Faoliyatning atributlari. Inson faoliyati o‘ta rang-barangdir. Yuqorida qayd etib o‘tilganidek,
faoliyat turlarini tasniflash uchun asos bo‘lib uning inson tomonidan o‘zgartiriladigan ob’ekt:
tabiat, jamiyat, insonning o‘ziga qaratilganligi xizmat qiladi. Faoliyat atributlari (xossalari)
faoliyatni motivlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini tavsiflaydi. Faoliyat atributlari
orasida, avvalo, sub’ektlilik va moddiylik qayd etiladi.
Sub’ektlilik va moddiylik. Faoliyatning sub’ektliligi shu bilan izohlanadiki, u shaxsning
o‘tmishdagi tajribasi, uning ehtiyojlari va mo‘ljallari, motivlari va maqsadlari, emotsiyalari va
irodasini tavsiflovchi xususiyatlari, bilish qobiliyatlari va hokazolar bilan belgilanadi.
Faoliyatning moddiyligi insondan tashqarida joylashgan va uning qo‘li bilan o‘zgartiriladigan
tabiat va jamiyat kuchlariga qaratilganini anglatadi. Ammo insonning o‘zi, uning o‘z-o‘zini kamol
toptirishi, o‘z-o‘zini tarbiyalashi va shaxs o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadlarga erishishga qaratilgan
tegishli harakatlar ham o‘zgartirish faoliyatining predmeti bo‘lishi mumkin. Inson faoliyati
mehnat qurollari yordamida amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy farqlaridan biri
qurollilik hisoblanadi. «Quruq qo‘l ham, o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan aql ham katta kuchga ega
emas, – degan edi F.Bekon. – Ish qo‘lga ham, aqlga ham kerak bo‘lgan qurollar va vositalar
yordamida bajariladi»
38
.
Faoliyatni tartibga solish mexanizmlari. Faoliyatni tartibga solishning umumiy mexanizmlari
qatoriga insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlari tizimini to‘la qamrab oladigan
va madaniyat algoritmi bo‘lib xizmat qiladigan rang-barang ijtimoiy qadriyatlar va me’yorlarni
kiritish lozim. Xulq-atvor, odatlar va an’analarning ijtimoiy-madaniy me’yorlari, qoidalarining
mavjudligi va rivojlanishi inson faoliyatini tartibga solish omili hisoblanadi. Me’yorlar muayyan
sharoitda odamlar o‘zini qanday tutishi lozimligini belgilaydi va inson faoliyatida bevosita ishtirok
etib, ijtimoiy va tabiiy sharoitlarga shaxsning moslashuvini ta’minlaydi, ijtimoiy jarayonning
38
Бэкон Ф. Новый Органон. Афоризмы об истолковании природы и царства человека: Соч.:в 2 т. Т. 2. –М.: 1978 г.