga ham o`rnashib, Quvondaryodan suv chiqarib, dehqonchilik bilan shug`ullandilar.
Qoraqalpoqlar Rossiya bilan munosabat o`rnatib, yaqinlashishga: 1) Rossiya bilan savdoni yo`lga qo`yishdan manfaatdorlik. 2) jung`orlarning hujumidan himoyalanish zarurati sabab bo`lgan. Qozoq xoni Abulxayrxon Peterburgga 1726 yil jo`natgan elchilari tarkibida qoraqalpoqlar ham bor edi. Rossiya ham bunga javoban Abulxayrxon huziriga 1731 yil o`z elchisi M.Tevkelevni jo`natadi, muzokaralar natijasida Kichik juz va Quyi qoraqalpoqlar Rossiya fuqaroligiga qabul qilindi. Qoraqalpoqlarning Rossiyaga emas, Kichik juz xonligiga yasoq to`lashi tan olindi. Rossiya fuqaroligiga qabul qilinishi ularni Nodirshoh hujumidan saqlab qoldi.