3-mavzu. O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi Reja: Iqtisodiy islohotlarning amalga oshirish yo‘nalishlari
Amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning natijalari
Respublika islohotlarining ijtimoiy-siyosiy natijalari
Respublika iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda rivojlanishi
Tayanch so’z va iboralar:iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyot tarmoqlari, iqtisodiy tizimlar, ma’muriy buyruqbozlik iqtisodiyoti.
1.Iqtisodiy islohotlarning amalga oshirish yo‘nalishlari O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy islohotlarining ko‘p qirraligi.
Xalq xo‘jaligini bozor munosabatlariga o‘tkazish borasidagi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari:
-iqtisodiy isloxatlarni huquqiy bazasini barpo etish qabul qilingan Respublika Konstetutsiyasi, Respublika Qonunlari, Respublika Prezidenti Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
-davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
-haddan tashqari markazlashtirilgan ma’muriy boshqaruv tizimidan voz kechib, bozr munosobatlariga moslashgan boshqaruv tizimini barpo etish;
-kuchli sotsial siyosatni amalga oshirib, respublika aholisini bozor munosabatlarining salbiy ta’siridan himoya qilish;
-respublika iqtisodiyotida tarkibiy strukturaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish;
-halq xo‘jaligi ishlab chiqarish va satsial infiratuzilmalarini rivojlantirish, bozor iqtisodiyotini infratuzilmasini shakillatirish;
-soliq, narx-navo, bank tuzilmalarini shakillatirish, bozor munosabatlariga moslangan soliq, narx-navo va bank siyosatini barpo etish;
-tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish eksport va importni rivojlantirish su’atini kuchaytirish, ularni tarkibiy takomillashtirish,
-xorijiy mamlakatlarning kredit va sarmoyalaridan foydalanish,
- iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash.
Iqtisodiy munosabatlar va tashkiliy – boshqaruv tuzilmalarining bir turidan butunlay boshqa yangi turiga o‘tish, iqtisodiy islohotlar strategiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olishni taqozo qiladi. Iqtisodiy islohotlar – bu bozor munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Iqtisodiy islohotlardan ko‘zda tutilgan maqsad mamlakat aholisi uchun yashash va faoliyat qilishning eng yaxshi sharoitlarini yaratish, ularning ma’naviy-axloqiy yetukligiga erishish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Islohotlarni amalga oshirishdan oldin bozor iqtisodiyotiga o‘tishning nazariy modeli yaratildi.
Bu modelda yangi iqtisodiyotga o‘tishning umumiy tomonlari va milliy xususiyatlari nazarda tutiladi, islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- mulkiy munosabatlarni isloh qilish;
- agrar islohotlar;
- moliya-kredit va narx-navo islohoti;
- boshqarish tizimini isloh qilish va bozor infratuzilmasini yaratish;
- tashqi iqtisodiy aloqalar islohoti;
- ijtimoiy islohotlar.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning bu asosiy yo‘nalishlari I.A.Karimovning «O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida» kitobida bayon qilib berilgan.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning boshlang‘ich nuqtasi bozor iqtisodiyotining huquqiy negizini yaratishdan iborat bo‘ladi.
Respublikada iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning bir nechta yo‘nalishini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Birinchi yo‘nalish – davlat va iqtisodiy mustaqillikning huquqiy negizlarini yaratish, davlatni boshqarish qoidalarini tartibga soluvchi qonunlarni qabul qilish.1 Boshqaruv tizimining yuqori va quyi darajadagi vazifalari aniq chegaralab qo‘yildi. Vakolatli hokimiyatning yagona to‘la huquqli organi bo‘lgan hokimlik instituti yaratildi, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish sohasida fuqarolar yig‘ini joriy qilindi.
Ikkinchi yo‘nalish – tizimdagi o‘zgarishlarga, yangi iqtisodiy
munosabatlarga va shu jumladan mulkchilik munosabatlariga asos bo‘ladigan qonunlar tizimini yaratish.2 Respublikada bu yo‘nalish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarda mulkdorning huquqi tan olindi, xususiy mulkchilik huquqi e’tirof qilindi, mulkchilikning barcha shakllari uchun teng sharoit yaratildi. Davlat mulkini xususiylashtirishning samarali mexanizmi ishlab chiqildi. qisqacha aytganda bozor munosabatlarining negizi bo‘lgan ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishning barcha huquqiy asoslari yaratildi.
Uchinchi yo‘nalish – xo‘jalik yuritishning va institutsional o‘zgarishlarning bozor sharoitlariga mos keladigan yangi mexanizmni yaratishga qaratadigan qonunlar.3 Bozor infratuzilmasini yaratish va uning faoliyatiga xos jarayonlarni tartibga solishni ta’minlaydigan qonunlarni qabul qilishdan oldin, iqtisodiyotning turli sohalarida xo‘jalik yuritayotgan sub’ektlarning huquq va iqtisodiy erkinlik borasidagi maqomini belgilab beradigan qonunlar qabul qilindi. Korxonalar to‘g‘risidagi qonun, kooperatsiya to‘g‘risidagi, dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi, xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari to‘g‘risidagi qonunlar shular jumlasidandir.
