2. Qishloq xo’jaligida infratuzilmaning turlari va ularning tashkil etilishi.
Qishloq xo’jaligi infratuzilmasi – tarmoqdagi korxonalarning samarali
faoliyatini ta’minlash, qishloq xo’jaligining pirovard mahsulotini ko’paytirish va
sifatini yaxshilashga yo’naltirilgan sohalar majmuidir. Qishloq xo’jalik
korxonalarining faoliyatida infratuzilma sohalari, jumladan elektr energiyasi
ta’minoti, transport xizmati, aloqa xizmati, mahsulotni saqlash joylari, ta’mirlash
va texnik xizmat, moddiy-texnika ta’minoti tashkilotlari, muhandislik,
zooveterinariya, agrokimyo xizmati, mahsulotlarni iste’molchiga yetkazib berishni
ta’minlaydigan tashkilotlar va boshqa shu kabilarning rivojlanishi ham muhim
ahamiyat kasb etadi.
Ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir darajasiga ko’ra qishloq xo’jaligi
infratuzilmasi ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmalaridan tashkil topadi.
Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish infratuzilmasi.
Qishloq xo’jaligining
ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga bevosita qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish
jarayoniga xizmat qiluvchi sohalar kiradi: ishlab chiqarishga yo’naltirilgan
transport, yo’l xo’jaligi, ta’mirlash ustaxonalari, ombor xo’jaliklari,
kommunikatsiya tizimi va telegraf, aloqa, elektroenergiya uzatish liniyalari, texnik
xizmat stansiyalari, ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyalari, o’simliklar muhofazasi,
veterinariya xizmati va boshqa shu kabi xizmatlar ko’rsatuvchilar kiradi (2-rasm).
2-rasm. Ishlab chiqarish infratuzilmasining tarkibi
Ishlab chiqarish infratuzilmasining shakllanishiga ko’pgina omillar ta’sir
etadi. Ularning ichida tuproq-iqlim sharoiti, hudud relyefi, suv bilan ta’minlanishi,
yo’llar holati, korxonaning joylashishi, ishlab chiqarish obyektlarining joylashishi,
qo’llanilayotgan
texnologiyalar,
ishlab
chiqarish
ixtisoslashishi
va
konsentratsiyalashish darajasiga alohida e’tibor beriladi.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish infratuzilmasini tashkil etishda
agrosanoat majmuasining ham o’rni katta. Chunki agrosanoat majmuasining
uchinchi bo’g’iniga qishloq xo’jaligiga turli xizmatlarni ko’rsatuvchi sohalar kirsa,
to’rtinchi bo’g’iniga esa qishloq xo’jalik mahsulotlarini saqlash, tayyorlash va
qayta ishlash bilan shug’ullanuvchilar kiradi. Demak, qishloq xo’jaligi ishlab
chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishda agrosanoat majmuasi faoliyatini
takomillashtirish va unga kirivchi sohalar korxonalari bilan qishloq xo’jalik
korxonalarining aloqalarini mustahkamlash ham muhim ahamiyatga ega.
Qishloq xo’jaligiga xizmat ko’rsatuvchi ishlab chiqarish infratuzilmasi
sohalarining ayrimlari davlat tasarrufida qolgan bo’lib, bular qatoriga elektr
uzatish, yo’l xo’jaligi, aloqa va boshqa shu kabi tarmoqlar kiradi. Bu tarmoqlar
rivojlangan davlatlardagi kabi davlat tasarrufida bo’lib qolishi maqsadga
muvofiqdir. Chunki bozor munosabatlari sharoitida mazkur tarmoqlarda faoliyat
yurituvchi yirik korxonalar soni kam bo’ladi va ular xususiylashtirilsa, yirik
monopolistlar paydo bo’lishi mumkin.
