ARXEOLOGIK MADANIYAT - bir tarixiy davrga oid, ammo turli hududlarda joylashgan arxeologik yodgorliklarning umumiy belgilarini ifodalovchi tushuncha.
ARXEOLOGIYA (yunoncha arxeos - qadimiy, logos - fan ya“ni “qadimiylikni o“rganadigan fan”) - tarixni ashyoviy manbalar asosida o“rganuvchi va ular bo“yicha tarixiy o“tmishni qayta tiklovchi qadimiyat to“g“risidagi fan. Arxeologiya so“zini mil. avv. IV asrda Platon (Aflotun) qadimgi voqealar ma“nosida ishlatgan. Ilmiy maqsadlardagi dastlabki arxeologik qazishlar XVIII asr boshidan boshlangan. XIX asr yirik arxeologik kashfiyotlar davri bo“lib, arxeologiya fan sifatida shakllanib bordi.
ASHEL MADANIYATI- quyi paleolit davri madaniyati. Shu davrga oid tosh cho“qmor, bir yoki ikki tomoni uchirilib, o“tkir qilingan turli shakldagi chaqmoq toshlardan iborat qurollar dastlab Fransiyaning Am“en shahri yaqinidagi Sent-Ashelda topilgan va bu madaniyat shu joy nomi bilan atalgan. Ashel madaniyati davri odamlari ibtidoiy jamiyat tuzumining quyi bosqichida g“orlarda, daryo bo“ylaridagi pana yerlarda to“dalashib yashab, ovchilik bilan hayot kechirgan. Olovdan foydalangan. Ashel madaniyati G“arbiy va Sharqiy Yevropada, Kavkaz, Old Osiyo, Afrikada tarqalgan. O“rta Osiyoda Ashel madaniyatiga oid qarorgohlar Janubiy Qozog“istonda (Qoratov), Toshkent vodiysida (Selung“ur) va boshqa joylarda uchraydi.
ASHYOVIY MANBALAR– ko“hna manzil-makon, qabr, rasm va boshqa buyumlar (yodgorliklar), turli mehnat qurollar, ro“zg“or buyumlar, taqinchoqlar, ziynat buyumlar, sopol idishlar va ularning parchalari, shuningdek uy-joy qoldiqlari kiradi.
AVSTROLОPITEK (janub maymuni) – maymunsimon odam vakili; 3-4 million yil ilgari yashagan. Odamzotning hayvonlar olami (maymun)dan odamlar dunyosiga o“tishdagi qo“yilgan birinchi qadami edi. 1924-yil Janubiy Afrikadan topib o“rganilgan.
BRONZA DAVRI– ibtidoiy jamoa davrida jezdan mehnat qurollari ishlangan tarixiy bosqich. Ibtidoiy odamlar bir necha yuz va ming yillar davomida mehnat qurollarini faqat toshdan yasab keldilar. Mil. avv. IV mingyillikning boshlariga kelib, ayrim joylarda (O“zbekiston yerlarida mil. avv. III mingyillik oxiri – II mingyillikda) turli zeb-ziynat bezaklarini, ba“zi mehnat qurollarini misdan yasay boshlaydilar. Bu davrda misdan yasalgan mehnat qurollari mo“rt va yumshoq bo“lganligidan mustahkamroq qotishma olish uchun izlanish davom etgan va ma“lum davrdan so“ng qalayni misga qorishtirib bronza (jez) kashf etildi. Natijada mehnat qurollarining turi ko“paydi, bronzadan keskirroq tig“li qurol-yarog“lar yasala boshladi. Ovchilik va terimchilik ijtimoiy va iqtisodiy hayotda o“zining dastlabki ahamiyatini yo“qotdi. Ot, eshak, tuya va ho“kizdan transport vositasi sifatida foydalanildi. Hayvonlarga qo“shiladigan aravalar vujudga keldi. Bu davrda xo“jalikning, asosan, yaylov chorvachiligi