To‘rtinchi yo‘nalish – Respublikamizni xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida, ta’riflovchi huquqiy normalarni yaratish.1 Bu yo‘nalishdagi qonunlarni qabul qilish natijasida mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarining rivojlanishi tarixida sifat jihatdan yangi bosqich boshlandi.
Beshinchi yo‘nalish – kishilarning konstitutsion va yuridik huquqlarini, ijtimoiy kafolatlarini va aholini ijtimoiy himoyalashni ta’minlaydigan qonunlarni ishlab chiqish.2 Bu qonunlar bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida aholining eng muhtoj tabaqalari manfaatlarini qonun kuchi bilan himoya qilishgagina emas, balki ularning ma’naviy imkoniyatlarini namoyon qilish, islohotlar uchun mustahkam ijtimoiy zamin yaratishga ham imkon beradi.
Yuqorida qarab chiqilgan barcha qonunlarda bozor iqtisodiyotining huquqiy asoslarini yaratish ham amaliy, ham iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning huquqiy asosini tashkil qildi.
Bozor islohotlarining bosh bo‘g‘ini mulkchilik munosabatlarini tubdan o‘zgartirishdir, chunki shu orqali ko‘p ukladli iqtisodiyot va raqobatlashish muhiti shakllantiriladi hamda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. Shu sababli Respublikada mulkiy munosabatlarni isloh qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad davlat mulki monopolizmini tugatish va bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni real shakllantirishdan iborat.3 Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichidayoq qishloq xo‘jaligini isloh qilishga ustunlik berildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘ldi. Birinchidan, Respublikamiz iqtisodiyotida agrar soha ustunlikka ega, aholining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligida band, iqtisodiy o‘sish ko‘p jihatdan shu tarmoq ahvoliga bog‘liq. Hozirgi kunda agrar sektor hissasiga yalpi ichki milliy mahsulotning 30% dan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi, xalq xo‘jaligida band bo‘lganlarning 35 foizga yaqini qishloq xo‘jaligida ishlaydi va barcha aholining yarmidan ko‘prog‘i qishloqda yashaydi.
Ikkinchidan, Respublika butun sanoat potensialining yarmiga yaqinini tashkil qiladigan sanoatning ko‘pgina tarmoqlarini (paxta tozalash, to‘qimachilik, yengil, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qishloq xo‘jalik mashinasozligi va boshqalar) rivojlantirish istiqbollari bevosita qishloq xo‘jaligiga bog‘liq.
Uchinchidan, qishloq xo‘jalik mahsulotlari (asosan paxta) hozirgi vaqtda valyuta resurslari, Respublika uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, texnika va texnologiya uskunalarini chetdan sotib olishni ta’minlayotgan asosiy manbadir.
To‘rtinchidan, mustaqillik sharoitida qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat muammosini hal etishdagi roli ortib boradi.
O’zbekistonda agrar islohotning negizi yerga bo‘lgan mulkchilik masalasidir. Respublika Konstitutsiyasida yer xususiy mulk qilib sotilishi mumkin emasligi, balki uni uzoq muddatli ijara shartlari bilan topshirish mumkinligi ta’kidlangan.
Shunday ekan, qishloqda bozor munosabatlarini shakllantirishga yerni meros qilib qoldirish huquqi bilan umrbod foydalanish uchun ijaraga berib qo‘yish orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Respublikada yerga bo‘lgan mulkchilik munosabatlarini isloh qilishning boshqa xususiyati shundan iboratki, melioratsiya, irrigatsiya, yerlarning unumdorligini oshirish dasturlarini bajarishni davlat o‘z zimmasiga oladi. Buni bizdagi dehqonchilikning xususiyati taqozo qiladi. Bu xususiyat faqat sug‘oriladigan yerlarga xosdir. Respublikada barcha haydaladigan yerlarning 3/4 qismidan ko‘prog‘i (4,2 mln.ga) sug‘oriladigan yerlar bo‘lib, uning yarmidan ko‘prog‘i yaxshi meliorativ holatda, qolgan yerlar esa melioratsiya ishlari (qayta o‘zlashtirish, kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish)ni olib borishni talab qiladi. Hozirgi vaqtda sug‘orib kelingan har gektar yerni qayta o‘zlashtirish uchun 1990 yilgi darajadan 14-15 baravar ko‘p xarajat talab qilinadi. Bundan xulosa shuki, birorta ham fermer irrigatsiya va melioratsiya ishlarini o‘zi mustaqil amalga oshira olmaydi. Faqat davlatgina melioratsiya tarmoqlarini rekonstruksiyalashga, qurishga va irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirishga qodirdir.
