2.2 Amir Temur va Temuriylarning tashqi savdo va elchilik aloqalari
XIII asrning o‘rtalaridan boshlab Markaziy Osiyoda murakkab siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Xususan, Xitoyda tashkil topgan Yuan sulolasining xoqoni Xubilay o‘zini Chingizxon taxtining vorisi deb hisoblab, ushbu mintaqa hukmdorlarni o‘ziga itoat qilishini talab qiladi. Ammo u o‘z talabiga rad javob olgandan so‘ng kuch ishlatishga urinib ko‘radi. Lekin uning qilgan harbiy harakatlari natija bermadi. Xubilayga qarshi chiqishda O‘qtoyning nabirasi Xaydu (1235-1301) faol harakat qiladi. 1294 yilda Xubilay vafotidan so‘ng nabirasi Temur Chengzung nomi bilan taxtga o‘tirib (1295-1308) buvasining yo‘lidan boradi. Lekin uning harakatlari zoye ketgan. Natijada Xitoy bilan G‘arb o‘rtasi Buyuk ipak yo‘li orqali bo‘ladigan savdo yo‘llari qiyin bo‘lib qolgan.1
XIV asrda bir tomondan Chig‘atoy avlodlari o‘rtasidagi nizolar kuchaysa, ikkinchi tomondan ular bilan Mo‘g‘iliston xonlari o‘rtasidagi ziddiyatlar avj oldi. Buning ustiga, Markaziy Osiyo xalqlari orasida mo‘g‘ul hukmdorlariga qarshi harakatlar boshlanib ketadi. Xitoyda ham mo‘g‘ullar mahalliy xalq qarshiligiga uchradi. 1368 yilda yuzaga kelgan qulay vaziyatdan foydalangan xitoy amaldorlari va yer egalari Yuan sulolasini ag‘darib, Min deb ataladigan xonlikni (1368-1644) tashkil qildilar. Mazkur voqealar Buyuk ipak yo‘lidagi osoyishtalikni buzib, Turkiston orqali amalga oshiriladigan xalqaro savdo aloqalarni nihoyatda susaytirib qo‘ydi. Shu bois Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati keskin pasayib ketdi.
1370 yilda Movaraunnahrda Samarqand shahrini markaz qilgan sohibqiron Amir Temur (1336-1405) davlati tashkil topdi. 35 yilga yaqin davr ichida mazkur davlat doirasi nihoyatda katta hududni o‘z nazorati ostiga olganligi hamda Buyuk ipak yo‘lining xavfsizligi ta’minlanganligi natijasida bu yo‘lda xalqaro savdo aloqalarining qaytadan rivojlanishiga zamin yaratildi. Amir Temurning o‘zi ham bu yo‘lning rivojlanishiga katta e’tibor berdi. U nafaqat o‘z davlati doirasidagi ichki savdo ishlarini, balki xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirish mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun zarur ekanini yaxshi anglagan edi. Shu bois u hokimiyatga kelgan zahoti ichki va tashqi savdo ishlariga katta e’tibor bera boshladi. Avvalo karvon yo‘lining xavfsizligini ta’minlab, ularda karvonsaroylar barpo etish ishlariga alohida e’tibor berdi.2
Amir Temurning xitoy xoqoni Taytszuga yo‘llagan maktubida «Karvonsaroylararo yo‘llar ochildi, yo‘llardagi qaroqchilar yo‘q qilindi, uzoq yurtlarga boruvchilar o‘zlarini xotirjam his etadigan bo‘ldi», deb ta’kidlab o‘tilgan. Shu bilan birga Amir Temur Vizantiya, Venetsiya, Ispaniya, Fransiya, Angliya kabi Yevropa mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatdi.
