1. Qiyoslash sxemasining turlari. O‘lchash vositalarini qiyoslashni amalga oshirish uchun fizik kattalik birligi o‘lchamini davlat etalonidan yoki dastlabki namunaviy o‘lchash vositasidan ishchi o‘lchash vositalariga uzatish tartibini yoki tizimini o‘rnatish zarur. Bunday tizimni birlik o‘lchovini etalondan yoki dastlabki o‘lchash vositasidan ishchi o‘lchash vositasiga uzatish vositalari, usullari va aniqligini reglamentlovchi, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan hujjatni ifoda etadigan qiyoslash sxemalari belgilaydi.
Birlik o‘lchamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, markazlashtirilgan holda uzatish sxemasi qiyoslash sxmasi deb ataladi.
Qiyoslash sxemasi– birlik o‘lchamini etalondan yoki dastlabki namunali o‘lchash vositasidan ishchi o‘lchash vositalariga uzatish vositalari, uslublari va aniqligini ko‘rsatuvchi belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjat.
Qiyoslash sxemalari qo‘llanish sohalariga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:
Davlat qiyoslash sxemalari mamlakatda qo‘llanuvchi ma’lum fizik kattalikning barcha o‘lchash vositalariga qo‘llaniladi, ya’ni davlat miqyosida birlik o‘lchamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish ketma-ketligini o‘rnatadi.
Davlat qiyoslash sxemalari metrologik idoralar tomonidan ishlab chiqiladi. Ular birlamich va maxsus etalonlarni boshlang‘ich qilib belgilaydi.
Hududiy qiyoslash sxemalari ma’lum bir hudud ichida qiyoslash o‘tkaziladigan o‘lchash vositalariga nisbatan qo‘llaniladi. Hududiy qiyoslash sxemalari davlat etalonlar markazi bilan kelishiladi va o‘sha xudud rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.
Lokal qiyoslash sxemasi davlat metrologiya xizmatining aynan bir idorasi yoki yuridik shaxslarning metrologik xizmati idorasi tomonidan qiyoslash o‘tkaziladigan o‘lchash vositalariga nisbatan qo‘llaniladi. Lokal qiyoslash sxemasi “O‘zstandart” agentligi bilan kelishilgan holda yuridik shaxslarning metrologik xizmati tomonidan ishlab chiqiladi.
Qiyoslash sxemalari to‘g‘risidagi asosiy ma’lumot GOST 8.061-2007 da keltirilgan.
Birlik o‘lchami to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish sxemasi 6.1-rasmda keltirilgan.
Chizmada qiyoslash sxemasi ko‘rsatadi:
o‘lchash vositasining nomini va qiyoslash usulini;
o‘lchash vositasining yo‘l qo‘yadigan xatolik qiymatini;
qiyoslash usulining yo‘l qo‘yadigan xatolik qiymatini.
Qiyoslash sxemasi chizmasi vositalarning ketma-ket joylashishini ko‘rsatadi va ular shtrixli chiziqlar bilan ajratib ko‘rsatiladi. Har bir joy o‘z ketma-ketligi bo‘yicha nomiga ega bo‘lishi kerak: “Davlat etaloni” yoki “Etalon” (ikkilamchi etalon); “Ishchi etalon”, “Ishchi o‘lchash vositasi”.
Qiyoslash sxemasini tuzish va uning mazmuni GOST 8.061-80 “Qiyoslash sxemasi. Mazmuni va tuzish” da o‘rnatilgan.
4.1 - rasm. Fizik kattalik birligi o‘lchamini etalondan namunali va ishchi o‘lchash vositalariga uzatishning №2 namunaviy qiyoslash sxemasi