va dehqonchilikka asoslangan ishlab chiqarish shakli qaror topdi. Amudaryo va Zarafshonning quyi qismi, Farg“ona vodiysining shimoli-sharqiy qismi va janubiy Surxon vohasi tabiiy geografik jihatdan qadimgi dehqonchilikning kelib chiqishi va rivojlanishi uchun qulay bo“lgan. Bu davrda O“zbekiston janubi va Afg“oniston shimolida rivojlangan Baqtriya dehqonchilik madaniyati vujudga keldi. O“zbekistonda 3 ta asosiy dehqonchilik vohasi – Sherobod, Sho“rchi va Bandixon shakllangan. Bu joylarda qadimgi ilk shahar madaniyati shakllana boshlagan. Bronza davriga mansub Sopollitepa, Mirshodi, Mo“lali, Jarqo“ton kabi urug“ jamoasining turar joylari – qishloq qo“rg“onlari, ilk shaharlari va qabrlar topilgan. Xorazmda mil. avv. II mingyillikning 2-yarmida bronza davrining Tozabog“yob madaniyati mavjud bo“lgan. Bu madaniyat Burgut qal“a vohasidagi Tozabog“yob kanali yaqinidan topilgan. Bu madaniyat dehqonchilik va irrigatsiya tarmoqlari ancha rivojlanganligi bilan farq qiladi (Ongqa-2, Qavat-3 makonlari, Ko“kcha-3 va boshqa mozorqo“rg“onlar). Bu davrda metall quyish texnikasi yuksak bo“lgan. Yassi tubli chizma boshoqsimon naqshlangan idishlar topilgan. Bronza metallurgiyasi rivojlangan. Xorazmda so“nggi bronza – ilk temir davriga Suvyorgan (mil. avv. II mingyillik) va Amirobod (mil. avv. I mingyillik boshi) madaniyatlariga mansub. Suvyorgan madaniyati 3 bosqichni (Qamishli, Bozorqal“a, Qovinchi) o“tgan. Urug“ jamoalari ovchilik, podachilik va dehqonchilik bilan shug“ullangan. Ijtimoiy hayotda dastlab ona urug“i an“analari kuchli bo“lgan, lekin keyingi ikki bosqichda erkaklarning jamoadagi mavqei ortgan. Ayollar erlarga iqtisodiy jihatdan qaram bo“la bordi. Katta oila jamoalarida ota huquqi qaror topib mustahkamlandi. Endi qarindoshlik otaga qarab belgilandi, urug“lar ichidagi munosabatlar otaning iqtisodiy va huquqiy hukumronligi asosida qurilib, bolalar ota mulkiga merosxo“r bo“la boshladi. Farg“ona vodiysida so“nggi bronza davriga mansub Chust madaniyati aholisining asosiy mashg“uloti dehqonchilik, chorvchilikdan iborat bo“lgan. Quyi Zarafshonning Zamonbobo madaniyati so“nggi bronza davrining Andronovo madaniyatiga juda yaqindir. Andronovo madaniyatining yuqori bosqichiga mansub yodgorliklar Xorazmda, Toshkentdagi Ko“kcha mozorida, Buxoro viloyatining Qorako“l tumabnida, Urgut tumanining Mo“minobod qishlog’ida, Chirchiq daryosi bo’yida – Achichiqko’l va Sergeli tepalarida topilgan. Toshkent vohasida so“nggi bronza davri Burganli madaniyatida aksini topgan. Bu vaqtda ibtidoiy jamoa shiddat bilan yemirilib, qabilalar o’rtasida dastlabki sinfiy munosabatlar vujudga keldi. Tadqiqotlar natijasida shu narsa aniqlandiki, mil. avv. II mingyillikning oxiri va I mingyillikning birinchi
choragida O’rta Osiyo hududida dastlabki qadimgi davlat tuzilmalarining paydo bo“lishi kuzatiladi.