Jamgʼarma, odatda, investitsiya sifatida iqtisodiyotga kiritiladi, yaʼni jamgʼarmaning iqtisodiyotga ijobiy taʼsiri investitsiyaga aylangandagina yuz beradi.
Jamgʼarma deyilganda aholi, korxona va davlat joriy daromadlarining kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish va daromad olish maqsadlarida toʼplanib borishi tushuniladi. Uning hajmi barcha xoʼjaliklar daromadidan isteʼmol sarflarini ayirib tashlash yoʼli bilan aniqlanadi. Daromad tarkibida isteʼmol sarflari ulushi qanchalik yuqori boʼlsa, jamgʼarma hajmi shunchalik kam boʼladi. Bunday holat investitsiya faoliyati taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʼrsatmaydi. Jamgʼarmaning oʼsishi iqtisodiy maʼnoda mablagʼlarning isteʼmol buyumlar xarid qilishdan investitsiya tovarlari xarid qilishga yoʼnaltirilishini bildiradi. Shunga koʼra, muddat jihatdan kechiktirilgan isteʼmol jamgʼarmani anglatadi.
3.Investitsiyalarning makro va mikroiqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli
Iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiyalar yetakchi rol oʼynaydi, chunki investitsiya orqali korxonalarning kapital jamgʼarilishiga, natijada mamlakatning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy oʼsishga erishiladi.
Investitsiyalar iqtisodiy kategoriya sifatida qator funktsiya va vazifalarni bajaradi-ki, ularsiz har qanday mamlakat iqtisodiyoti bir maromda rivojlana olmaydi.