VIII BOB. MARKETING REJASI 8.1. Marketing rejaning mohiyati va funktsiyalari Zamonaviy marketing bu korxonaning yuqori foyda olish maqsadida
xaridorlarning real so‘rovlari va bozorni kompleks o‘rganish asosida xizmat ko‘rsatish,
tovar ishlab chiqarish va sotish faoliyatini tashkil etish tizimidir.
Aytish mumkinki,
biznes-rejaning barcha bo‘limlarini shakllantirish marketingning ulkan salohiyatidan
to‘liq va keng miqyosda foydalangan holda marketing tadqiqotlarini amalga oshirishga
asoslanadi.
Marketingda asosiysi ikki yoqlama va bir-birini to‘ldiruvchi yondashuvdir. Bir
tomondan korxonaning butun faoliyati, ayniqsa, uning mahsulotni ishlab chiqarish va
sotish, fan-texnika tadqiqotlari, kapital qo‘yilmalar dasturlarini yaratish bozor va undagi
o‘zgarishlarni chuqur bilishga asoslansa, ikkinchi tomondan bozorga va mavjud talabga
faol ta‘sir ko‘rsatish, ya‘ni ehtiyojlar va iste‘molchilik afzalliklarini shakllantirish turadi.
Bundan marketingning asosiy tamoyili - ishlab chiqarishning yakuniy natijalari
iste‘molchilar talab va takliflariga yo‘naltirilishi kelib chiqadi.
Ushbu kompleks vazifani bajarish uchun marketing
tahliliy, ishlab chiqarish va sotuv funktsiyalarini bajarishi lozim.
Tahliliy funktsiya asosan iste‘molchilar
va raqobatchilarni, shuningdek,
tovarning harakatlanishi va sotuv xarakteri, bahoni shakllantirish tizimi va reklamani
o‘rganishga borib taqaladi. Shu bilan birga korxonaning ichki muhiti, uning ishlab
chiqarish imkoniyatlari, raqobatbardoshligi va hokazolar ham tahlil qilinadi.
Ishlab chiqarish funktsiyasi doirasida quyidagi vazifalar hal qilinadi:
yangi tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
yanada mukammal texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish;
ishlab chiqarishni moddiy-texnika resurslari bilan ta‘minlash;
mahsulot sifati va uning raqobatbardoshligini baholash.