Xitoy olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, Amir Temur Min xonligining poytaxti Pekin (Xonbaliq) shahriga 8 marta elchilar yuborib, Xitoy bilan diplomatik va savdo aloqalarini rivojlantirgan. Chunonchi, 1387 va 1389 yillari kuzda Mavlono Hofiziy, 1388 yilda Toj ad-Din (Tamuding), 1391 yilda Shoxalil (Shaxali), 1392 yilda Nig‘mat ad-Din (Nimaopuding), 1394 va 1395 yillarda Darvish (Dielibeyshi), 1396 yilda Alomat ad-Din (Alamadan) boshchiligida Pekinga Amir Temur nomidan elchilar kelgan. Mazkur elchilar orqali sohibqiron Xitoy xoniga ot, tuya va boshqa narsalar yuborgan. Xitoy xoni esa bular evaziga kumush pul, ipak matolar qaytargan.
1396 yil-Amir Temur Alomat ad-Din orqali Xitoy xoniga maktub ham yo‘llab, uning yuborgan narsalaridan mamnun bo‘lganligini ta’kidlagan. Shu davrda Samarqanddan Pekinga 6 oyda yetib borilgan. Kuzda yo‘lga chiqqan karvon keyingi yil bahorning oxirida yoki yozning boshida manzilga yetib olgan. Amir Temur vafotidan keyingi 100 yilga yaqin davr davomida Turkistondan Xitoyga 107 marta, shu jumladan 1415-1440 yillari Ulug‘bek Mirzo nomidan 22 marta elchilar guruhi kelgan.
Xitoy manbalaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha zamonda Xitoyning boshqa shaharlariga ham samarqandlik savdogarlar kelib, bozorlarda ot sotishgan. Chunonchi, 1390 yilda erta bahorda Samarqandlik Sho Jo‘raali (Shachiyeer Aliyi) Lyangchjou shahrida 670 ta ot sotgan. Mahalliy hokim bu haqda Taytszuga hisobot berib, mazkur savdogarni Pekinga yuborishni so‘ragan. Samarqanddan Xitoyga yuborilgan elchilar bilan birgalikda katta savdogarlar guruhlari ham qo‘shilib borgan. Taytszuning Amir Temurga yo‘llagan bir maktubida bayon etilishicha, ayrim Samarqandlik savdogarlar Xitoyga kelganidan so‘ng vataniga qaytmasdan savdo ishlari bilan shug‘ullangan va ayrimlari uy-joy sotib olib bola-chaqali bo‘lib qolgan. Min sulolasi qo‘shinlari Xitoyning Shimoliyolida yashayotgan tatarlarga qarshi yurishi chog‘ida asirga tushib qolganlar orasida bir necha yuz nafar samarqandlik savdogarlar bo‘lganligi aniqlangan. Ushbu misollar Amir Temur savdogarlari faqatgina Xitoy hududida emas, balki uning Shimoliyolidagi yaylovlarda ham savdo ishlari bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.
Min sulolasi ham Samarqandga bir necha marta elchilar va savdogarlar yuborgan. Masalan, 1395 yilda Samarqandga Pekindan Bo An boshchiligida 1500 kishidan iborat bo‘lgan elchi va savdogarlar guruhi, 1397 yilda Chen Deven boshchiligidagi Xitoy elchilari va savdogarlar kelgan.
Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Amir Temur davrida anchadan beri to‘xtab qolgan Turkiston – Xitoy diplomatik va savdo aloqalari tiklanib, Buyuk ipak yo‘li qayta ochiladi. Ammo tomonlarning amalga oshirilgan aloqalari ko‘z qarashlari bir xil bo‘lmaganligi tufayli Amir Temur davlati bilan Min xonligi o‘rtasida yangi g‘oyaviy muammo paydo bo‘lgan.
Ma’lumki, Xitoy hukmdorlarining an’anaviy tushunchalariga ko‘ra, xaqon «xuandi» (imperator) deb atalib, u tangrining kurrai zaminidagi o‘g‘loni («tyanzi») hisoblangan. Unga barcha mamlakatlar va xonlar itoatkor bo‘lishi lozim edi. Shu bois Amir Temur elchilari Min sulolasi tomonidan «gungshi», ular olib borgan sovg‘alar esa «gungfu», ya’ni fuqarolar hukmdorga to‘laydigan soliq, deb qabul qilindi. Shu joyda izoh berib o‘tmoq lozimki, xitoy tili lo‘g‘atlarida, jumladan «Xitoy tili yozuvi lo‘g‘ati»da sharhlanishicha «gung» deb qadimda Tangri farzandiga (Tyanzi), ya’ni imperatorga uning itoatida bo‘lganlar tomonidan taqdim etiladigan narsalar va dehqonlar tomonidan hosillarning hukumatga topshiradigan qismi aytilgan. «So‘zlar dengizi» («Sixay») va «So‘zlarning kelib chiqishi» («Siyuan») lo‘g‘atida yozilishicha, «gunfu» so‘zi hukmdor tomonidan fuqarolar zimmasiga ortilgan soliq nomi hisoblanadi.
