Xattotlik va miniatyura san’ati Buxoroda yaxshi rivojlanib, rassomlar asosan qo`lyozmalarni naqshli bezash bilan shug`ullanib, ko`proq diniy kitoblarni bezagan. Amir Haydar davrida ijod qilgan Mir Mas`um Olamiyon "Axloqi Muhsiniy" kitobini va Sa`diyning she`riy asarlarini rasm bilan bezagan. Nasrulloxondavrida Mirzo Sodiq Jondoriy qo`lyozma kitoblarga lavhalar, Sa`diy va Hofiz asarlariga turmush manzaralari tasvirlangan rasmlar ishlagan.
Ahmad Donish (1827-1897) olim, faylasuf, shoir bo`lib, 20 yil Buxoro saroy kutubxonasida xattot va rassom bo`lib ishlagan. U astranomiya, tibbiyot, riyozat, me`morchilik, musiqa ilmini; xattotlik, rassomlik va rang berish san’atini o`rgangan edi. Ahmad Donish "Ajoyib at-tabaqot", "Shohi darvesh" qo`lyozma asarlarni ko`chirgan, bezagan va rasm ishlagan.
Musiqa san’ati markazlaridan biri bo`lgan Buxoroda XVIII asr oxirida Buxoro "Shashmaqomi" vujudga kelgan. U Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlaridan hamda 250 dan ortiq kuy va ashuladan tashkil topgan. Maqom ashulalarining she`riy matni Rudakiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Bobur, Nodira, Mashrab kabi turkiy va forsiy shoirlarning lirikasidan tuzilgan. Shashmaqom og`zaki tarzda ustoz-shogird an`anasi shaklida avloddan-avlodga o`tib kelmoqda.
* Maqom - musiqada bir qismli yoki turkumli cholg`u va ashula yo`llari; musiqiy uslub.
IV bob: Xiva xonligiXVI – XVIII asr 1-yarmida
19-§. Xiva xonligining tashkil topishi
Xonlikning tashkil topishi. Xorazm Shayboniyxon bosqini arafasida Xuroson davlati tasarufida edi, qo`ng`irot qabilasidan Chin So`fi hokim bo`lib, u rasman Husayin Boyqaro noibi hisoblanardi. Xorazmni 1505 yil Shayboniyxon, 1510 yil Eron shohi Ismoil bosib oldi. Xorazmliklar safaviylar hukmronligiga qarshi kurash boshlanadi. Xorazmning mo``tabar zotlari taxtga Shaybon avlodlaridan Berka sultonning o`g`li Elbarsxonni o`tqazishga qaror qildi, u Dashti Qipchoqda edi. Berka Sulton va Shayboniyxon xonadonlari bir shajaradan bo`lsada, dushmanlik munosabatida edi, Muhammad Shayboniyxon 1480 yil taxt uchun kurashda Berka Sultonni o`ldirishi buning sabablaridan biri edi.
Xorazm xalqi Elbarsxon etakchiligida 1512 yil Eron qo`shinlarini butunlay quvib chiqarishga muvaffaq bo`ldi. Xorazm mustaqilligi tiklandi va bu yangi davlat 1512 yil Xiva xonligi deb atala boshlandi, Xiva xonligi asososchisi Elbarsxon ham Shayboniylar (1512-1770) vakili edi. Xiva xonligida shayboniylar hukmronligi 1770 yilgacha davom etdi. Elbarsxon davrida poytaxt Vazir shahridan Urganch shahriga ko`chirildi. Elbarsxon Vazir shahrini Eron qo`shinidan ozod qilgach, bu g`alaba sharafiga o`g`illari nomiga "g`ozi" laqabini qo`shib aytishni buyurgan. Elbarsxon davrida Dashti Qipchoqdan Xorazmga ko`plab o`zbek qabilalar ko`chib kelishi natijasida hukmdorlarning ijtimoiy tayanchi mustahkamlandi va xonlik hududini qo`shni davlatlar hisobiga kengaytirish imkonini ham berdi.
* G`ozi - musulmon haq dini uchun kurashuvchi.