Qishloq xo’jaligi korxonalari faoliyatida ishlab chiqarish infratuzilmasining
bir turi bo’lgan aloqa xizmatining o’rni va ahamiyati juda muhimdir. Chunki,
qishloq xo’jalik korxonalarida operativ hisobni yuritishda aloqa xizmati muhim
ahamiyat kasb etadi. Bunda xo’jalikning ichki tizimida bo’layotgan barcha
jarayonlardan operativ hisob orqali xabardor bo’lib turish hamda yuzaga kelgan
muammolarni o’z vaqtida hal etish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari,
yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda bozor konyunkturasini o’rganish va
baholarning o’zgarib turishidan xabardor bo’lish jarayonida ham aloqa xizmati
zarur bo’ladi. Aloqa tizimining eng zamonaviy uskunalaridan foydalanish qishloq
xo’jalik korxonasida ishlab chiqarish jarayonini to’g’ri tashkil etish va xarajatlarni
tejashga ko’maklashadi.
Ishlab chiqarish infratuzilmasining asosiy sohalaridan biri yo’l xo’jaligidir.
Qishloq xo’jaligida eng ko’p tarqalgan va asosiy tarmoq avtomobil yo’llari
hisoblanadi. Tarmoqlararo xarakterga ega bo’lgan yo’llar qishloq xo’jaligida ishlab
chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchilargacha yetkazish kabi keng ko’lamli va
salmoqli vazifalarni bajaradi. Xo’jalik ichidagi yo’llar mahsulot ishlab chiqarish
bilan bog’liq bo’lgan barcha faoliyatlarga xizmat qiladi. Qishloq xo’jaligida
yo’llarning joylashishi, asfaltlanganlik darajasi va tekisligi ishlab chiqarish
samaradorligini oshirishda o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Ishlab chiqarish infratuzilmasining muhim turlaridan biri – temir yo’l
transportidir. Temir yo’l transporti barcha davlatlar iqtisodiyotining asosiy qon
tomiri hisoblanadi. Ayni vaqtda mamlakatimizda yuk tashishning qariyb 70 foizi,
eksport va import uchun yuk tashish umumiy hajmining esa 80 foizi temir yo’l
orqali amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda temir yo’l tizimini rivojlantirish
bo’yicha ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqarish infratuzilmasining muhim sohalaridan yana biri elektr
ta’minoti tizimidir. Xalq xo’jaligining barcha tarmoqlaridagi kabi qishloq
xo’jaligida ham elektr energiyasi bilan ta’minlanganlik va undan foydalanish
muhim ahamiyat kasb etadi. Qishloq xo’jaligida elektr energiyasi asosan yoritish,
isitish, suv ko’tarib beruvchi nasos stansiyalarni elektrlashtirish, statsionar va
ko’chma sug’orish agregatlarini elektrlashtirish, inkubatorlarda, issiqxonalarda
hamda chorvachilik fermalarida mikroiqlim hosil qilish va boshqalar uchun
ishlatiladi.
Elektr uzatish tarmoqlari va tarqatuvchi hamda ishlab chiqaruvchi obyektlar
qurilishi qanchalik mustahkam va kafolatli darajada bo’lsa, nafaqat qishloq
xo’jaligi, balki, xalq xo’jaligining barcha sohalari samarali faoliyat ko’rsatishi
ta’minlanadi. Bu tarmoqning qishloq xo’jaligidagi o’rni juda muhimligi shundaki,
u birinchidan, ekinlarni sug’orish bilan bog’liq bo’lgan jarayonlarda suv ko’tarish
qurilmalari uzluksiz ishlashi, ikkinchidan, yetishtirilgan ayrim mahsulot turlarini
omborxonalar va sovutgichlarda buzilmasdan saqlanishini ta’minlaydi. Bundan
tashqari, elektr uzatish tarmog’i chorvachilik sohasi yoki parrandachilik
tarmoqlarida elektr energiyasidan foydalanish jarayonida yetishtiriladigan
mahsulot miqdori va sifatini oshirishda o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish jarayonini elektrlashtirish korxonalarning
xo’jalik faoliyati keskin rivojlanishiga olib keladi. Qishloq xo’jaligi ishlab
chiqarishini elektrlashtirish mehnat unumdorligini oshiradi, ishlab chiqarish
xarajatlarini kamaytiradi. Masalan, g’allachilikda elektr energiyasidan foydalanish
mehnat unumdorligini oshiradi. G’allani tozalashda «OS-1», «OS-3», «OB-10»
markali g’alla tozalash mexanizmlaridan foydalanish mehnat sarfini 2025 foiz,
mahsulot tannarxini esa 15-35 foiz kamaytiradi.