Xitoy imperatorlari o‘zlarini yer yuzining egasi deb hisoblashlari an’anasining ta’siri xitoy olimlari asarlarida ham o‘z aksini topgan. Masalan, Vang Chjilay o‘z asarida «Atrofga qilgan harbiy yurishlar g‘alaba bilan yakunlangandan so‘ng, Temur kuchayib ketdi. Shundan keyin u Min sulolasiga itoat qilishdan va Xitoyga (Chjunguoga) soliq to‘lashdan (gunfu) bosh tordi, shu bilan birga Xitoy elchilarini olib olib qolib, qaytishga ruxsat bermadi», deb aytadi. Ikkinchi bir joyda tarixchi yozadi: «Yuqorida aytib o‘tilganidek, Temur ko‘p marta Min saroyiga soliq to‘lovchi elchilar (gunshi) yubordi. Ularning ayrimlari soliq olib kelish va savdo qilish bilan cheklandi, ayrimlari [Xitoydagi] vaziyatni o‘rganish va ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullandi».
Albatta, Amir Temurga nisbatan qo‘yilgan bunday ayblar asossiz edi. Min xonodonining mustaqil holda tashkil topgan va Turkistonni birlashtirishda kata xizmat qilgan davlat hukmdorini o‘zining itoatkori deb bilishi kattalik va o‘zgalarni mensimaslikdan boshqa narsa emas edi. Masalaga bunday yondashuv haqli ravishda Amir Temurni qattiq ranjitgan edi.
Xitoyda mo‘g‘ullar hukmronligini ag‘darib, xitoylar hokimiyatini Chju Yuanjang (1368-1398 yillari Tayzu nomi bilan taxtda o‘tirgan) ilgarigi xonlarning an’anaviy falsafasi bilan qurollanib, o‘zini kurrai zamindagi barcha mamlakatlar ustidan nazorat qiluvchi oliy hukmdor deb hisoblashi o‘zga xalqlar, davlatlar va xonlar uchun tushunarsiz bir hol va ular manfaatlariga zid kelardi.
Amir Temurdan Xitoyga birinchi marta (1387 yilda) elchi bo‘lib Mavlono Hofiz kelganda, Tayzu mazkur tushuncha asosida uning yuborgan sovg‘alarini o‘ziga bo‘lgan tobelik belgisi deb qabul qildi. Uning bunday munosabati Amir Temurdan keyingi yillarda yuborilgan elchilarga va sovg‘alarga nisbatan ham saqlanib qolgan. Xitoy xoqoni o‘zining Amir Temurga javoban berib yuborgan sovg‘alarini esa, uning «tobeligini qabul qilganligi» uchun ko‘rsatilgan xizmat belgisi deb hisoblanadi. Shu asosda Tayzu Amir Temurga yo‘llagan maktubida uni Xitoy xoniga itoatkor xon sifatida ifodalagan. Xitoy xoni sohibqironning mavqei Bilan hisoblashmagan uning maktubi Bilan tanishgandan so‘ng, Amir Temur qattiq ranjib, Samarqandga 1395 va 1397 yillarda kelgan Bo An, Chin Deven boshchiligidagi xitoy elchilarini ushlab qolgan. Ular vataniga Amir Temur vafotidan keyin qaytganlar. Elchilarni Samarqandda ushlab qolishning bundan tashqari yana ikki sababi bo‘lgan. Bularning birinchisi, Bo An 1500 kishi hamrohligida Hirotga bormoqchi bo‘lganligi Amir Temurda shubha uyg‘otganligida, ikkinchisi Min xoqoni 100 ming musulmonni qatl etish to‘g‘risida farmon bergan, degan xabarning Amir Temurga yetib kelganligidadir. Xitoyda qatl etilgan musulmonlarning 100 ming bo‘lmasligi ehtimoldan holi emas, ammo mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Turkistonlik musulmonlarning jamiyatdagi mavqei baland bo‘lganligi va ular vakillarining yuqori darajali davlat xizmatiga jalb etilganligi uchun, Min sulolasi ularning ko‘p qismini jazolaganligi tarixiy haqiqatdir.
