Investitsion soliq krediti – soliq majburiyati bo’yicha to’lash muddatini o’zgartirish imkoniyati beriladi, agarda soliq to’lovchida belgilangan tartibdagi asos bo’lsa, u holda soliq to’lovlarini kamaytirilgan holda ma’lum bir vaqt ichida bosqichma – bosqich to’lash mumkin bo’ladi.
Investitsion hamkorlik -xalqaro iqtisodiy munosabatlarning bir ko’rinishi bo’lib, resurslarni ratsional taqsimlash, xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish natijasidagi ustunliklaridan foydalanish orqali davlat tomonidan iqtisodiyotda nisbatan yuqori natijalarga erishish, texnologik ishlab chiqarish tuzilmasini yangilash kabilarni maqsad qilgan.
Investitsiya –bu iqtisodiy samara (foyda, daromad) olish yoki ijobiy ijtimoiy natijaga erishish uchun sarflanadigan pul mablag’lari, banklarga qo’yilgan omonatlar, paylar, qimmatli qog’ozlar (aksiya, obligasiyalar), texnologiyalar, mashinalar asbob-uskunalar, litsenziyalar va samara beradigan boshqa har qanday boyliklardir.
Investitsiya dasturi– ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida mamlakat yoki chet ellarda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga uzoq muddatli kapital kiritish uchun ishlab chiqilgan dastur.
Investitsiya kompleksi - investitsiya faoliyatini ta’minlovchi tashkilotlar, korxonalar va firmalar majmuasi.
Investitsiya muhiti – investitsiyalar jozibadorligi hamda xavf-xatar darajasini belgilab beruvchi ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy omillar majmui.
Investitsiya faoliyati- investitsiya maqsadlarini amalga oshirish bilan bog’liq faoliyat. Investitsiya kompleksi tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.
Investitsiya faoliyati ishtirokchilari- buyurtmachilar, pudratchilar, yetkazib beruvchilar, banklar, sug’urta kompaniyalari, loyihalovchilar, vositachilar, ilmiy-maslahat firmalari, o’z mamlakatidagi qonunchilikka ko’ra investitsiyaviy mulk egalari (tasarrufchilari) yoki buyurtmalardan foydalanuvchi sifatida qatnasha oluvchi xorijiy tashkilotlarni kiritish mumkin.
Investorlar - xususiy va qarzga olingan mulkiy va intellektual qiymatlarni sarflash haqida qaror qabul qiluvchi investitsiya faoliyati subyektlari. Investorlar obyektlar va investitsiya natijalariga egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish huquqiga ega bo’ladi. Investorlar kreditorlar va xaridorlar rolini bajarishlari, shuningdek, investitsiya faoliyatining boshqa ishtirokchilari funksiyalarini bajarishlari mumkin. Odatda investorlar kapital qo’yilmalar sarflanadigan sohalarni aniqlaydilar, kontrakt va shartnomalarning shartlarini ishlab chiqadilar va investitsiya aktining boshqa tomonlari bilan - kontraktor, hukumat organlari, pirovard mahsulot ishlab chiqaruvchilar va shu mahsulotning iste’molchilari bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradilar.