Balansning aktiv va passiv tomonlarida korxona xo‘jalik mablag‘lari tarkibi, joylanishi va ishlatilishi yuqorida keltirilgan guruhlar bo‘yicha alohida-alohida turlari yoki ularning alohida guruhchalari bo‘yicha ko‘rsatiladi. Bunda xo‘jalik mablag‘lari va ularning manbaalarini alohida nomlari balans moddalari deyiladi.
Buxgalteriya balansining aktiv va passiv moddalarining umumiy balans tarkibidagi ulushi yoki proporsiyasiga qarab bu korxonaning qaysi mulk shakliga asoslanganligini yoki tarmoq xususiyatini bilib olish mumkin. Masalan: sanoat korxonalarining balansining aktiv tomonida xomashyo, tugallanmagan ishlab chiqarish, qurilish korxonalarining balansida kurilish materiallari va o‘rnatilmagan jihozlar, savdo korxonalarida esa tovar va tovarlarni umumiy balans summasidagi salmog‘i ko‘prok bo‘ladi.
Buxgalteriya balansining uzoq muddatli aktivlar qismida eng kam ish haqining 50 baravaridan yuqori bo‘lgan va bir yildan uzoq muddat xizmat qiladigan korxona aktivlari va joriy aktivlar qismida bir yildan kam xizmat qiladigan va eng kam ish haqining 50 baravaridan kam qiymatga ega bo‘lgan korxona aktivlarining puldagi ifodasi aks etadi. Bundan tashqari, balansda aktivlar likvidlik prinsipi asosida joylashgan.
Passiv tomon ikki qismdan iborat bo‘lib, 1-qism o‘z mablag‘lari manbaalari manbaalari deyiladi. Mazkur qismda korxona tashkil topishida korxona muassislari tomonidan ta’sis etilgan va boshqa korxonaga tegishli bo‘lgan barcha mablag‘lar ko‘rsatiladi. Majburiyatlar qismida esa korxonaning jami qarzlari va kelgusi davr xarajatlarining pul qiymatidagi shakli aks etgan bo‘ladi.
Inqirozni aniqlashda korxona buxgalteriya balansining aktivlari va majburiyatlarning jami balans tarkibidagi ulushi va boshqa shu kabi ko‘rsatkichlardan foydalaniladi.
Korxonada inqirozning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini hisoblashda mahsulotning bozordagi sotilish darajasi, korxona xarajatlarining iqtisodiy nochorlikka ta’siri va rentabellik ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi. Buni Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi 2-sonli hisobot shaklini tushunmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot choraklik hisobot bo‘lib, uning asosiy maqsadi korxonaning pirovard natijasi – sof foydani aniqlash hisoblanadi.
Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot shaklidan korxonaning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan va bog‘liq bo‘lmagan xarajat turlarini ajratish imkoniyati vujudga keladi. Xarajatlarni bu tartibda turkumlash iqtisodiy nochorlik yoki zarar ko‘rib ishlashning asl sababini aniqlashga va xarajatlarning samarali boshqaruvini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Hisobotda korxona tomonidan muayyan davr mobaynida topilgan daromadlarning ham manbaalari aks etgan bo‘lib, sof foydaga erishishga asosiy faoliyat yoki boshqa faoliyat daromadlari qanchalik darajada ta’sir qilganligini ham tahlil qilish mumkin. Buning muhim jihati shundan iboratki, amaliyotda ba’zi korxonalar iqtisodiy nochor bo‘lgani holda sof foyda bilan yilni yakunlashlari mumkin. Shunda moliyaviy atijalar to‘g‘risidagi hislbtni chuqurrov tahlil qilish foydaning manbaini aniqlab beradi.
Mazkur shaklni tuzishda qatorlarning o‘zaro kombinatsiyalarini to‘g‘ri tushunib olish moliyaviy natijalarning mantig‘ini tushunish uchun xizmat qiladi.