Zakot. Zakot moli nisobga (ma’lum miqdorga) yetgan musulmonlarning faqir-u miskinlarga berilishi shart bo‘lgan to‘lovidir.
Haj – Ka’batulloh atrofida tavof qilish, ya’ni aylanish, Safo va Marva tepaliklari orasida yugurish, Arafot vodiysida bo‘lish va ibodat bilan bog‘liq zarur marosimlarni ado qilishdan iborat bo’lib, qodir bo‘lgan kishi uchun umrida bir marotaba Makka shahriga ziyoratga borishdir.
Shariat – islom diniy qonunlari tizimi. Shariat musulmonlarga diniy marosimlarni qanday bajarish bilan birga, ijtimoiy hayotda uchraydigan muammolarni hal etish yo‘llarini ham ko‘rsatib beradi. Qur’oni karim va hadislardan tashqari, ijmo va qiyos ham shariat manbalari hisoblanadi. Qur’on va hadisda javobi topilmagan huquqiy masalalar ijmo va qiyos orqali hal etiladi.
Ijmo – islom qonunshunosi (faqih) va islom huquqi masalalarida mustaqil fikr yuritish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning to‘planib yagona fikrga kelishi, ya’ni hukm chiqarishidir. Ijmo Qur’on va hadisga tayangan holda amalga oshiriladi va ularga zid bo‘lmaydi.
Qiyos – biror-bir jarayonga Qur’oni karim, hadis va ijmodan javobi topilmaganida shunga o‘xshash boshqa voqea-hodisani taqqoslash yo‘li bilan hukm chiqarishdir. Shariatda amallar quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) farz; 2) vojib; 3) sunnat; 4) mustahab; 5) mandub; 6) muboh; 7) makruh; 8) harom.
Farz – bajarilishi majburiy hisoblangan xatti-harakatlar.
Vojib – farzdan keyin turadigan zarur amallar.
Sunnat – bajarilishi lozim va savobli amallar.
Mandub – bajarilishi majburiy bo‘lmagan, lekin bajarilsa ma’qul va savobli deb hisoblanadigan xattiharakatlar.
Mustahab – ulamolar tomonidan ma’qullangan amallar.
Muboh – taqiqlanmagan xatti-harakatlar.
Makruh – qat’iy taqiqlanmagan, lekin ma’qul ko‘rilmaydigan xatti-harakatlar.
Harom – qat’iy ravishda taqiqlangan xattiharakatlar.
Qur’onning tarkibiy tuzilishi va jamlanishi. Hadis. Qur’on va hadislar islom dinining asosiy manbalaridir. Islom ta’limotiga ko‘ra, Qur’on Alloh tomonidan 23 yil mobaynida Muhammad (s.a.v.)ga farishta Jabroil (a.s.) orqali ba’zan oyat-oyat, ba’zan esa to‘liq sura tarzida nozil qilingan muqaddas kitobdir. Qur’oni karim 114 suradan iborat. Sura Qur’ondan bir bo‘lak bo‘lib, eng kami 3ta, eng ko‘pi 286 oyatni o‘z ichiga oladi. Eng birinchi sura “Fotiha” (Ochuvchi), oxirgisi “Nos” (Odamlar) deb ataladi. Qur’oni karim 13 yil Makkada va 10 yil Madinada nozil bo‘lgan.
“Qur’on” arab tilidan tarjima qilinganda “o‘qish” degan ma’noni anglatadi.
Islom ta’limotiga ko‘ra, insonlar Allohga va uning payg‘ambariga bo‘ysunish bilan bir qatorda, tinchlik, qon to‘kmaslik, hamjihatlik, ahillik, ezgulik, ota-onani hurmat qilish va odob-axloq qoidalariga ham amal qilishlari lozim. Begunoh insonlarning qonini to‘kish eng og‘ir gunoh sanaladi. Islomning muqaddas kitobi Qur’oni karimda yer yuzida buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi yomon ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabi gunohkor ekanligi, aksincha, uni o‘limdan qutqarib qolgan odam esa, barcha odamlarni saqlab qolganga tenglashtiriladi. Dastlab Qur’oni karim oyatlari tarqoq holda bo‘lib, kitob holiga keltirilmagan. Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan so‘ng, Abu Bakr davrida Umar ibn Xattob tomonidan Qur’onni kitob holida jamlash taklif etildi. Jamlangan Qur’on “Mus’haf” deb ataldi.
Abu Bakrning xalifalik davrlarida bu Mus’haf xalifa huzurida turdi. Hazrat Umarning davrlarida ham xalifaning qo‘lida bo‘ldi. Qur’onni ikkinchi bor kitob holatiga keltirish uchinchi xalifa Usmon ibn Affon tomonidan amalga oshirildi. Usmon ibn Affon xalifaligining ikkinchi yilida Qur’on tilovati borasida ixtiloflar kuchaydi. Bu holatni ko‘rib, xavotirga tushgan Usmon ibn Affon Qur’on oyatlarini bir kitobda jamlashga buyruq berdi.
Mazkur ish amalga oshirilgach, boshqa barcha sahifalarni kuydirishga buyurdilar. Yagona Mus’hafdan bir necha nusxa ko‘chirildi va har bir mintaqaga bittadan yubordilar. Bu Mus’haf nusxalari turli musulmon o‘lkalarida hurmat bilan kutib olindi va undan juda ko‘plab nusxalar ko‘chirildi. Usmon ibn Affon turli yurtlarga yuborgan Mus’haflarning soni oltita. Ulardan biri (asl nusxa) Toshkentda saqlanadi.
Hadis islom dinining Qur’ondan keyingi ikkinchi manbasidir. “Hadis” so‘zining arab tilidagi lug‘aviy ma’nosi “so‘z”, “yangi”, “suhbat”, “hikoya”, “rivoyat” ma’nolarini anglatadi. Hadisning shar’iy mazmuni – Muhammad (s.a.v.)ning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, ko‘rib yoki eshitib qaytarmagan ishlari yoki u kishiga berilgan sifatlarni o‘zida mujassam qilgan xabar va rivoyatlardir. Ba’zan hadis so‘zi o‘rniga sunnat so‘zi ham ishlatiladi.
“Sunnat’ so‘zining lug‘aviy ma’nosi – “odat”, “tariqa”, “yo‘l” bo‘lib, istilohda Payg‘ambar odatlari, tutgan yo‘li, taqrir (ko‘rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan ishlatiladi. Hadislar o‘zidagi ma’lumot mohiyatiga qarab ikkiga bo‘linadi:
1) Hadisi-qudsiy. Payg‘ambar (s.a.v.) Alloh nomidan aytgan hadislar;
2) Hadisi-nabaviy. Muhammad (s.a.v.) o‘z nomlaridan aytgan hadislar.
Hadislar ilk islom davrida Qur’oni karim oyatlariga aralashib ketishi ehtimoli bo‘lgani uchun, faqat og‘zaki ravishda boshqalarga yetkazilgan. Qur’on oyatlarining aksariyat qismi nozil bo‘lgandan so‘ng, hadislarni yozma qayd qilib borishga ijozat berilgan. Islom ta’limotiga binoan, Qur’on oyati yoki hadisni har qanday odam o‘z bilganicha talqin qilishi gunoh hisoblanadi.
Qur’on va hadislarni faqat shu sohada yetuk bo‘lgan olimlargina tushuntirib berishi mumkin. Ular asosida hukm chiqarish vazifasini islom shariati bilimdonlari – ulamolar amalga oshiradi.