Fuqarolik jamiyatida davlatning qator vazifalari fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish
organlari qo‘liga o‘ta boshlaydi, mahalliy hokimiyat organlarining vakolati kengayadi. Fuqarolik
jamiyati asoslarini barpo etish kishilarning yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy
faolligiga tayanadi. Mamlakatimizda mahalla hokimiyat organlarining tashkil etilishi, ular
vakolatining kuchaytirilishi xalqimizning o‘z-o‘zini boshqarish, idora etish madaniyatini
shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla kishilarda yaxshi insoniy fazilatlarini kamol
toptirish, o‘z-o‘zini boshqarish, demokratik qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish maktabidir. Yurtimizda
fuqarolik jamiyatini barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi. O‘z
navbatida, ma’naviy etuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shunday etuk
kishilarni tarbiyalashda jamiyat to‘g‘risidagi falsafiy bilim va qarashlarni o‘zlashtirish va hayotga
tatbiq etish alohida ahamiyatga egadir.
XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi. Mazkur fan jamiyatni tushunishga
nisbatan falsafiy yondashuvlarni asosan tan oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot
metodlariga ega.
O.Kont . (1798-1857) Ijtimoiy tadqiqotlarning ob’ektivligiga erishish lozim, degan g‘oyani
himoya qilgan O.Kont fan sifatidagi sotsiologiya asoschisi. U sotsiologiyani ikki qismga ajratadi:
birinchi qism ijtimoiy statikani, ya’ni ijtimoiy tizimlarning mavjudlik shartlarini va ularning amal
qilish qonunlarini, ikkinchi qism esa – ijtimoiy dinamikani, ya’ni jamiyatning rivojlanish va
o‘zgarish qonunlarini o‘rganadi. Ijtimoiy statika – odam organizmining tuzilishiga o‘xshab
ketadigan jamiyat «anatomiyasi»dir. Kont jamiyatda oila, din, davlat kabi muhim institutlarni
farqlaydi. U jamiyat rivojlanishining uch bosqichi qonunini ta’riflaydi. Mazkur bosqichlar
insoniyat aqliy rivojlanishining uch bosqichiga mos keladi: teologik bosqich (u qadimgi davr va
ilk O‘rta asrlarni qamrab oladi va XIII asrda tugaydi), metafizik bosqich (XIV-XVIII asrlar) va
pozitiv bosqich (XIX asrda boshlanadi).