Chorvachilikda elektr energiyasidan foydalanish mehnat sarfini keskin
kamaytirishga olib keladi. Elektr energiyasidan foydalanish fermadagi bir qator
ishlar, shu jumladan, suv bilan ta’minlash, ozuqalarni hayvonlarga berish,
sigirlarni sog’ish, yuklarni tashish, qo’y junlarini qirqish, sutga dastlabki ishlov
berish, inkubatsiya va hokazo ishlarni mexanizatsiyalar yordamida bajarish
imkonini beradi.
Yem-xashakni molga berish oldidan tayyorlash ishlarida elektr energiyasidan
foydalanish mehnat sarfini 75-90 foizga kamaytiradi, ozuqa sifatini yaxshilaydi.
Chorva mollarini sog’ishni elektrlashtirish katta ahamiyatga ega. Sigir sog’ish
apparatlari yordamida sog’ilganda mehnat sarfigina tejalib qolmay, balki
sog’uvchilarning mehnati ham yengillashadi. 1 sentner sut qo’lda sog’ilganda 4,4
kishi-soat sarflangani holda, sog’ish apparati yordamida sog’ilganda 2,5 kishi-soat,
sog’ish zalida sog’ilganda esa 1,8 kishi-soat sarflanadi. Chorvachilikda elektr
energiyasidan foydalanish sut sog’ib olish mehnatini tejabgina qolmay, balki
sog’iladigan sutning tozalik darajasini ham oshiradi.
Qo’y junini mexanizmlar bilan qirqish mehnat unumdorligini 3-4 barobar
oshiradi. Qirqib olingan jun sifati ham ancha yuqori bo’ladi.
Parrandachilik fermalarini tunda elektr energiyasi bilan yoritish natijasida
tovuq va o’rdaklardan olinadigan tuxum 25-30 foizga ko’payadi. Elektr
energiyasidan xo’jalikdagi yordamchi tarmoqlarda, jumladan, ustaxona, tegirmon,
yog’och arralash va hokazo ishlarda foydalanish katta iqtisodiy samara beradi.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish infratuzilmasining yirik tarmoqlaridan
yana biri transport xo’jaligi hisoblanadi. Qishloq xo’jaligida transport xizmati
yordamida korxonalar bir-biri bilan bog’lanib, ishlab chiqarish jarayoni uzluksiz
davom etishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Transport vositalaridan
foydalanish mahsulot ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilish uchun
sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi, vaqtni qisqartiradi, mehnat unumdorligini
oshiradi va pirovard natijada mahsulot tannarxini pasaytiradi.
Transport vositalaridan unumli foydalanish qishloq xo’jaligida yo’llar qurish,
ularning yuk tashish qobiliyatini oshirish, ta’mirlash ishlarini muntazam ravishda
olib borish, yo’l xo’jaligi ixtiyoridagi texnikani takomillashtirish va ulardan
unumli foydalanishni talab etadi. Kuzatishlar avtomobilning yuk ko’tarish
qobiliyati qattiq qoplamali yo’llarda qattiq qoplamasiz yo’llardagiga nisbatan 25-
80 foiz, tezligi 2-3 marta oshishini, yonilg’i sarfini esa 2 marta kamayishini
ko’rsatadi. Shuning uchun xo’jaliklararo va xo’jalik ichidagi yo’llarni
rekonstruksiyalash va o’z muddatida ta’mirlash, yo’l qurilishini kengaytirish va
qishloq xo’jaligini yanada intensiv rivojlantirish uchun real sharoitlar yaratadi.
Qishloq xo’jaligida transport vositalaridan foydalanish xalq xo’jaligining
boshqa tarmoqlariga nisbatan o’ziga xos xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlarga
quyidagilar kiradi:
-
qishloq xo’jaligi mahsulotlari keng hududda yetishtirilishi tufayli ularni
tashish bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi;
-
qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining mavsumiyligi tufayli yuk tashishni yil
mobaynida bir me’yorda amalga oshirib bo’lmaydi, ayrim hollarda katta
miqdordagi yuklarni qisqa vaqt ichida tashish zarurati paydo bo’ladi;
-
turli xil transport vositalari talab etiladi;
-
tashiladigan yuklar turi, hajmi, xususiyatiga ko’ra turlicha bo’ladi; - yuk
tashish masofasi odatda uzoq bo’ladi.
