Tibbiyot apparaturasi - tibbiyot texnikasining anchagina murakkab, shiddat bilan rivojlanib borayotgan sohasidir. Tibbiyot apparaturalarining katta qismini elektrotibbiyot uskunalar va apparatlar tashkil etib, ular elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan elektrotexnika yoki elektron qurilmadan iboratdir. Bundan tashqari mexanik energiyadan ham foydalanishga asoslangan apparaturalar mavjud, bularga qattiq tana (odatda uni mexanik apparaturalar deb yuritiladi) - skeletni cho’zish uchun, mexanoterapiya moslamalari; suyuqlik (gidravlik) - suv bilan davolash moslamalari; gaz-narkoz apparatlari, sun'iy o’pka ventilyatsiyasi apparatlari va boshqalar kiradi.
Apparaturalar ish faoliyati har qanday qolatda bemorga bog’liq, ya'ni apparatura-bemor tizimida apparaturadan bemorga yoki teskari yo’nalishda energiya harakati o’rnatiladi. Barcha elektrotibbiyot apparaturalarini energiya oqimi yo’nalishiga qarab ikki qismga bo’lish mumkin: ta'sir qiluvchi va qabul qiluvchi apparaturalar. Shuningdek funktsional belgilari va qyllanish maqsadiga ko’ra ularni diagnostik va terapevtik turlarga bo’lish mumkin. Terapevtik apparaturalar muayyan energiya bilan ta'sir etuvchi apparatlar, diagnostik apparaturalar esa muayyan energiyalar bilan ta'sir etish yo’li bilan mijoz tanasidan axborot oluvchi moslamalar deb ham yuritiladi.
Terapevtik apparatlar bemor organizmiga patologik jarayonni bartaraf etish maqsadida ta'sir etadi. Xirurgik apparatlar terapevtik apparatlarning bir qismi bo’lib, a'zo va to’qimalar tuzilishida radikal o’zgarishlarni amalga oshirishga mo’ljallangan. Shunday qilib terapevtik apparatlar ta'sir qiluvchi hisoblanadi.
Tibbiyot texnikasi umumiy tasnifi
Diagnostik moslamalar (priborlar) tirik organizmdagi patologik holatlarni va uning keltirib chiqaruvchi sabablarini aniqlash uchun mo’ljallangan. Diagnostik moslamalar ham ta'sir qiluvchi, ham qabul qiluvchi xususiyatga ega. Ta'sir ko’rsatuvchi diagnostik moslamalar aniq bir ta'sirga bemorning reaktsiyasi (Masalan, diagnostik elektrostimulyator), yoki bemor tanasi bo’ylab o’tkazilayotgan energiya oqimi haqida ma'lumot beradi. Diagnostikada organizm uchun nojo’ya ta'sirlarni oldini olish uchun energiyani iloji boricha minimal holatga keltirib ishlatish lozim.
Qabul qiluvchi diagnostik moslamalar organizmdagi turli jarayonlar-a'zo va to’qimalarda hosil bo’layotgan biopotentsiallar, yurak tonlari, tana harorati va boshqalar haqida ma'lumotlar beradi. Qabul qiluvchi diagnostik moslamalar ham barcha boshqa o’lchov moslamalari kabi tekshiriluvchi jarayonga minimal ta'sir ko’rsatishi kerak va ma'lumotni juda kam o’zgarish (minimal chetlashish) bilan etkazib berishi lozim. Bemorga yo’naltirilgan energiya shakliga ko’ra ta'sir ko’rsatuvchi terapevtik apparatlar va diagnostik moslamalar elektr energiya bilan ta'sir ko’rsatuvchi va mexanik energiya bilan ta'sir ko’rsatuvchi turlarga bo’linadi
(ko’pgina ta'sir ko’rsatuvchi diagnostik moslamalar apparatlar deb yuritiladi, masalan, rentgen, UT, elektrodiagnostika).
Ta'sir ko’rsatish uchun mexanik energiya ishlatiladigan apparatlarni bemorga bevosita tegib turadigan ishchi tana agregat holatiga qarab bo’lish mumkin, ishchi tananing qattiq, suyuq yoki gazsimon holati farqlanadi. Shunga mos holda mexanik, gidravlik va gazli elektrotibbiyot apparat va priborlar ajratiladi. Mexanik elektrotibbiyot apparat va moslamalarga UT terapevtik apparatlar va diagnostik moslamalar, audiometrlar, vibromassaj va boshqalar, ikkinchisiga markazdan qochma va UT changlatgich aerozol apparatlar, uchinchisiga sun'iy o’pka ventilyatsiyasi apparatlari kiradi. Elektromagnit maydon holatiga qarab elektr energiya bilan ta'sir ko’rsatuvchi apparatlar pastchastotali, yuqorichastotali, o’tayuqorichastotali, yorug’lik optik, rentgen va radiologik apparat va moslamalarni o’z ichiga oladi. Diagnostik qabul qiluvchi moslamalar tasnifi bemordan moslamaga uzatilayotgan energiya shakliga asoslangan.
Diagnostik moslamalar orqali elektr, mexanik, issiqlik va kimyoviy energiya qabul qilinadi. Elektr energiya a'zo va to’qimalar (yurak, mushak, miya, oshqozon) dan uzatilayotgan biopotentsiallar shaklida qabul qilinadi. Mexanik energiya esa organizmdan moslamaga yurak akustik tonlari (fonokardiografiya), yirik qon tomirlar va yurakka qon oqimi turtkisi natijasida butun tananing arzimas tebranishi (ballistokardiografiya), oshqozon, bachadonning qisqarishi natijasida tana ayrim qismlarining siljishi ko’rinishida uzatiladi. Tananing issiqlik energiyasi haroratni tegib turgan (kontakt) (elektr termometr) va tananing infraqizil nurlanishi orqali tegib turmagan (kontaktsiz) (termografiya) usullar bilan tana harorati o’lchanganda qabul qilinadi. Kimyoviy energiya kontakt elektrodlar yordamida qondagi kislorod va vodorod kontsentratsiyasi o’lchanganda qo’llaniladi.
Dasrlikda bob va paragraflar ushbu tasnif bo’yicha emas, balki tibbiy texnik vositalarning ish printsipi, fizikaviy xususiyatlari, qyllanish doirasi bo’yicha ajratilgan, shunga qaramasdan tibbiyot texnikasi vositalari ushbu tasnifdagi umumiy printsipga bo’ysunadi. Darslik bilan tanishib chiqilgach tasnifni qayta ko’rib chiqishni taklif etamiz va shunda o’quvchi tasnif mohiyatini aniq tushunadi.