Amir Haydar hukmronligi davri.Amir Shohmurod vafot etgach, taxtga amir Haydar (1800-1826) o`tirdi, uning tajribasizligidan foydalangan ayrim viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga bo`ysunmaslikka uringan. Amir Haydar qiyinchilik bilan ularning aksariyatini bo`ysundirgan. Aksariyat viloyatlarning mustaqilligi tugatilgach, davlat erlari ko`paygan, natijada davlat erlarini ijaraga olib ishlovchilar soni oshgan va iqtisodiyot tez o`sgan, ichki va tashqi savdo ham o`sdi.
Amir Haydar eng bilimdon hukmdorlardan bo`lgan, Qur`onni yoddan bilgan. Amir huzurida diniy va ilmiy mulohazalar o`tkazilib turilgan. Buxoro madrasalariga chet davlatlardan o`qishga keluvchilar oshgan. Amir Haydar ham madrasa talabalariga ma`ruzalar o`qigan. Ammo u to`la osoyishtalikni ta`minlay olmagan, bunga jamiyatdagi adolatsizliklar ham sabab bo`lgan. Xalq noroziligidan ayrim viloyat hokimlari va yirik zodagonlar mustaqil bo`lish uchun foydalanishga intilgan. Haydarning ukasi Dinnosirbek hokimlik qilayotgan Marv viloyati aholisi 1804 yil qo`zg`olon ko`targan, Haydarga qarshi kuchlar bundan foydalanib Dinnosirbekni taxtga o`tqazmoqchi bo`lganlar. Haydar ularga qarshi Niyozbek parvonachi boshchiligida qo`shin yuborgan. Niyozbek buyrug`i bilan Marvni suv bilan ta`minlab turgan Sultonband to`g`onini buzib tashlagach, suvsiz qolgan marvliklar jang qilmay boshqa yurtlarga ketishga majbur bo`ldilar. Dinnosirbek Erondan boshpana topgan.
Harbiy harakatlar mehnatkashlarning ahvolini og`irlashtirgan, shuningdek harbiy harakatlar uchun qoracherikka safarbarlik va er solig`ining muddatidan oldin yig`ib olinishi oqibatda 1821 yil Miyonqolda qo`zg`olon ko`tariladi. Amir Haydar qo`zg`olonni to`la bostirolmagach, qo`zg`olonchilarga yon bosib, ularning mulki daxlsizligi haqida yorliq berishga majbur bo`ladi.
Amir Nasrullo hukmronligi.Amir Haydar vafot etgach, uning ikki o`g`li qisqa vaqt taxtga o`tirgan, ular fitna qurboni bo`lgach, Haydarning 3-o`g`li Nasrullo (1826-1860) taxtni egallagan. U amirlik tarkibiga rasmangina kirgan bekliklarni yagona davlatga birlashtirish yo`lida qat`iyat bilan kurash olib bordi. Nasrulla qanchalik qattiqqo`l bo`lmasin bekliklarning mustaqilligiga chek qo`yaolmadi. Kitob va Shahrisabzni bo`ysundirish 30 yil davom etgan, nihoyat 1856 yil Kitob va Shahrisabzni bo`ysundirgan.