Jamiyatning moddiy hayotiga quyidagilar kiradi:
- kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy shart-sharoitlar;
- oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg‘i, kommunikasiya vositalari;
- moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish;
- ishlab chiqarish jarayonida kishilar o‘rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui;
- moddiy boyliklar, tabiiy zaxiralar.
Jamiyatning ma’naviy hayotiga olamni tushunish, jamiyat va inson to‘g‘risidagi qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar, g‘oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, ta’lim-tarbiya, axborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari va boshqalar kiradi.
Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini boshqarish, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o‘rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-huquqiy jihatlari ham muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o‘zlashtirilishi jamiyatning barqaror yashashi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat rivoji, kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilishida mehnat, mulk va mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi beqiyos ahamiyatga ega. Mehnatning kishilarning qobiliyatiga qarab ijtimoiy taqsimlanishi natijasida muayyan kasb-kor bilan shug‘ullanadigan toifalar, guruh, qatlam va sinflar vujudga keladi va ular jamiyat strukturasida o‘ziga xos o‘rin egalaydi, jamiyat taraqqiyotiga muayyan hissa qo‘shadi.
Jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Hegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog‘lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Fransuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o‘zgarishlar bilan bog‘lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va xato ekanini ko‘rsatdi.
Jamiyat taraqqiyoti ko‘p bosqichli jarayon ekani to‘g‘risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko‘ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida sivilizasiyali yondashuv g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko‘ra har bir xalq o‘zining betakror, noyob, o‘ziga xos va o‘ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o‘ziga xos modelini yaratadi.
Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo‘lgani kabi, jamiyat ham o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi.
Dostları ilə paylaş: |