Ichki savdo. Davlat hayotida iste`mol ehtiyojlari ishlab chiqarish ustun bo`lmadi. Bu esa yuqori mehnat unumdorligini ta`minlovchi yirik mashinalashgan ishlab chiqarishdan foydalanish ehtiyojini vujudga keltirmadi. Oddiy hunarmandchilik ishlab chiqarishi manufaktura ishlab chiqarishi darajasiga ko`tarilmadi. Shuning uchun ichki bozorda odatdagi hunarmandchilik va qishloq xo`jaligi mahsulotlari savdosi etakchi o`rin egallagan.
Buxoro bozorida narx va tarozining to`g`riligi qattiq nazorat qilingan. Xaridor haqqiga xiyonat qilganlar qattiq jazolanib, yarim yalong`och holda aravada bozor ahliga sazoyi qilinib "Men shayton yo`liga kirib, xaridorni aldadim" deb jar solishga majbur etilgan. Buxoro bozorlari faqat xo`jalik vazifasini o`tamasdan, jamoat va madaniyat markazi vazifasini ham o`tagan. Xususan, bozorlarda hukmdorning farmonlari o`qib eshittirilgan, aybdorlar jazolangan, bayram kunlari turli tomoshalar ko`rsatilgan.
Tashqi savdo aloqalarini Buxoro: Hindiston, Afg`oniston, Eron, Xitoy bilan olib borgan. Buxoro bu davlatlarga ip gazlamalar, baxmal, qog`oz, egar-jabduqlar, qurollar va mevalar chiqargan. Buxoroda hind savdogarlari va sudxo`rlari yashaydigan alohida mahallalar bo`lgan. Hind savdogarlari hind gazlamalari, bo`yoqlari, shifobaxsh va ziravor o`tlar, dori-darmonlar, qand-shakar bilan savdo qilgan. Buxoro chorvachilik mahsulotlari, tuyalar va hunarmandchilik buyumlari bilan ta`minlovchi qozoq aholisi bilan keng savdo olib borgan. Buxoro bozorlarida qozoqlarning mashhur bo`lgan xom teri, qo`y terisini turli ranglarga bo`yab tikkan kamzullari eng xaridorgir edi. Qozoqlar bilan savdo aloqalarida qoraqalpoqlar vositachilik qilgan. Buxoro bozorlariga turkmanlarzotdor otlar olib kelib sotganlar.
Buxoro amirligining Rossiya bilan savdo aloqalari o`sib bordi. Orenburgda Buxoro savdogarlarining qarorgohi bo`lib, 1804 yil 20 xonadaon yashagan; 1825 yil 30 xonadon yashagan, ular Rossiya-Buxoro o`rtasidagi savdoda muhim o`rin tutgan. Orenburgdagi buxoroliklar 1812 yil Napoleonga qarshi jangda ishtirok qilgan. Buxorodan chiqqan karvon 2 oyda Orskka etib borgan; savdo karvoni 5 ming tuyadan iborat bo`lgan. Buxoro xonligining O`rta Osiyo-Rossiya tashqi savdosidagi ulushi 1844 yil 25 %ni tashkil etgan, 1864 yil 42 %ga ko`tarilgan.