Afsuski, xitoy manbalarida ushbu tarixiy voqealar to‘g‘ri bayon etilmagan. Min sulolasi nazorati ostidagi saroy tarixchilari masalaga amaliy jihatdan emas, balki xitoy hukmdorlarining an’anaviy falsafasi asosida yondoshib ish ko‘rganlar.
Aslida esa, Amir Temur Xitoy xoniga elchilar orqali sovg‘alar jo‘natib, evaziga Xitoy mollarini olib kelinishi orqali ikki davlat o‘rtasidagi teng huquqli savdo aloqalarining tiklanishi ko‘zda tutgan edi. Bu haqda mahalliy manbalarda ko‘p ma’lumotlar uchraydi. Afsuski, Markaziy Osiyo manbalari bilan xitoy manbalarini solishtirish asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan ayrim tarixchilar, jumladan xitoy tarixchilari Amir Temurning bu istagini to‘g‘ri bayon etolmaganlar. Ular xitoy xonlari yorlig‘i va saroy tarixchilari tomonidan bitilgan manbyualardagi amaliyotga zid ko‘rsatmalarni «haqiqat» deb qabul qilganlar.
Buning ustiga turkistonlik savdogarlarga Xitoyda erkin savdo qilishga yo‘l qo‘yilmaganligi va turonlik musulmonlarning qatl etilishi Amir Temurning g‘azabini keltirgan. Mavjud adabiyotlarda, jumladan xitoy tarixchilarining asarlarida zikr etilishicha, Min sulolasi xonining munosabatidan ranjigan Amir Temur unga qarshi harbiy yurish qilmoqchi bo‘lgan, bundan xabar topgan Min sulolasi esa tashvishga tushib, urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Ammo Amir Temurning 1405 yilda O‘tror shahrida olamdan o‘tishi bilan uning istagi amalga oshmay qolgan.2
Mazkur tarixiy voqealardan ko‘rinib turibdiki, Turkiston bilan Xitoy o‘rtasidagi xalqaro munosabatlarning asos va huquhlarini tushunishga xamda savdo aloqalarini muntazam ravishta rivojlanishiga Amir Temur Bilan Xitoy xonlari o‘srtasidagi munosabatda nomutanosiblik yo‘l bermagan. Amir Temur vafotidan so‘ng uning farzandlari taxt uchun kurashayotganda, sohibqironning qudasi bo‘lmish mo‘g‘iliston xoni Xizrxo‘ja Buyuk ipak yo‘lining Turkiston – Xitoy qismidagi muxim nuqtalaridan biri bo‘lgan Qumul (Xami) shaxrini qo‘lga kiritadi. Natijada min sulolasining Qumul uchun ko‘p yillar davomida olib borgan kurashi vaqtincha barxam topadi. Ushbu voqea Buyuk ipak yo‘lida tinchlik o‘rnatilishiga ijobiy tasir ko‘rsatadi.
Amir Temur avlodlari ham Buyuk ipak yo‘lini rivojlantirish maqsadida jiddiy harakatlar qilganlar. Ular Xitoy bilan tinchlik bitimlarini ham tuzishgan. Masalan, 1388-1500 yillar davomida Toshkent, Samarqand, Xuroson, SHeroz, Hirot, Isfaxon kabi shaharlardan 120 dan ortiq elchi guruhlari Xirotga borgan. Ularning ko‘pchiligi o‘rta hisobda 8-10 kishidan iborat bo‘lgan. Ayrim elchilar guruhiga 200 kishi atrofida savdogarlar qo‘shilib borgan. Savdogarlar Xitoyga ot, tuya, eshak kabi chorva mollari, qimmatbaxo toshlar va ulardanyasalgan buyumlar, dorivorlar va xar xil maxalliy xunarmandchilik m,ahsulotlarini olib borishgan. Xitoydan esa, asosan, ipak mato, chinni idishlar, choy, ravoch va dorivorlar olib kelingan.
Manbalarda ko‘rsatilishicha, shu zamonda Min sulolasi Xitoydan olib kelinadigan mollar ko‘lamini cheklab qo‘ygan. Ayrim maxsulotlarni, jumladan metalldan yasalgan qurollarni maxsus ruxsatsiz Xitoydan olib ketish man etilgan.
Amir Temur 1389 yilda Mo‘g‘uliston bo‘ysundirib, Movarounnahrga Mo‘g‘uliston tomonidan bo‘ladigan xavfni bartaraf qilgach, Mo‘g‘uliston va Sharqiy Turkiston orqali o‘tuvchi karvon yo‘li xavfsizligini ta’minlash, Xitoy bilan savdo-elchilik aloqalarini tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Xususan, 1389–1398 yillarda Amir Temur nomidan Xitoyga 9 marta elchilar borganligi, Xitoydan ham 1395 yilda Fu An boshchiligida Samarqandga elchilar yuborilganligi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar davom etganini ko‘rsatadi.
Shohrux Mirzo hukmronligi davrida ham Xitoy bilan aloqalar davom etdi. Bu davr yozma manbalarida 1409 va 1420 yillarda Hirotga Xitoy elchilari kelganligi, o‘z navbatida, temuriy hukmdorlar ham Xitoyga bir necha marta o‘z elchilarini yuborganliklari ma’lum. O‘rta Osiyoni Xitoy bilan bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining muhim tarmog‘i bo‘lgan savdo yo‘llari, asosan, Movarounnahrning markazidan Farg‘ona va Yettisuv orqali Sharqiy Turkistonga, bu yerdagi savdo shaharlari orqali Xitoy poytaxti Pekinga olib borgan. Bu muhim savdo yo‘li yo‘nalishlari 1419-1422 yillarda Shohrux Mirzoning Shodixo‘ja boshchiligida Xitoyga yuborgan elchilik missiyasi a’zosi G‘iyosiddin Naqqosh yozib qoldirgan kundaliqda batafsil ta’riflangan.1 Bu asarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra elchilar Hirotni O‘rta Osiyo orqali Xitoy bilan bog‘lovchi karvon yo‘li quyidagi yo‘nalishda harakat qilganlar: Hirot – Balx – Kelif kechuvi – Samarqand – Sayram - Ashpara (bu shahar qo‘rg‘oni Amir Temur tomonidan barpo etilgan) – Mo‘g‘ul eli (Bilg‘utu – Qo‘ng‘ir suvi – Yulduz yaylovi) – Turfon – Qoraxoja – Sufi Ato qishlog‘i – Qumul – Qorovul – Sukju – Qamju – Pinlon –Xonbaliq (Pekin).
O‘rta Osiyoni Xitoy bilan bog‘lovchi yo‘llar ichida Shosh vohasi ham muhim o‘rin tutib, Shoshdan Turfongacha bo‘lgan masofani karvonlar 3 oyda bosib o‘tishgan. Amir Temur va temuriylar davrida Yevropa mamlakatlari – Fransiya, Angliya, Ispaniya va boshqa mamlakatlar bilan ham diplomatik aloqalar o‘rnatilganligi ma’lum. Bu aloqalar Xususan, O‘rta Yer dengizidan Iroq – Eron – Xuroson orqali 1402-1404 yillarda Samarqandga tashrif buyurgan Ispan elchisi Rui Gansalis de Klavixoning yuqorida keltirilgan rasmiy tashrifi yo‘nalishiga nazar tashlab, Xurosondan Termiz – Darband – Temir Darvoza – Oqrobot – Kesh orqali Samarqandga kelgan savdo yo‘llari faoliyati haqida ma’lumot olish mumkin.
