Eksportning geografik tarkibi – alohida qit`a mamlakatlari, mamlakatlar guruhlari, yoki
alohida mamlakatning mamlakat eksportidagi ulushlari nisbati.
Investitsiyalar – daromad olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat ob`ektlariga
kiritiladigan moddiy va nomoddiy ne`matlar hamda ularga doir huquqlar.
Chet ellik investorlar asosan daromad (foyda) olish maqsadida tadbirkorlik faoliyati va
boshqa turdagi faoliyat ob`ektlariga qo`shadigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy boyliklar va
ularga doir huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka doir huquqlar, shuningdek chet el
investitsiyalaridan olingan har qanday daromad O`zbekiston Respublikasi hududida
chet el investitsiyalari deb e`tirof etiladi.
Infratuzilma – iqtisodiy tizim umumiy tuzilishining yordamchi tavsifga ega bo`lgan hamda
ushbu tizim umumiy faoliyatining bir maromda borishini ta`minlovchi tarkibiy qismi.
To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar - o`zga mamlakat rezidentlari tomonidan boshqa
mamlakat real aktivlariga mablag` kiritish, uni tasarruf etish va ular ishlatilishi ustidan nazorat
o`rnatish. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkiloti tavsifiga ko`ra aktsiyalarni kamida 10
foiziga egalik qilish.
Korxonalarni texnik qayta qurollantirish - alohida ishlab chiqarish turlarini zamonaviy
talablarga asosan yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, ishlab chiqarish jarayonlarini
mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, eskirgan qurilma va uskunlarni yangilash va almashtirish,
ishlab chiqarish tuzilmasi va tashkil etilishini yaxshilash yo`li bilan, korxonaning texnik darajasini
oshirish bo`yicha chora-tadbirlar majmuasi. U ishlab chiqarish intensivligini kuchaytirish, ishlab
chiqarish quvvatlarini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga
yo`naltirilgan bo`ladi.