Qishloq xo’jaligida transport vositalaridan foydalanishning bu xususiyatlari
qishloq xo’jaligi mahsulotlari tannarxida transport xarajatlari miqdorining
oshishiga olib keladi. Hisob-kitoblarga ko’ra, transport xarajatlari don mahsulotlari
tannarxida 26 foizni, makkajo’xori tannarxida 15 foizni tashkil etadi.
Yetishtiriladigan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini iste’molchilargacha bo’lgan
uzluksizligini ta’minlashga ishlab chiqarish infratuzilmasining yana bir yirik
tarmog’i - mahsulotlarni saralash, tayyorlash, saqlash va sotish bilan bog’liq
bo’lgan sohalar xizmat qiladi. Xo’jaliklarda mahsulot ishlab chiqarilgandan so’ng
uni saralash va tayyorlash ishlari olib boriladi. Bu esa, o’z navbatida, mahsulotlarni
saqlash uchun tayyorgarlik ko’rishga imkon yaratadi. Chunki saralash jarayonida
mahsulotning pishish darajasi, navi va turiga qarab, saqlash dasturi ishlab
chiqiladi. Mahsulotning bir qismini qayta ishlashga topshirish, ikkinchi bir qismini
esa saqlash masalasi hal etiladi. Mahsulotlarni saralash ishlari olib borilmasa yoki
saralash jarayonidagi e’tiborsizlik va kamchiliklar tufayli isrofgarchilikka yo’l
qo’yilishi mumkin. Saralangan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini tayyorlash ishlari
ularning sifatiga katta ta’sir ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining ayrim mahsulotlariga,
ayniqsa, meva va sabzavotlarga tez va soz xizmat ko’rsatilsa, ma’lum qismi
tayyorlov tashkilotlariga sotilsa, nobudgarchilikka yo’l qo’yilmaydi. Qishloq
xo’jaligi korxonalarida yetishtiriladigan meva, sabzavot va don mahsulotlarini
saqlash, birinchidan, xo’jaliklar moliyaviy holatining yaxshilanishiga ta’sir
ko’rsatsa, ikkinchidan, iste’molchilarning ushbu mahsulotlarga bo’lgan talabini yil
davomida doimiy qondirish imkonini beradi. Chunki, ushbu mahsulotlar
insonlarning oziq-ovqatga va turli vitaminlarga bo’lgan ehtiyojini qoplashda juda
muhim ahamiyatga egadir.
Meva va sabzavotlarni saqlashda maxsus omborlarni tashkil etish muhim
ahamiyatga ega. Omborlarda faol ventilyatsiya tizimi mavjud bo’lganda mahsulot
yaxshi saqlanadi. Hozirgi paytda meva va sabzavotlarning gaz muhitini boshqarib
saqlash Niderlandiya, AQSh,
Germaniya, Xitoy va boshqa shu kabi rivojlangan mamlakatlarda keng
qo’llaniladi. Bundan tashqari, asrlar davomida ajdodlarimizning qishloq xo’jalik
mahsulotlarini saqlash bo’yicha tajribalaridan ham unumli foydalanish maqsadga
muvofiqdir.
Chorvachilik mahsulotlarining ko’pgina turlari ham tez buziluvchi bo’lib,
ularni ma’lum muddat maxsus sovutiladigan inshootlarda saqlashni talab etadi.
Masalan, sut, go’sht, tuxum va boshqa shu kabi mahsulotlarni maxsus inshootlarda
saqlab, uni sotishni yo’lga qo’yish qishloq xo’jalik korxonasining daromadlari
ko’payishiga xizmat qiladi. Chunki ularning tez buziluvchanligi sababli qishloq
xo’jaligi korxonalari ushbu mahsulotlarni arzon baholarda bo’lsa ham tezroq
sotishga harakat qiladi, ayrim hollarda esa ushbu mahsulotlarning sifati buzilishi
katta miqdordagi zararlarni keltirib chiqaradi. Shu sababli chorvachilik tarmog’ida
ham tayyorlash va saqlash xizmatini ko’rsatuvchilarga ehtiyoj mavjud.
Dostları ilə paylaş: |