Qoraqalpoq xalqining shakllanish tarixi.Qoraqalpog`iston hududida odamlar neolit davridayoq yashaganligi tarixiy manbalarda qayd etiladi. II-VIII asrlarda Orolbo`yi dashtlariga bir qator turkiy qabilalar kelib joylashgan. Kirib kelgan qabilalar bilan mahalliy aholining qo`shilishi natijasida Orolbo`yida bijanaklar va o`g`izlar shakllangan. Bijanaklar negizida VIII-X asrlarda qoraqalpoqlarning xalq sifatida shakllanish jarayoni boshlangan.
Bijanaklarning bir qismi X asr boshida Volga ortiga, Janubiy Rus dashtlariga ko`chishga majbur bo`lgan, bunga o`g`iz va qipchoqlar tazyiqi sabab bo`lgan. XII asr rus yilnomalarida ular "chernыe klobuki" (qoraqalpoq) deb tilga olingan. Qoraqalpoq xalqining nomi shu atamadan olingan. Volga va Ural (Yoyiq) daryolari oralig`ida qolgan bijanaklarni Irtish daryosi atrofidan kelgan qipchoqlar zabt etgan. Ular qipchoqlar bilan aralashib, tilini qabul qilgan. Qipchoqlar tarkibiga kirgan bijanaklar (qoraqalpoqlar) “qora bo`rkli” deb atalgan.
Chingizxon XIII asr boshida Urganchni suvga bostirish uchun Amudaryo to`g`onini buzib tashlagach, Amudaryoning o`zani ham o`zgargan. Suvsiz qolgan Orolbo`yi qoraqalpoqlarining bir qismi Volga va O`ral (Yoyiq) bo`ylariga, Sirdaryo vohalariga ko`chib ketadi. Oltin O`rda ziflashgach mustaqil davlatlar ajralib chiqqan, ulardan biri XIV asr oxirida tashkil topgan No`g`ay (Mang`it) xonligi edi. Uning chegarasi Volgadan Irtish daryosigacha; Kaspiy va Orol dengizidan Kama daryosigacha bo`lgan hududlar kirgan. Qoraqalpoqlar ko`chib borib joylashgan hududlar XV- XVI asrlarda No`g`ay xonligi hududiga kirgan. No`g`ay va qoraqalpoqlar birga yashagani uchun No`g`ay tili tarkibi, fonetikasi va grammatik qurilishi qoraqalpoq tiliga juda yaqin.
Bir necha urug`lardan iborat qoraqalpoq xalqining shakllanish jarayoni XVI asrda nihoyasiga etgan. Ular alohida xalq bo`lgani haqidagi manbalar XVI asr oxirlariga to`g`ri keladi. Ya`ni, 1598 yil Buxoro xoni Abdullaxon II ning bir yorlig`ida “qoraqalpoqlar” degan so`z qayd etilgan.