1. Rus sharqshunosligi va arxeologiya Tarixiy ma`lumotlarga qaraganda, tarixchilik O`rta Osiyoda juda ham qadimdan boshlangan. Xorazmlik mashhur olim Beruniyning yozishiga ko`ra, arab istilochilari O`rta Osiyodagi mahalliy olimlarni yo`qotibgina qolmay, mahalliy til va mahalliy yozuvdagi asarlarni ham yo`q qilib, yondirib yuborganlar. SHu sababli eng qadimgi zamonlarda yozilgan asarlar saqlanmagan. Ming yil davomida yozilib kelgan tarixiy asarlar juda ko`p. Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Bal`amiyning «Tarix tabari tarjimasi» kabi asarlari yozilganiga ming yildan oshdi.
Lekin O`rta Osiyoda arxeologiya, yuqorida aytilganidek juda yosh fan. Rossiyada bu fan XVIII asrning o`rtalarida paydo bo`lib, XIX asrda ancha rivojlangan. O`sha vaqtda olimlar Rossiya erlarida ko`p topilgan O`rta Osiyo qadimgi tanga pullarini to`plab, ularni tekshirib, Rossiya bilan O`rta Osiyo xalqlarining qadimdan iqtisodiy aloqada bo`lib kelganligini isbot etdilar. XIX asrning ikkinchi yarmida, O`rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olingandan keyin, bu erga kelgan har bir mutaxassis va savodli kishi qal`alar xarobasini, sun`iy tepalarni, shaharlar xarobalarini, qadimdan qolgan bino xarobalarini ko`rib, ularning tarixini surishtira boshladilar. Natijada 1870 yillarda Toshkentda chiqa boshlagan gazeta va jurnallarda bu tarixiy yodgorliklar haqida turli ma`lumotlar e`lon qilina boshlandi. Bunday xarobalarni tekshirish jarayonida, hatto «xazina» izlab ba`zi tepalarni buzib yuborishgacha ham bordilar.
Bir guruh taraqqiyparvar rus ziyolilari — arxeologiya havaskorlari hozirgi tarix muzeyini tashkil etib, har joyda topilgan arxeologiyaga oid yodgorliklarni bu erga to`plashga kirishdilar. Rus sharqshunoslari N. I. Veselovskiy, V. V. Grigor’ev, I. Kallaur, V. V. Bartol’d, V. L. Vyatkin, shuningdek, o`zbek arxeologlaridan Akrompolvon Asqarov va boshqalar bu yodgorliklarni tarixshunoslik nuqtai nazaridan o`rganish ishida tashabbuschi bo`ldilar. O`rta Osiyoning cho`llari, tog`lari va qishloq erlaridagi ba`zi yodgorliklar haqidagi turli afsona va xabarlarni matbuotda e`lon qilish odat bo`la bordi. Bu ishga qozoq, o`zbek, tojik, turkman havaskorlari ham tortildi.
Hozir Toshkentdagi tarih san`at va tabiat muzeylarida to`plangan boy arxeologiyaga oid ashyolar to`plamining katta qismi o`sha havaskorlar tomonidan XIX asrda yig`ilgan.
Bundan tashqari, ular bir qancha muhim yodgorliklarda qazishma ishlari ham olib bordilar. Bu borada, ayniqsa, arxeolog-sharqshunos V.L.Vyatkinning xizmatlari alohida tahsinga loyiqdir. Rus sharqshunoslari buzib tashlangan Ulug`bek rasadxonasining izlarini topish uchun ko`p urindilar, nihoyat, Samarqandda istiq.omat qiluvchi V.L.Vyatkin qadimgi vasiqalarni o`rganish asosida rasadxonaning o`rnini aniqladi. 1908—1909 yillarda bu joy arxeologik yo`l bilan qazildi va rasadxonaning g`ildirak shakldagi binosining kursisi, binoning buzilgan g`isht va naqshlari hamda rasadxonaning sakkizdan bir qismi topildi. Bu ish tarix fani uchun katta kashfiyot bo`ldi. SHu bilan birga, arxeologiya havaskorlari qadimgi Samarqanddagi «Afrosiyob» tepaligida birmuncha qazishmalar o`tkazdilar.
XX asrning 20- yillarigacha O`rta Osiyoda arxeologiya mustaqil fan darajasiga ko`tarilmadi. Arxeologlar arxeologiya yodgorliklarini ma`lum tarixiy bosqichdagi ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyot natijasi deb baholay olmadilar, ishlab chiqarish munosabatlari qanday bo`lganini payqay olmadilar, madaniyatni ishlab chiqarish taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlar mahsuli deb tushuna olmadilar, balki uni bironta din bilan yoki birorta «alohida iqtidorli shaxslar» bilan bog`ladilar. So`ngra arxeologiya yo`li bilan topilgan buyumlarga faqat yozma tarixni tasdiqlovchi material sifatidagina qarab, arxeologiyaning imkoniyatlarini chegaralab qo`ydilar. SHuning uchun ham ular tarixning uzoq o`tmish davrlarini o`rganishga kirisha olmadilar.
Natijada, arxeologiya ham, tarixshunoslik singari, idealistik nazariya bilan sug`orilgan holda tarixchilarga jiddiy yordam bera olmadi.