Zog`ora baliq (sazan)- (Cyprinus carpio) (sazan) —uzunligi 50—60 sm (baʼzan 1 m gacha), vazni 1,8—4,5 kg (baʼzan 16 kg va undan ortiqroq) bo`lgan baliq. Ogʻzi boshining pastki tomonida. Suzgich qanotlari qizgʻish tovlanib turadi. Yuqori labi va ogʻzi chetlarida bir juftdan moʻylovlari boʻladi. Oʻrta, Qora, Azov, Kaspiy va Orol dengizlari hamda Tinch okean havzalariga qarashli daryo va koʻllarda, shuningdek, Sirdaryo, Amurdaryo, Zarafshon va Murgʻob daryolarida tarqalgan. Areal chegarasida Yevropa zogʻora baligʻi, orol zogʻora baligʻi, amur-xitoy zogʻora baligʻi va Vyetnam zogʻora baligʻi deb ataladigan 4 ta turi tarqalgan. Zog`ora baliq aprel — iyul oylarida tuxum qoʻyadi. Yelimsimon tuxumlari oʻsimliklarga yopishib turadi. Yosh baliqchalar oʻsimliklar va hasharotlar lichinkasi bilan oziqlanadi. Goʻshti shirin va seryogʻligidan koʻplab ovlanadi, suv havzalarida boqiladi. Xonakilashtirilgan zog`ora baliq karp deyiladi.
Zomin davlat milliy tabiat bog`i-1976-yil 8-sentabrda tashkil etilgan bo`lib, Jizzax vioyatining Zomin tumani hududida, tuman markazidan 25 km (Jizzax shahridan 55 km) uzoqlikda joylashgan. Bog`ning umumiy maydoni 24110 gektar, jumladan o‘rmonlar - 12130 gektar, o‘rmon oldi yerlari - 16783 gektar, o‘rmondan uzoq hududlar- 7327 gektar. Bog` shimoldan Janubga - 30 km, Sharqdan G‘arbga esa 17 km gacha cho‘zilgan. Zomin Xalq bog‘i noyob tog‘ archa ekotizimini saqlab qolish va sog‘lomlashtirish maqsadida tashkil qilingan. U ikki hududga: sog‘lomlashtirish va himoya hududlariga ajratilgan. Xalq bog‘i hududi tabiiy shifoxona sanalib, mazkur o‘lka aholisining sevimli dam olish maskaniga aylangan. Bog‘da ekosayohatchilar uchun yetarlicha sharoit va qulayliklar yaratilmoq. Ushbu bog‘ning hududida 50 dan ortiq shifoboxsh giyohlar va oziq o‘simliklari o‘sadi.
Zomin davlat qo`riqxonasi- Jizzax viloyatida joylashgan. Turkiston tizma tog`lari gʻarbiy qismining shimoliy yon bagʻrida, Koʻlsoy va Gʻoʻralassoy havzalarini egallagan. Qo`riqxona Janubiy Tojikiston bilan chegaradosh. Maydoni 15,5 ming gektar, shundan 11,2 ming gektari archa oʻrmonzorlari. Dastlab 1926-yilda Gʻoʻralas togʻ-archa qoʻriqxonasi nomi bilan tashkil etilgan. Qoʻriqxonada togʻ oʻrmonlarini va archa biologiyasini oʻrganish, archazorlarni koʻpaytirish, hayvon va oʻsimlik turlarini saqlab qolish ishlari olib boriladi. Qoʻriqxonada 3 oʻsimlik mintaqasi (dasht, oʻrmon, subalp) mavjud. Qoʻriqxona hududi tipik togʻli oʻlka boʻlib, dengiz sathidan 1760–3500 m balandlikda (eng yuqori nuqta — Turalas togʻi 3560,5 m balandlikda). Qoʻriqxona hududida archazorlarning quyi qismida (1900–2700 m) Zarafshon archasi va qora archa, oʻrta qismida (2100–2800 m) sovur archa, yuqori qismida (2100–3200 m) oʻrik archa o`sadi. Bulardan eng koʻp uchraydigani sovur archadir. U qora archa va oʻrik archa orasida ham oʻsaveradi. Qoʻriqxonada 180, hatto 400 yoshga kirgan archalar bor. Archadan tashqari Tyanshan chetani, Turkiston qayini, butalardan zirk, naʼmatak, uchqat, irgʻay, tobulgʻi oʻsadi. Qoʻriqxona hayvonot dunyosi xilma-xil. Qoʻriqxonada Respublika Qizil kitobiga kiritilgan turkiston silovsini, oq tirnoqli ayiq, arhar, bars shuningdek, boʻri, boʻrsiq, tulki, jayra, toʻngʻiz va boshqalar yashaydi. Qoʻriqxona hududida oʻsimliklarning 720, turli qushlarning 130, sut emizuvchilarning 37 turi, sudralib yuruvchilardan 8, baliqning bir turi tavsiflangan.