Tutqich to‘ri. O‘rgimchak bezlaridan ajralib chiqayotgan suyuqlik havoda qotib, ipga aylanish xususiyatiga ega.Orqa oyoqlaridagi taroqqa o‘xshash tirnoqlari yordamida bir necha bezdan hosil bo‘layotgan iplarni o‘rgimchak bir-biriga yopishtirib, bitta yaxlit ip hosil qiladi. Urg‘ochisi bu iplardan tutqich to‘r to‘qiydi (39-rasm). Butli o‘rgimchakning tutqich to‘ri g‘ildirak shaklida bo‘lib, butalar va baland bo‘yli o‘tlar orasiga tik tortilgan bo‘ladi.
O‘rgimchak ovi. Tutqich to‘r yoniga o‘rgimchak ko‘pincha to‘rdan in to‘qiydi. Bu inda u o‘z o‘ljasini poylab yotadi. Tutqich to‘rning markazidan o‘rgimchak tomonga signal ipi tortilgan bo‘ladi. Tasodifan to‘rga tushib qolib, tipirchilayotgan pashsha, kapalak va boshqa mayda hasharotlar signal ipini tebratganida o‘rgimchakinidan tezda chiqib, o‘ljaga tashlanadi va uni o‘rgimchak ipi bilan o‘rab oladi. O‘ljani ustki jag‘larining o‘tkir tirnoqlari yordamida zaharlab o‘ldiradi. Shundan keyin uni birmuncha vaqt qoldirib, iniga kirib ketadi.
Oziqlanishi. O‘rgimchak zahari tarkibida hazm suyuqligi bo‘ladi. Bu suyuqlik ta’sirida o‘ljaning ichki to‘qimalari parchalanib suyuq holga keladi. O‘lja tanasini so‘rib oladi. O‘ljadan faqat xitin po‘sti qoladi. Butli o‘rgimchak zahari odam va umurtqali hayvonlarga ta’sir qilmaydi.
Nafas olishi. Qornining oldingi tomonida bir juft o‘pka xaltalari joylashgan (40-rasm). Har qaysi o‘pkada ko‘plab varaqsimon o‘simtalar bo‘ladi. Bu varaqlar orqali qon aylanadi. O‘rgimchakning nafas olishida o‘pka bilan bir qatorda ikki tutam traxeyalar (ingichka naysimon nafas olish organlari) ham ishtirok etadi. Traxeyalar qorin bo‘limining keyingi qismida umumiy teshik orqali atmosfera havosi bilan bog‘langan. O‘rgimchak qon aylanish, ayirish va nerv sistemalarining tuzilishi daryo qisqichbaqasinikiga o‘xshash bo‘ladi.
Ko‘payishi. Butli o‘rgimchakning urg‘ochisi erkagiga nisbatan yirikroq bo‘ladi. Urg‘ochisi kuzda urug‘langandan keyin biror pana joy (toshlar va daraxtlar po‘stlog‘i osti)ga bekinib olib, ipdan to‘qilgan pillaga bir qancha tuxum qo‘yadi. Qishda o‘rgimchaklar nobud bo‘ladi, tuxumlari pilla ichida qishlab qoladi. Bahorda tuxumlardan yosh o‘rgimchaklar chiqadi.