Dishan qal`a - Tashqi qal`a Xiva shahrining rabod qismi hisoblanib, unda savdo va hunarmandchilik do`konlari, mahalalar joylashgan. Xiva shahrini dushman hujumidan saqlash maqsadida Olloqulixon 1842 yil uzunligi 6250 m., balandligi 7-8 m., qalinligi 5-6 m. devor bilan o`ratgan. Ichan qal`a 4 darvozali bo`lsa, Dishan qal`a 10 darvozali bo`lgan.
Hunarmandchilikning avvalgi asrlarda mavjud bo`lgan har xil turlari XVIII asr 2-yarmi va XIX asr 1-yarmida ham rivojlandi. Me`morchilikning rivojlanishi kulolchilikda ham o`z ifodasini topdi. Kulollar faqat alohida buyumlar emas, balki yuzlab lagan, tovoq va kosalardan iborat to`y majmualarini; alohida tantanalar uchun maxsus to`y va podshoyi tovoqlar ham tayyorlagan. XIX asr 30-40-yillariga oid manbalarda Xivadagi etakchi hunar - zargarlik tilga olingan. Xivaning bosh taqinchog`i - jig`a Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga ham keng tarqalgan. Isirg`alar feruza va marjonlar, bilaguzuklar qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
XIX asrda Xiva yog`och o`ymakorligi maktabi xonlikda oldingi o`rinda turardi va badiiy yuksakligi bilan ajralib turardi. Olloqulixon saroyida Toshhovli ayvon ustunlari majmuyi ko`rkamligi bilan ajralib turadi. XIX asr o`rtalarida o`ymakori eshik va ustunlar ustasi Polvon Abdusattor o`g`lining nomi ayniqsa shuhrat qozondi. Xiva shahri XX asr boshlarigacha xonlikda yagona shoyi to`qish markazi bo`lib qoldi. XIX asrda Xivada matoga gul bosish san`ati kulrang uyg`unligi va mayda gullari bilan Markaziy Osiyoning boshqa gul bosish markazlaridan farq qilgan.
26-§. Xiva xonligi tarixi bo`yicha manbalar
Arxiv hujjatlari va mahalliy tarixchilar asarlari. Xiva xonlari arxivi hujjatlari Rossiya bosib olgach 1873 yil Peterburgga olib ketilgan. XVII asrda yashagan Hasanbek Rumluning "Eng go`zal tarix" asari XVI asr 1-yarmidagi Xiva tarixiga bag`ishlangan. Xiva xoni, tarixchi olim Abulg`oziy Bahodirxonning (1603-1664) "Shajarayi turk" asari juda ko`p tarixiy dalillar to`plangani bilan katta ahamiyatga ega. "Shajari turk" asarining 1512-1663 yillardagi Xiva ijtimoiy-siyosiy tarixiga, Xiva-Buxoro munosabatlariga oid 9-bobi tarix fani uchun katta ahamiyatga ega. "Shajarai turk" asari turkiy qabilalar shajarasi, xivaliklar, Abulg`ozining davlatni birlashtirish uchun kurashi haqida ma`lumot beradi.
Munisning tarixiy asari "Firdavs ul-iqbol" 1806 yil Eltuzarxon topshirig`i bilan yozilgan, asar Xivaning XVI asrdan 1812 yilgacha bo`lgan tarixini qamrab olgan. Munis vafot etgach xonlik tarixini yozishni Ogahiy davom ettirgan, uning tarixiy asari "Shohidi iqbol" deyilib 1812-1872 yilgacha bo`lgan tarixni aks ettiradi. Xudoyberdi Avaz Muhammadning 1831-1832 yillarda yozilgan "Dili g`aroyib" asari ham Xiva xonligi, uning shaharlari haqida muhim ma`lumotlar beradi. Asfandiyorxon topshirig`i bilan Yusufbek Bayoniy 1912 yil Xiva xonligining 1872-1911 yillardagi tarixini yaratgan.