Respublikada agrar islohotlarning navbatdagi yo‘nalishi barcha davlat qishloq xo‘jalik korxonalarini (birinchi navbatda zarar ko‘rib ishlayotganlarini) jamoa xo‘jaliklariga va mulkchilikning boshqa shakllari (kooperativlar, aksiyadorlik xo‘jaliklari va har xil xususiy korxonalar)ga aylantirishdan iboratdir.
Bunda birlamchi qishloq xo‘jalik bo‘g‘ini fermer xo‘jaliklarini birlashtiradigan va ularga moddiy-texnikaviy ta’minot, texnika, agrokimyo xizmati ko‘rsatadigan kooperativ bo‘lishi lozim. Ularning tarkibida fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini tashkil etishning asosi sifatida faoliyat ko‘rsatadi (Respublikada fermer xo‘jaliklarining rivojlanishi 1-jadvalda keltirilgan).
Respublikada agrar islohotlarni amalga oshirish dasturlariga asoslanib, 1992 yildan boshlab o‘tgan davr mobaynida mavjud 1137 davlat xo‘jaligidan 1066 tasi mulkchilikning aksiyadorlik, jamoa va ijaradagi korxona shakllariga aylantirildi. 2001 yil davomida yana 776 ta qishloq xo‘jalik korxonasi shirkat xo‘jaligiga aylantirildi, va ularning soni 1754 taga yetdi2. Natijada qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining tarkibi mulkchilik shakllari bo‘yicha ancha o‘zgardi.
1994 yilda qishloq xo‘jaligida davlatga qarashli bo‘lmagan sektor butun mahsulotning deyarli 95%3 (1991 yil 63%)ni, 1998 yilda 98,7% ni4 va 2002 yilda esa 99,0 ni ishlab chiqardi.
Qishloq xo‘jaligini isloh qilishning keyingi yo‘nalishi – bu shaxsiy tomorqalarni kengaytirish, yangi sug‘oriladigan yerlarni shaxsiy xo‘jaliklar va bog‘-dala hovli uchastkalariga ajratib berish yo‘li bilan aholini yer bilan ta’minlashdan iboratdir. Shu ko‘rilgan chora-tadbirlar hisobiga, birinchidan, qishloq joylarda ishsizlikning kuchayib borish xavfini barham toptirishga, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishga, uchinchidan, aholini hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi keskinlikka barham berishga va to‘rtinchidan, yakka tartibda uy-joy qurilish ko‘lamini ancha kengaytirishga muvaffaq bo‘lindi.
Islohotlar amalga oshirilgan dastlabki yillarda aholiga foydalanish uchun qo‘shimcha 550 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratib berildi, shaxsiy tomorqa uchun berilgan yerning umumiy maydoni 700 ming gektarga yetdi. Natijada dehqon xo‘jaliklarning qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi umumiy hajmidagi ulushi 1992 yildagi 33% dan 1999 yilda 60,3% ga, 2002 yilda esa 66% ga ko‘tarildi5.
Respublikada agrar islohotlarning navbatdagi yo‘nalishi – bu qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining tarkibiy tuzilishini takomillashtirishdir. Bunda xo‘jaliklarga ekin maydonlari tarkibini va ishlab chiqarish hajmini mustaqil belgilash huquqi berildi.
Don mustaqilligiga erishish va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashni tiklash yo‘li izchil amalga oshirilishi natijasida donli ekinlar maydoni ancha kengaydi, paxta ekiladigan maydonlar esa tegishli ravishda qisqardi. Don yetishtirishni ko‘paytirib borish (1994 yil 2,5; 1996 yil 3,5; 1998 yil 4,1, 2000 yil 4,3; 2002 yil 3,9 mln. t.) uni chetdan keltirishni qisqartirish va qisqa davrda to‘liq don mustaqilligiga erishish imkonini berdi.
Respublikada agrar islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichida xo‘jalik yuritish mexanizmini takomillashtirishga ham katta ahamiyat berildi.
Bunga dastlab umumdavlat ehtiyojlari uchun yetkazib berilayotgan mahsulotlarga oqilona xarid narxlarini belgilash, keyinchalik mahsulotlarning ko‘pchilik turlariga davlat buyurtmasini asta-sekin bekor qilish (1995 yildan faqat paxta va donga davlat buyurtmasi saqlanib qoldi) hamda qishloq xo‘jalik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash (soliqlardan ozod qilish, kreditlarni qaytarish muddatini cho‘zish va boshqalar) orqali erishildi.
Hozirgi davrda agrar islohotni tubdan hal etishni taqozo qilayotgan g‘oyat muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ortiqcha ishchi kuchini bo‘shatib olish va ularni iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga (sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalariga) jalb etishdan iboratdir. Bunda qishloq joylarda faoliyat shaklini tez o‘zgartira oluvchi, zamonaviy texnologiyaga ega bo‘lgan, qishloq xo‘jalik xom ashyosini qayta ishlaydigan, kasanachilik va xalq hunarmandchiligiga asoslangan kichik korxonalarni ochish ustuvor vazifa hisoblanadi.