Amir Temur va temuriylar davrida Oltin O‘rda shaharlari bilan aloqalar mavjud bo‘lib, ular ikki yo‘nalishda; Xorazm vohasi yoki Janubiy Qozog‘istondagi shaharlar (Turkiston, Sayram) orqali amalga oshirilgan. Bu bilan O‘rta Osiyo xalqlarining Sharqiy Yevropa xalqlari bilan bo‘lgan qadimiy aloqalari yana jonlandi. XIV asrga oid rus yilnomalarida Quyi Novgorod shahrida yashovchi buxorolik va xorazmlik savdogarlar haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lib, bu ikki o‘rtadagi savdo-madaniy aloqalardan dalolat beradi.
XV asrdan boshlab, Moskva knyazligining mavqei kuchaya boshlagach, Rus knyazlari temuriylar bilan elchilik munosabatlari o‘rnatishga intila boshlaganliklarini ko‘ramiz. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy (XV asr) Hirot hukmdori Abusaid Mirzo huzuriga 1464 yilda rus podshosi Ivan III elchilari kelganligi to‘g‘risida yozib koldirgan bo‘lsa, 1490 yilda Moskvaga Sulton Husayn Boyqaro elchilari borganligi ma’lum.
Shu tariqa, rivojlangan o‘rta asrlar, ayniqsa Amir Temur va temuriylar davri Buyuk ipak yo‘li faoliyatining so‘nggi va yuksalgan davri hisoblanadi. Bu davrda Movarounnahr va Xuroson shaharlari Buyuk ipak yo‘lining markaziy yo‘nalishlari bo‘ylab xalqaro iqtisodiy-madaniy aloqalarda katta rol o‘ynaganlar.
O‘zbekiston F.A Sharqshunoslik instituti xodimi Maxmud Qutluqovning xitoy, arab, forsiy va boshqa manbalarni solishtirish asosida chiqargan xulosasiga ko‘ra, ipak yo‘kida o‘z mavqeini o‘stirish uchun Xitoy xoqonlari ko‘p marta g‘arb tomonga xarbiy yurishlar qilgan. Ammo ularning hammasi natijasiz tugaganligi tufayli Qumul uchun bo‘lgan kurash jiddiy tus olgan. Ushbu shahar yuz yildan ortiq davr davomida gox xitoy, gox mug‘ul xukmdorlari qo‘liga o‘tib turgan. Albatta, bu kurashlar Buyuk ipak yo‘lidagi savdo munosabatlariga salbiy tasir ko‘rsatgan.1 1499 yilda Qumul shahri vaqtincha Min sulolasi qo‘liga o‘tib qolganda, savdo aloqalaridan manfaatdor bo‘lgan turkistonlik savdogarlar Mo‘g‘iliston xoni Axmadxondan asir tushgan xitoy amaldorlarini vataniga qaytarib berib, Min xonadoni bilan bitim tuzishni talab qilishgan. Bu borada Toshkent xokimi Maxmudxonnimg Xitoy xoniga yozgan maktubi muxim ro‘l o‘ynab, ma’lum muddatgacha Turkiston – Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalarining yaxshilanishiga ijobiy tasir ko‘rsatdi.
Xalqaro savdo aloqalarga bo‘lgan ehtiyoj va Buyuk ipak yo‘lidagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Min sulolasi dengiz yo‘li orqali xarakat qilishga jiddiy urinadi. Dengiz yo‘lini Xitoy uchun ochish vazifasini Maxmud (Chjeng Xe)ga topshiradi. Maxmud esa mo‘g‘illar davrida Xitoyga borib qolgan O‘zbekistonliklar avlodiga mansub bo‘lgan (Bu haqta quyida batafsilroq boyon etiladi).
Shundan ko‘rinib turibdiki, Xitоy bilan G‘arb o‘rtasdidagi savdo aloqalari dengiz yo‘llari orqali rivojlaniushiga Buyuk ipak yo‘lidagi siyosiy vaziyat turtki bo‘lgan. Dengiz yo‘lining rivojlanishi, albatta ushbu davrda jahon miqyosida kemasozlikning rivojlanishi bilan ham bog‘liq edi. O‘z navbatida, dengiz yo‘li orqali xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishi Buyuuk ipak yo‘li axamiyatining pasayishiga olib keldi.
Dostları ilə paylaş: |